Toʻrtkoʻllik “Tengiz”lar...

16:05 07 Fevral 2025 Jamiyat
274 0

Gʻayrat Otajonov/“Xalq soʻzi”. “Qoraqalpoqfilm” kinostudiyasi tomonidan suratga olingan “Tengiz” filmi baxtsiz hodisa sabab poyezd ostida qolib nogironga aylangan ayolning keyingi hayoti haqida hikoya qiladi. Filmda 3 ta ayolning ayanchli taqdiri tasvirlangan. Qoraqalpogʻistonning Moʻynoq tumanida olingan. Orolboʻyining eng olis, chekka ovullarida turmush mashaqqatlarini yengib yashayotgan Tengizlar koʻp.

Tengiz obrazining prototiplaridan biri Toʻrtkoʻllik Salomat Oʻrunbayeva hayotidagi ogʻir mashaqqatlarni yengib, davlatimiz yordami bilan katta yoʻlga chiqqan irodasi mustahkam zamondoshlarimizdan biridir. U ikkinchi guruh nogironligi sababli “Ayollar daftari”da roʻyxatda turardi. Roʻzgʻoriga foyda keltirish istagi bilan mahalladoshlaridan buyurtma qabul qilib, koʻrpa va koʻrpachalar tikardi. Mijozlaridan biri mahallasida paxta titish sexi yoʻqligini aytganda, Salomat opa ushbu sexni oʻzi tashkil etishga kirishdi.

— Ha, davlatimizning qoʻllovi bilan paxta titish sexini uyimizda ochishga erishdik, — deydi Salomat Oʻrunbayeva. — Yoshligimdan bichish-tikishga qiziqardim. Bir necha yillar davomida ayollar kiyimini tikib kelganman. Momolarimiz gul qoʻyib tikishgan koʻrpalariga havas qilib, shu kasbni oʻrgandim. Yurtimizda xotin-qizlar bandligini taʼminlashga qaratilgan eʼtibor tufayli menga Xalq banki tomonidan 33 million soʻm imtiyozli kredit ajratildi. Ming shukrki, mustahkam irodam va halol mehnatim bilan oʻz hayotimni oʻzgartirishga erishdim. Bir paytlar qoʻlda tikishni boshlagan boʻlsam, bugun zamonaviy tikuv mashinalari yordamida buyurtmalarni oʻz vaqtida egalariga yetkazayapman. Eng asosiysi, oʻzim tanlagan hunar ortidan daromad manbaiga ega boʻldim. Agar “Ayollar daftari”dan chiqmay, kam boʻlsa ham nafaqam bor, deya harakat qilmaganimda, hozir mahallamizdagi 8 ta ishsiz ayollar qatorida boʻlardim. Kelgusida tadbirkorlik faoliyatimni kengaytirish niyatim bor.

— Men ham roʻzgʻorimga moddiy tomondan hissa qoʻshgim kelardi, — deydi Nukus shahridagi “Shadli ovul” mahallasidagi Muyassar Xolmuradova. — Qoʻlimda daromad, qiladigan ishim yoʻq edi. Mahallamizda ishsiz ayollarni bandligini taʼminlash maqsadida kredit berilishi haqida eshitdim. Shu tariqa parrandachilik bilan shugʻullanish uchun olgan kredit mablagʻlarim hisobidan 80 ta tovuq oldim. Ularni parvarishlab koʻpaytirdim. Ayni paytda tuxumlarini sotishdan tushgan daromad roʻzgʻorimizning kam-koʻstini toʻldirib turibdi. Yaqinda subsidiya asosida tikuv mashinasi berildi. Oldindan tikuvchilikdan xabarim bor. Koʻp oʻtmay “yangi chevar” nomimiz chiqib, buyurtmalarimiz koʻpaydi.

— Mahalladagi 30 yoshdan 60 yoshgacha boʻlgan 762 nafar ayollarning 97 nafari “Ayollar daftari”ga kiritilgandi, — deydi Toʻrtkoʻl tumanidagi “Navoiy” mahalla fuqarolar yigʻinining xotin-qizlar faoli Malohat Begliyeva. — Ularning 3 nafariga subsidiya asosida turli jihozlar berilib, bandligi taʼminlandi. 5 nafariga imtiyozli kreditlar ajratildi. Eʼtiborlisi, oldin oʻzi ishsiz boʻlgan ayollar orasida boshqalarni ham ishli qilayotganlari, tadbirkorlik faoliyatini boshlab kengaytirayotganlari ham bor.

Biz yuqorida bejiz “Tengiz” filmini keltirmadik. Tengiz obrazi bugun nafaqat nogironligi bor, balki toʻrt muchasi sogʻ boʻla turib ogʻir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan koʻplab insonlarga gʻoyibona kuch-gʻayrat berib turibdi. Buni tadbirkorga aylangan, yoshlarga ibrat boʻlayotgan, irodali va matonatli toʻrtkoʻllik Tengizlar misolida ham koʻrish mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?