“Oʻzbekiston – 2030”: Davlat va fuqarolik jamiyati oʻrtasidagi hamkorlik kengaymoqda
Bugun, 2-dekabr kuni Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish va uning ijrosini taʼminlashda nodavlat notijorat tashkilotlarning oʻrni” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Tadbir “Fuqarolik jamiyati haftaligi” doirasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi hamkorligida tashkil etilgan boʻlib, unda davlat organlari, vazirlik va idoralar, NNTlar, xalqaro tashkilotlar va OAV vakillari ishtirok etdi.
Qayd etish joiz, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi mamlakat taraqqiyotining asosiy yoʻnalishlarini belgilab beruvchi, inson manfaatlari va jamiyatning barcha qatlamlarini qamrab olishga qaratilgan muhim hujjat hisoblanadi. Prezidentning 2023-yil 11-sentyabrdagi “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi toʻgʻrisida” PF-158-son Farmonida fuqarolik jamiyati institutlarini strategiyaning amalga oshirilishiga keng jalb etish, monitoring jarayonida ishtirokini taʼminlash alohida qayd etilgan.
Shu munosabat bilan NNTlarning — jamiyatdagi faol, mustaqil, tashabbuskor institut sifatidagi oʻrni yanada ortmoqda. Davra suhbatida mazkur hamkorlikni mustahkamlash, hamkorlik mexanizmlarini aniq belgilash va kelgusi qadamlar boʻyicha amaliy takliflar ishlab chiqildi.

Tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi — xalq strategiyasi ekani, islohotlarning markazida inson manfaati turishi lozimligi, jamiyat fikri, fuqarolar nazorati va NNTlar faoliyati strategiya ijrosini baholashda muhim mezon ekani, davlat va jamiyat oʻrtasidagi ochiq muloqotni kuchaytirish bugungi kunning eng muhim talabi ekani yuzasidan fikr yuritdi.
“ Islohotlar markazida inson turgan joyda strategiya muvaffaqiyatli boʻladi. Hozirgi global sharoitda hech bir davlat islohotlarni yolgʻiz amalga oshira olmaydi. Davlat va jamiyat oʻrtasidagi hamjihatlik, ochiq muloqot va oʻzaro ishonch — samarali boshqaruvning asosiy mezoniga aylandi. Shu bois, fuqarolik jamiyati institutlarining roli bugun amaliy davlat siyosatining oʻzagidir.
Huquqiy demokratik davlat qurishda fuqarolik jamiyatining oʻrni zamon talabi. Davlat boshqaruvining samaradorligi endi faqat ichki jarayonlarga emas, balki davlatning qay darajada eshitishi, tushuntirishi va hisobdor boʻlishiga bogʻliq”, dedi Eldor Tulyakov.
Tadbir davomida strategiyadagi maqsad va koʻrsatkichlarning izchil, sifatli va oʻz vaqtida bajarilishi yuzasidan samarali jamoatchilik nazoratini oʻrganish maqsadida ishga tushirilgan maxsus onlayn portal – “uzbekistan2030.uz” haqida ham maʼlumot taqdim qilindi.
Taʼkidlanganidek, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan yuritiladigan ushbu platforma orqali aholi Strategiya va Davlat dasturlarining ijrosi, shuningdek, har bir maqsad va koʻrsatkichlar yuzasidan oʻz fikr-mulohazalari hamda takliflarini bildirish imkoniyatiga ega. Oʻz navbatida, Markaz xodimlari barcha taklif va tashabbuslarni umumlashtirib har oyda Respublika komissiyasiga taqdim etib boradi.
Shuningdek, har yili BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uygʻun holda strategiyaning amalga oshirilishi tahlil qilinib, jamoatchilikka eʼlon qilinadi. Tadbirda mazkur platforma taqdimoti oʻtkazilib, uning imkoniyatlari, jamoatchilik fikrini taqdim etishi, Strategiya va Davlat dasturlari ijrosi haqidagi ochiq maʼlumotlar, fuqarolar fikrini toʻplash mexanizmi va loyihalarning batafsil statistik maʼlumotlarini eʼlon qilib borilishi tartiblari haqida maʼlumotlar berildi.

Davra suhbatida ishtirok etgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari Mavludaxon Xoʻjayeva oʻz nutqida mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida mustaqillik yillaridan buyon yaratilgan huquqiy baza, 2016-yildan boshlangan yangi rivojlanish bosqichi, Prezident farmonlarining ahamiyati, qonun ijodkorligi va parlament nazoratida fuqarolik jamiyati instituti ishtirokining kengayishi, shuningdek, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi ijrosini taʼminlash, qonunlar sifatini oshirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va ijtimoiy faollikni oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida toʻxtalib oʻtdi.
“Parlament va fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasidagi konstruktiv muloqot va hamkorlikni kengaytirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Bugungi kunda bu borada faoliyatimizning tashkiliy-amaliy mexanizmlari yaratilgan.
Jumladan, Qonunchilik palatasining har bir qoʻmitasi huzurida Jamoatchilik kengashlari tashkil etilgani fuqarolik jamiyati institutlarining norma ijodkorligi va parlament nazorati jarayonlaridagi ishtirokini yanada kengaytirdi”, dedi Spiker oʻrinbosari.
Shuningdek, tadbir davomida vazirlik va idoralar vakillari ham soʻzga chiqib “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi va Davlat dasturlari ijrosi doirasida bajarilayotgan islohotlar va ularning xalqimiz hayotidagi ahamiyati xususida fikr yuritdi.
Xususan, energetika sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, “yashil energetika” loyihalari va mazkur jarayonda jamoatchilik hamkorligining ahamiyati, aholi oʻrtasida energiya tejamkorligi boʻyicha olib borilayotgan ishlar, NNTlar bilan amalga oshirilgan ekologik va ijtimoiy loyihalar, “Yashil makon” umummilliy loyihasining jamoatchilik ishtirokida amalga oshirilishi, atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik madaniyatni oshirishda NNTlarning qoʻllab-quvvatlovchi roli, ekologik vaziyatni yaxshilash boʻyicha keng qamrovli yangi tashabbuslar, suv resurslarini tejash madaniyatini oshirish, NNTlar bilan suv resurslarini boshqarish boʻyicha qoʻshma loyihalar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Davra suhbati yakunida NNTlar uchun yangi grant mexanizmlarini shakllantirish, davlat organlari bilan oʻzaro axborot almashinuvini takomillashtirish, jamoatchilik nazoratining huquqiy asoslarini yanada kuchaytirish, ekologik va ijtimoiy dasturlarda NNTlar ishtirokining samaradorligini oshirish, Oʻzbekistonning milliy strategiyalarini amalga oshirishda xalqaro tajribadan foydalanish boʻyicha fikrlar ilgari surildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Inson Faxri” milliy mukofoti sohiblari taqdirlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring