Koreya Respublikasi bilan yashil texnologiyalarni joriy etish va boshqa muhim masalalar muhokama qilindi

15:23 01 Noyabr 2023 Siyosat
256 0

Joriy yilning 19-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya vaziri oʻrinbosari Jusipbek Kazbekov va Koreya Respublikasining Atrof-muhit vaziri Xan Xva Jin oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Muzokaralar chogʻida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirish istiqbollari koʻrib chiqildi. Xususan, Oʻzbekiston Koreya Respublikasini muhim strategik hamkor sifatida bilishi taʻkidlandi. 

Shuningdek, bioxilma-xillikni saqlash, chiqindilarni qayta ishlash va Orol dengizining qurigan tubini tiklash masalalari koʻrib chiqildi. Bundan tashqari, 2010-yilda Hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum imzolanganidan buyon ikki davlat oʻrtasida samarali hamkorlik rivojlanib borayotgani qayd etildi. 

Uchrashuv davomida, shuningdek, mazkur yilning may oyida Koreya Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi hukumatlari oʻrtasida ekologiya boʻyicha doiraviy bitim imzolangani taʻkidlandi.

Qolaversa, Oʻzbekistonda Global yashil oʻsish instituti (GGGI) vakolatxonasi tashkil etilganligi, Oʻzbekiston delegatsiyasining Pusandagi “Global Green Hub” tadbirlarida ishtiroki alohida qayd etildi.

Uchrashuv davomida “Sejin G&E So., Ltd.” kompaniyasi ishtirokida Ohangaronda maishiy chiqindilar poligonida hosil boʻladigan chiqindi gazidan elektr energiya ishlab chiqarish 
va Koreya atrof-muhit sanoati va texnologiyalari instituti (KEITI) bilan birgalikda chiqindilarni qayta ishlash boʻyicha loyihalar Oʻzbekistonda amalga oshirilayotganligi toʻgʻrisida maʻlumot berildi.

Shu bilan birga, mahalliy va mintaqaviy ekologik muammolarni hal etish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, innovatsion gʻoyalar, amaliyot va texnologiyalarni joriy etish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash hamda Oʻzbekiston va butun mintaqaning ilmiy va intellektual salohiyatini roʻyobga chiqarish maqsadida tashkil etilgan “Green University” - Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universitetining tashkil etilishi haqida taʻkidlandi.

Uchrashuvda oʻzaro manfaatli aloqalarni har tomonlama mustahkamlash boʻyicha takliflar koʻrib chiqilib, hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari belgilab olindi.

Taʻkidlash joizki, Oʻzbekistonning ekologiya sohasida amalga oshirilayotgan ishlari mehmonlarda katta qizigish uygʻotdi. 

Uzhrashuv mobaynida Oʻzbekiston va Koreyaning ekologiya sohasida ish yurutuvchi ilmiy-tadqiqot institutlari oʻrtasida hamkorlik oʻrnatish, yashil texnologiyalarni joriy etish, bioxilmaxillik, Orol hududini oʻrganish va uning qurigan tubida daraxt ekish masalalari ham koʻrib chiqildi.  

Xan Xva Jin iqlim oʻzgarishi yoʻnalishida Magistraturada oʻgishga va ekologiya sohasida qisqa muddatli kurslarida Koreyada taʻlim olishga imkoniyat borligini taʻkidlab oʻtdilar. 

Uchrashuv yakunida Jusipbek Kazbekov Xan Xva Jin xonimni Oʻzbekiston Respublikasi tarixiy Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan uchta xalqaro anjumanga: BMTning Choʻllanish boʻyicha maxsus sessiyasi (CRIK21), Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlari boʻyicha Tomonlar konferensiyasi  (COP14) va Iqlim o ʻzgarishi Forumiga taklif etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?