Oʻzbekistonning yangi elchisi Singapur Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

18:01 30 Aprel 2024 Siyosat
368 0

Oʻzbekistonning yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor Elchisi Alisher Qayumov Singapur Prezidenti Tarman Shanmugaratnamga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Oʻzbekiston elchisi sharafiga “Istana” hukumati qarorgohida faxriy qorovul saf tortdi.

Singapur Prezidenti bilan suhbat chogʻida 2023-yilda amalga oshirilgan oliy darajadagi oʻzaro tashriflardan soʻng alohida jadallik kasb etgan koʻp qirrali Oʻzbekiston—Singapur hamkorligining bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Singapur rahbari Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholab, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimizda kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, ochiq va muvozanatli tashqi siyosat yuritish, barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash borasida salmoqli yutuqlarga erishilganini taʼkidladi.

Oʻzbekistonning xalqaro biznes, jumladan, singapurliklar uchun jozibadorligi tobora ortib borayotgani, buning yaqqol isboti sifatida Singapur parlamenti spikeri boshchiligidagi va 25 dan ortiq ushbu davlat kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiyasi boʻlajak Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishi taʼkidlandi.

Suhbat yakunida Singapur Prezidenti ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash va rivojlantirish borasidagi saʼy-harakatlarga har tomonlama hissa qoʻshishga tayyorligini bildirdi, shuningdek, Oʻzbekiston rahbariyati va xalqiga oʻzining ezgu tilaklarini yoʻlladi.

Eslatib oʻtamiz, Alisher Qayumov Singapurga mart oyi oʻrtalarida tashrif buyurgan edi. U Oʻzbekistonning Singapurdagi (2018–2024) va Avstraliyada (2022–2024) oʻrindoshlik asosidagi elchisi (qarorgohi Singapurda) boʻlib ishlagan Qahramon Shokirov oʻrniga tayinlandi. Yangi elchi Singapurga tayinlanishidan oldin Oʻzbekistonning Germaniyadagi elchixonasida maslahatchi boʻlib ishlagan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?