Mbappe bir masalada “Real Madrid” tarixidagi eng zoʻri boʻldi

09:00 12 May 2025 Sport
245 0

Fransiyalik hujumchi Kilian Mbappe “El-Klasiko”da “Barselona” darvozasiga kiritgan xet-trigi bilan “Real Madrid” tarixiga kirdi. U joriy mavsumda “Real” safida debyut qilgan futbolchilar orasida eng koʻp gol urgan oʻyinchiga aylandi — 53 oʻyinda 39 ta gol. Bu natija bilan u 32-yil avval oʻrnatilgan Ivan Zamoranoning 37 gollik rekordini yangiladi.

Katalonlarga qarshi boʻlib oʻtgan oʻyinda Mbappe “Real”ning yagona toʻpurariga aylandi. U avval penaltidan gol urdi, soʻngra raqibning yuqori chizigʻidan foydalanib, ikkita ajoyib gol bilan xet-trikni rasmiylashtirdi. Garchi bu xet-trik jamoaga gʻalaba olib kelmagan boʻlsa-da, Mbappe klub tarixida oʻchmas iz qoldirdi.

Mbappe oʻz debyut mavsumida nafaqat Zamorano, balki “Real” tarixidagi eng buyuk toʻpurarlardan biri — Krishtianu Ronalduni ham ortda qoldirdi. Ronaldu 2009–10-yilgi debyut mavsumida 33 ta gol urgan edi. Ruud van Nistelrooy (2006–07) ham shuncha gol bilan debyut qilgan. Yana bir afsona — Ronaldo Nazario 30 ta gol bilan debyut mavsumini yakunlagan edi.

Mbappe hozirda La Liganing “Pichichi” (toʻpurarlar) poygasida ham yetakchilik qilmoqda. U 27 ta liga goli bilan “Barselona” hujumchisi Robert Levandovskidan 2 ta gol oldinda bormoqda. La Liga chempionligi qoʻldan ketgan taqdirda ham, bu yutuq Mbappe uchun katta shaxsiy mukofot boʻladi.

Fransiyalik futbolchi bu mavsumda barcha musobaqalarda gol urishga ulgurgan. U Yevropa Chempionlar Ligasi (7 ta gol), UYEFA Superkubogi, FIFA Qitʼalararo kubogi, Ispaniya Superkubogi va Ispaniya Kubogida ham gol muallifi boʻlgan. Faqat Karim Benzema bilan birga Mbappe “Real” safida bir mavsumda oltita musobaqada gol urgan futbolchilar safidan joy oldi.

Mbappe “Real”dagi ilk mavsumidanoq tarixiy yutuqlarga erishmoqda. Agar u klubdagi faoliyatini shunday davom ettirsa, yaqin yillarda yana koʻplab rekordlar yangilanishi tayin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?