Xatirchi tumanida yangi gemodializ markazi foydalanishga topshirildi

14:15 02 Iyun 2023 Jamiyat
418 0

Yurtimiz sogʻliqni saqlash sohasidagi barcha yangilanishlar xalqimizni rozi qilishga qaratilgan. Ayniqsa, olis va chekka hududlarda yashayotgan aholi salomatligini asrash, surunkali xastaliklarga chalingan bemorlarni ixtisoslashgan tibbiy xizmat bilan qamrab olishga jiddiy eʼtibor berilyapti.

Bugun Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov xizmat safari bilan Navoiy viloyatida boʻlib, hududda yangidan barpo etilgan tibbiyot muassasalari faoliyati bilan tanishdi.

Vazir dastlab viloyat hokimi Normat Tursunov hamrohligida Xatirchi tumanida bunyod etilgan Gemodializ markazi filialining ochilishida ishtirok etib, bu yerda bemorlar uchun yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirdi.

Taʼkidlash lozimki, ayni paytda viloyatda 98 nafar gemodializga muhtoj bemorlar boʻlib, bugungacha ularga 3 ta — Navoiy, Zarafshon shaharlari va Qiziltepa tumanidagi markazlarda tibbiy xizmat koʻrsatilgan. Sharoit yoʻqligi bois Xatirchi tumanidagi 16 nafar bemor 80 km. yoʻl bosib, muolajalarni Navoiy shahrida olishiga toʻgʻri kelgan.

Endilikda bunga hojat qolmadi. Tumanda yangi gemodializ markazi filialining foydalanishga topshirilishi hududda yashovchi bemorlarning uzogʻini yaqin qilib, turli ovorgarchiliklarga chek qoʻydi.

Buning uchun Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan ushbu markaz 1,2 mlrd. soʻm qiymatidagi 3 ta gemodializ apparati, suv tozalash uskunasi va mikser bilan jihozlandi.

Shuningdek, tuman hokimligi tomonidan filial binosini taʼmirlash uchun 500 mln. soʻm miqdorida mablagʻ ajratildi.

Maʼlumot oʻrnida aytish lozimki, 2018-yilgacha viloyatda dializ filtrlari 4-5-marta ishlatilib, seanslar 1,5-2 soat davom etgan. Baʼzan esa navbatlar tungi paytlarga ham toʻgʻri kelgan.

Bugunga kelib, hududda tasdiqlangan standart asosida bemorlarning toʻliq 4 soat davomida muolaja olishiga imkon yaratildi. Qolaversa, gemodializga muhtoj aholi 7 turdagi dori vositalari — V guruh (V1,V6, V12) va S vitaminlari, temir, eritropoetin preparatlari, oqsil moddalari hamda aminokislotalar, geparin) bilan bepul taʼminlanmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?