Namanganda birinchi koʻp qavatli avtoturargoh bitkazilmoqda

11:47 02 Dekabr 2025 Jamiyat
133 0

Bunday inshootlarni barpo etish aholisi bir millionga yaqinlashayotgan va shunga yarasha transport vositalari ham koʻpayib borayotgan shahar uchun allaqachon zarur ehtiyojga aylangan edi. Viloyat markazining “Jahon bozori” hududida olib borilayotgan qoʻp qavatli avtoturargoh qurilishi masala yechimida ilk qadam boʻldi. “Asr Steel Group” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan tiklanayotgan obyektning loyiha qiymati 30 mlrd. soʻm boʻlib, hozirga qadar qurilish ishlarining 80 foizi bajarildi.

- Quruvchilar ayni paytda soʻnggi bosqichdagi ishlarni amalga oshirmoqdalar,-deydi viloyat hokimining oʻrinbosari Gʻofurjon Jamolov. – U bitkazilishi bilan bir paytning oʻzida 400 ta avtomobilni qulay sharoitlarda joylashtirish imkoniyati yaratiladi. Bu yerda haydovchilar uchun boshqa sharoit ham boʻladi — binoning birinchi qavatida avtoehtiyot qismlari bilan savdo qiluvchi shoxobchalar ish boshlaydi.

Maʼlumot uchun: 400 ta avtomobil ochiq joyda toʻplansa, qariyb 1,5 gektar maydonni egallaydi. Qurib bitkazilayotgan inshoot band etgan joy esa undan koʻp baravar kichik. Namangan uchun bu kabi koʻp qavatli avtoturargohlar katta ahamiyatga ega ekanligini hisobga olib, boshqa bozorlar atrofida ham shunday loyihalarni joriy etish rejalari ishlab chiqiladi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?