Samarqandda maktabgacha taʼlim tizimi uchun yangi Markaz ish boshladi

12:46 29 May 2025 Jamiyat
87 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Bugun Samarqandda Pedagogik mahorat markazi huzurida tashkil etilgan Maktabgacha taʼlim pedagoglari malakasini oshirish markazining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda mamlakatimizda mehmon boʻlib turgan BMT Bolalar jamgʻarmasi (UNICEF) ijrochi direktori Ketrin Rassel, Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova, Vazirlik hamda xorijiy tashkilot vakillari, viloyat hokimligi masʼullari ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida taʼlim sohasidagi amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan pedagogik kadrlar malakasini oshirish tizimi transformatsiyasi haqida taqdimot qilindi.

Ushbu markaz Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Islom taraqqiyot banki va UNICEF hamkorligida amalga oshirilayotgan “Oʻzbekiston Respublikasida sifatli maktabgacha taʼlimdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi doirasida tashkil etildi.

— UNICEF tomonidan biz Islom taraqqiyot bankining maktabgacha taʼlimga qaratilgan mazmunli va sezilarli sarmoyasini qoʻllab-quvvatlaymiz. Bunday sarmoyalar mamlakatlar uchun katta daromad keltiradi, — deydi UNICEFning Ijrochi direktori Ketrin Rassel xonim. — Biz pedagog kadrlar taʼlimdagi har qanday muvaffaqiyatli islohotning markazida ekaniga qatʼiy ishonamiz.

Loyiha doirasida Respublikamizda 11 ta shunday Markazlar tashkil etilishi rejalashtirilgan boʻlib, bu kelgusida maktabgacha taʼlim tizimida faoliyat yurituvchi pedagog kadrlar hamda direktorlar uchun bevosita oʻz hududida malaka oshirish imkonini beradi.

— Pedagogik mahorat markazlari maktabgacha taʼlim tizimini tubdan isloh qilishda muhim rol oʻynaydi, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri Hilola Umarova. — Ular nafaqat oʻqituvchilarning kasbiy rivojlanishini taʼminlaydi, balki mamlakatimizning eng yosh fuqarolari uchun sifatli taʼlimning barqarorligini ham kafolatlaydi.

Darhaqiqat, tashkil etilayotgan hududiy pedagogik mahorat markazlari maktabgacha taʼlim tajribasi bilan bevosita bogʻliq boʻlgan nazariy va amaliy faol pedagogikani taklif etadi. Ular maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyachilari malakasini oshirish sifatini yaxshilash, jumladan, multimedia va aralash taʼlimdan foydalanish kabi yangi zamonaviy metodika va yondashuvlarni chuqur joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер