Samarqandda CITES CoP20 konferensiyasining rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi

15:24 24 Noyabr 2025 Jamiyat
380 0

Samarqandda Yoʻqolib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlarining noqonuniy savdosiga qarshi kurash toʻgʻrisidagi Konvensiya (CITES) 20-konferensiyasi oʻz ishini boshladi.

Xalqaro anjumanning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari boʻyicha maslahatchisi - Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov va CITES Bosh kotibi Ivonn Iguyerolar soʻzga chiqdi.

Qayd etilganidek, “CITES CoP20” tashkilotning 50-yilligiga bagʻishlangan tarixiy lahza boʻlib, unda tabiat va inson birgalikda rivojlanadigan kelajakni shakllantirishga eʼtibor qaratiladi.

Mazkur konferensiyaning Samarqandda oʻtkazilishi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam boʻlib, mamlakatning yovvoyi tabiatni asrash va barqaror tabiiy resurslardan foydalanish borasidagi qatʼiy pozitsiyasini tasdiqlaydi.

Forumda 184 mamlakatdan va Yevropa Ittifoqidan 3000 dan ortiq ishtirokchi, jumladan, davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, ilmiy hamjamiyat va nodavlat sektori vakillari ishtirok etmoqda. Asosiy eʼtibor bioxilma-xillikni saqlash boʻyicha global chora-tadbirlarni kuchaytirishga, yoʻqolib borayotgan turlarni muhofaza qilish boʻyicha xalqaro savdoni tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirishga va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilyapti.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda yovvoyi tabiatni himoya qilish va noqonuniy savdoga qarshi kurashishda kompleks islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, bir necha kun oldin Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tarixiy farmon imzoladi, unda milliy ekologik boshqaruvni isloh qilish va mustahkamlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilandi. Ushbu farmonga muvofiq, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi Prezident va Senat oldida hisobdor boʻladi. Qoʻmitaga “Bio-meros”, “Yashil makon”, “Ekologik madaniyat”, “Toza havo” va “Chiqindisiz hududlar” kabi milliy tashabbuslarni amalga oshirish vazifasi yuklatildi. Shuningdek, Ekopolitsiya va atrof-muhit monitoringi markazi tashkil etilib, yovvoyi hayvonlar noqonuniy savdosi, ekologik jinoyatlar va flora hamda faunaga oid huquqbuzarliklarga qarshi kurashish uchun keng vakolatlar berildi.

Anjumanda kelajakdagi hamkorlik haqida gapirilar ekan, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni rivojlantirish uchun “Samarkand AI-Hub” maslahat platformasini yaratish, shuningdek, noqonuniy yovvoyi tabiat aylanmasiga qarshi sanksiyalarni muvofiqlashtirish va javobgarlik choralarini kuchaytirish mexanizmini ishlab chiqish kabi bir qator tashabbuslar taklif qilindi.

5-dekabrga qadar davom etadigan “CITES CoP20” doirasida yovvoyi tabiatni himoya qilish boʻyicha xalqaro saʼy-harakatlarni kuchaytirishga qaratilgan koʻplab yalpi yigʻilishlar, Konvensiya ilovalariga oʻzgartirishlar muhokamasi, tematik tadbirlar va yuqori darajadagi uchrashuvlar boʻlib oʻtadi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?