Notariuslikka talabgorlar uchun yagona tanlov oʻtkazish tartibi belgilandi

17:20 11 Fevral 2026 Hujjatlar
596 0

Adliya vazirligi Notariuslikka talabgorlar uchun yagona tanlov oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni davlat roʻyxatidan oʻtkazdi. Bu haqida “Huquqiy axborot” Telegram-kanali xabar berdi.

Unda aytilishicha, yagona tanlov Adliya vazirligi huzuridagi Oliy malaka komissiyasi hamda Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan notarius lavozimi boʻsh boʻlgan yoki yangi notarius lavozimi taʼsis etilganda oʻtkaziladi.

Yagona tanlov 2 bosqichda (test sinovlari va amaliy imtihon) oʻtkazilishi belgilangan boʻlib, uni oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlon “Inson va qonun” gazetasi va Vazirlikning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.

Yagona tanlovning 1-bosqichi Adliya vazirligi tomonidan talabgorlarning roʻyxati Agentlikka taqdim etilgan kundan boshlab 10 kundan soʻng, biroq 15 kundan kechiktirmay oʻtkaziladi. Talabgorlar Agentlikning elektron platformasi orqali davlat va jamiyat boshqaruvi, korrupsiyaga qarshi kurashish, fuqarolik huquqi, notariat va vorislik huquqi boʻyicha test sinovini (40 ta test) topshiradi (60 daqiqa vaqt ajratiladi).

Test sinovida 55 balldan yuqori toʻplagan talabgor muvaffaqiyatli oʻtgan hisoblanadi hamda yagona tanlovning 2-bosqichidan oʻtolmagan taqdirda ham 1-yil davomida test sinovini qayta topshirish talab etilmaydi.

Shuningdek, 2-bosqichda talabgorlar elektron platformada notarial harakatlar loyihalarini tayyorlash va muammoli masalaga (kazusga) javob berish (tayyorlanishga 20 daqiqa vaqt ajratiladi) boʻyicha sinovdan oʻtadi.

2-bosqich natijasi boʻyicha toʻplangan ball eng yuqori ballning 55 foizidan yuqori boʻlganda yagona tanlovdan oʻtgan hisoblanadi. Mazkur hujjat 2026-yil 1-apreldan eʼtiboran kuchga kiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?