Sobiq ittifoq davrida qatag‘on qilingan 208 nafar o‘zbekistonlik oqlandi

14:03 20 Aprel 2023 Jamiyat
1207 0

Foto: Xalq so'zi

Yurtimizda keyingi yillarda tarixiy haqiqat va adolatni tiklash, mustabid tuzum davrida nohaq ayblangan, quvg‘in va qatag‘onga duchor etilgan ajdodlarimiz nomini oqlash borasida keng ko‘lamli sa’y-harakatlar olib borilayotir. 

Ayni jarayonda Prezidentimizning 2020 yil 8 oktyabr kungi “Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishi muhim dasturilamal bo‘lmoqda. 

Farmoyish ijrosini ta’minlash maqsadida qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish, ular xotirasini abadiylashtirish ishlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi tashkil etilgan bo‘lib, buning uchun tegishli vazirlik va idoralar arxivlaridan foydalanish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish jarayonida aniqlangan, ayrim sabablarga ko‘ra reabilitasiya qilinmagan qatag‘on qurbonlari nomlarini oqlash yuzasidan tegishli tartibda takliflar kiritish belgilandi.

Shu yilning 19 aprel kuni Oliy sudda navbatdagi sud majlisi o‘tkazildi. 

- O‘tgan davr mobaynida sobiq tuzum davrida nohaq qatag‘on qilingan 408 nafar hamyurtlarimizni reabilitasiya qilib, ularni oqlash bo‘yicha 16 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqildi, - deydi Oliy sud sudyasi Sardor Toganov. – Bugun 3 ta jinoyat ishi doirasida yana 208 nafar shaxsga nisbatan Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasining oqlov hukmi chiqarildi. Umuman olganda, shu kungacha 19 ta jinoyat ishi bo‘yicha 616 nafar qatag‘on qurbonlari oqlanishiga erishildi.

Ta’kidlash o‘rinliki, ezgu tashabbus doirasida keyingi yillarda mamlakatimizning 13 ta oliy ta’lim muassasalari qoshida “Qatag‘on qurbonlari” muzeylari tashkil etildi. Bu borada olib borilgan izlanishlar, ilmiy-tadqiqot ishlari samarasi tufayli 14 ta xotira kitobi chop etildi.

- Bu tarixiy haqiqat va adolat tantanasidir,-deydi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Qatag‘on qurbonlari” davlat muzeyi direktori, tarix fanlari doktori, professor Baxtiyor Hasanov. – Buni qarangki, nomi oqlanayotgan qatag‘on qurbonlarining o‘rtacha yoshi 20-25 yoshda. Milliy ozodlik yo‘lida jon fido qilganlar orasida 16-18 yoshli yigit-qizlarning ham borligi naqadar ayanchlidir. Ular g‘animga qarshi ayovsiz kurashgan, o‘z hayotini milliy va diniy qadriyatlarimizni asrashga baxshida etgan asl vatanparvarlar bo‘lgan.

Bugungi kunda ayni yo‘nalishdagi ishlarni izchil davom ettirib, adolatsiz hukm qilingan, umri bevaqt xazon bo‘lgan qatag‘on qurbonlarini aniqlash hamda tarixiy haqiqat to‘liq qaror topishiga erishish tarixchi olimlar, ilmiy tadqiqotchilar, keng jamoatchilikning ustuvor vazifasi sifatida belgilangan.

TO'LIQ RO'YXAT

Botir Madiyorov, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер