Nukusda Qoraqalpoq tili bayrami va davlat tili maqomining 36 yilligi tantanali nishonlandi
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida 1-dekabr — Qoraqalpoq tili bayrami va qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilganining 36 yilligiga bagʻishlangan bayram kechasi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpogʻiston boʻlimi professorlari, oliy taʼlim muassasalarining olimlari, institut professor-oʻqituvchilari, yosh tadqiqotchilar va talabalar ishtirok etdilar.

Bayram kechasi institutning yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori Quvondiq Qodirov boshqarib bordi.
Tadbirda qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilish tarixi, turkiy tillar tizimida qoraqalpoq tilining oʻrni, bugungi kunda uchrayotgan muammolar va ularning yechimlari, qoraqalpoq tili rivojlanishining huquqiy asoslari, internet makonida tilni takomillashtirish masalalariga bagʻishlangan maʼruzalar tinglandi.

— Hozirgi vaqtda dunyoda olti mingdan ziyod tillar mavjud boʻlsa-da, ularning atigi 170 dan ortigʻi davlat tili maqomiga ega, — deydi Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Gulistan Dauletova. — Ular orasida qoraqalpoq tilining ham borligi bizni quvontirib, iftixor bagʻishlaydi.
Uning taʼkidlashicha, qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqning oʻzligini anglashi, mustaqil hayot kechirishi va ajdodlardan meros boʻlib kelayotgan milliy qadriyatlarni asrab-avaylab, kelajak avlodlarga yetkazish yoʻlidagi muhim tarixiy qadam boʻldi.

Mustaqillik yillarida qoraqalpoq tilini milliy xususiyatlarini saqlagan holda rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini yangi bosqichga koʻtarish, uning jahon tillari qatoridagi obroʻ-eʼtiborini oshirish borasida koʻplab yutuqlar qoʻlga kiritildi. Shuning yorqin namunasi sifatida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va Vazirlar Kengashi qoʻllab-quvvatlashi bilan “Qoraqalpoq tilining izohli lugʻati”ning VII jildi nashr etilgani taʼkidlandi.
Tadbir doirasida bayram munosabati bilan madaniy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etishda faol qatnashgan professor-oʻqituvchilar va talaba-yoshlarga faxriy yorliqlar hamda bayram sovgʻalari topshirildi.
Bayram kechasi institutning “Toʻmaris” xalq ansambli hamda Filologiya fakultetining iqtidorli talabalari ishtirokidagi konsert dasturi bilan davom etdi.
Gʻayrat OTAJONOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring