Oilamizning ishonchli qalqoni

12:29 02 Dekabr 2025 Jamiyat
165 0

Dunyo davlatlarining konstitutsiyaviy tajribalari oʻrganib chiqilganida, bizning Konstitutsiyamiz xalqchilligi bilan alohida eʼtirof etilgan. Binobarin, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi muqaddimasidanoq “Oʻzbekistonning yagona xalqi” jumlasi bilan boshlanadi. Shuning oʻzi konstitutsiyamizning xalq hokimiyati bilan bogʻlanganini bildiradi. Boshqa davlatlar konstitutsiyalarida uchramaydigan, oʻziga xos yana bir jihati borki, bu jamiyatning asosiy boʻgʻini boʻlmish – oila, bolalar hamda yoshlar bilan bogʻliq alohida XIV bob kiritilganidir. Jami 5 ta modda – 76-80-moddalarda Oʻzbekiston xalqining ananavaiy oilaviy qadriyatlari, ota-onalar va farzandlarning huquq va burchlari, oila, onalik, otalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinishi, yoshlarning shaxsiy, ijtimoiy, intellektual, ijodiy, axloqiy va jismoniy jihatdan rivojlanishi kabi bir qator huquqlari kafolatlari belgilangan. Milliy davlatchiligimiz tarixida ayolga, eng avvalo, ona, avlodlar va qadriyatlar davomiyligini taʼminlovchi moʻtabar zot, millat tarbiyachisi, oilada totuvlik, inoqlik, osoyishtalik muhitini yaratuvchi shaxs sifatida qaralgan.

Keyingi yillarda mamlakatimizda gender tenglikka alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jamiyatda ayollarning nafaqat oila bekasi, balki ijtimoiy-siyosiy jarayonlarning muhim ishtirokchisi sifatidagi faoliyati ham qoʻllab-quvvatlanmoqda. Ayol oʻzining ham huquqiy, ham amaliy himoyalanganini his qila olsagina oilasida totuvlik, ishida baraka boʻladi. Farzandlarini tarbiyalashda onalik mehri bilan, barcha yumushlarini bajarishda koʻngil toʻqligi bilan jamiyat rivoji yoʻlida chuqur bilimi, salohiyati va tashabbuskorligini koʻrsata olishi uchun kuch oladi, ilhomlanadi.

Konstitutsiyamizda xotin-qizlarning bu boradagi huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini taʼminlash masalasiga eʼtibor qaratilgan boʻlib, jumladan, 42-moddaning uchinchi qismida: “Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan boʻshatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi”, deb belgilandi.

Ayollarning jamiyatda boshqaruvchi sifatidagi roli ham kuchaymoqda. Ularga ishonch va imkoniyatlar berilmoqda. Shubhasiz, yuksak iqtidor va qobiliyatga ega boʻlgan opa-singillarimizga koʻrsatilayotgan bunday eʼtibor va ishonch ularga kuch-gʻayrat bagʻishlaydi, davlatning, jamiyatning teng huquqli vakilasi sifatida shijoat bilan ishlashga undaydi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 58-moddasida endi bu jarayonlar mustahkam qonuniy asosga ega boʻldi. Ushbu moddada “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar. Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek, jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalari teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlaydi”, deb mustahkamlab qoʻyildi.

Eʼtiborli jihati, Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat sifatida eʼtirof etildi. Yaʼni davlat fuqarolarning bandligini taʼminlaydi, ishsizlikdan himoya qiladi, kambagʻallikni qisqartirish choralarini koʻradi. Ijtimoiy davlat sifatida belgilanishining yana bir isboti – har kimning uy-joyli boʻlish huquqi belgilab qoʻyildi. Ushbu normaning amal qilishi har bir fuqaro, jumladan, yosh oilalarning oʻz boshpanasiga ega boʻlishini taʼminlab, kishilarning hayotdan rozilik darajasini oshiradi.

Bosh Qomusimizda aks etgan xotin-qizlar, oila, bolalar va yoshlar huquqlari bilan bogʻliq har bir band – ham milliy qadriyatlarimizga, mentalitetimizga, ham inson huquqlari va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini taminlash sohasidagi xalqaro meʼyorlarga mosdir. Inson manfaatlari ustuvor boʻlgan erkin demokratik jamiyatda yashar ekanmiz, avvalambor, Bosh Qomusimizning har bir moddasini oʻrganish barchamizning muqaddas burchimizdir. Zero, eng katta baxtimiz bu oilamiz boʻlsa, xalqimizning eng muhim hujjati – Konstitutsiyadir.

Dilnavoz SAIDOVA,

Sirdaryo viloyati Oila va xotin-qizlar

boshqarmasi matbuot kotibi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?