Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi oʻzini parlamentdagi muxolifat fraksiyasi deya eʼlon qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi oʻzini parlamentdagi muxolifat fraksiyasi, deb eʼlon qildi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining saytida partiyaning rasmiy bayonoti eʼlon qilindi.
“Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda Oʻzbekiston oʻzini suveren, demokratik, huquqiy va dunyoviy davlat bilan bir qatorda ijtimoiy davlat deb eʼlon qildi. Inson huquqlari va erkinliklari, shu jumladan ijtimoiy huquqlarni taʼminlash borasida mutlaqo yangi mexanizmlar joriy etildi.
Partiyamiz ijtimoiy himoya tizimi kafolatlarini Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishini tarixiy yutuq sifatida baholaydi.
Bu shubhasiz, Xalq demokratik partiyasining mamlakatda ijtimoiy adolat, tenglik va ijtimoiy birdamlik mezonlariga mos keladigan demokratik ijtimoiy davlat barpo etish maqsadlari bilan chambarchas muvofiq ekanligini eʼtirof etadi.
Soʻl qanot partiya sifatida faoliyatimiz davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning hayotiy ehtiyojlari bilan bogʻliq masalalarni hal etish, ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish, aholini kafolatli daromad manbai bilan taʼminlash boʻyicha choralar koʻrishda faol qatnashib kelmoqdamiz.
Qonunchilik palatasi faoliyatini chuqur tahlil qilish, uning ishini kuzatish va xolis baholash hamda elektorat fikrini inobatga olgan holda partiya oʻtgan davrdagi faoliyati natijalari, saylovoldi platformasi va hukumat dasturi yoʻnalishlari tahlili asosida oʻz siyosiy pozitsiyasini shakllantirdi.
Oʻng partiyalar oʻz dasturiy maqsad va vazifalarining yaqinligidan kelib chiqqan holda parlamentdagi koʻpchilik – “Taraqqiyot bloki”ni tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qildilar. Biz mazkur blokning tuzilishiga eʼtiroz bildirmagan holda uning ustuvor vazifalari, shuningdek hukumat dasturi va faoliyatining ayrim yoʻnalishlariga qoʻshila olmaymiz.
Xususan:
– iqtisodiyotda davlat ishtiroki, strategik ahamiyatga ega kompaniyalar ustidan davlat nazoratini saqlab qolishga eʼtiborning kamligi, ularni xususiylashtirish qonun darajasida taqiqlanmaganligi;
– raqobatbardosh va bozor mexanizmlari orqali boshqariladigan pensiya tizimiga oʻtish zaruriyatining mavjudligi
– kommunal toʻlovlari (gaz, elektr va boshqalar) masalasida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qoʻllab-quvvatlashning istiqbolga moʻljallangan aniq strategiyasi ishlab chiqilmaganligi;
– ulushdorlik asosida uy-joy qurish boʻyicha fuqarolar ulushlarini himoya qilish va kafolatlash tizimining hanuzga qadar yaratilmaganligi;
– aholining daromadiga qarab tabaqalashtirilgan soliq tizimi joriy etilmaganligi (koʻp mablagʻ topgan, koʻp toʻlashi lozim tamoyilini qoʻllash lozim), shu jumladan qimmatbaho mol-mulk uchun soliqning (hashamat soligʻi) joriy etilmaganligi;
– farmatsevtika sohasida davlat nazorati sustligi, mahalliy va xorijiy dori vositalari uchun eng yuqori cheklangan narxlar belgilanmaganligi, shu jumladan dori vositalarining reklamasi taqiqlanmaganligi kabi bir qator masalalar partiyamiz elektorati manfaatlariga zid deb hisoblaymiz.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida boshqa soʻl partiyalar, sotsial-demokratiya gʻoyalari tarafdorlari bilan birgalikda tashabbus qilingan parlamentdagi muxolifatning kafolatlangan huquqlarini kengaytirishga qaratilgan qonun loyihasi qabul qilindi.
Mazkur qonun oʻzini parlamentdagi muxolifat deb eʼlon qilgan siyosiy partiya fraksiyasi uchun kengaytirilayotgan huquq va imkoniyatlardan toʻlaqonli foydalanishni kafolatlaydi.
Qonunchilikka muvofiq hukumatning tutgan yoʻli va dasturiga yoki uning ayrim yoʻnalishlariga qoʻshilmaydigan siyosiy partiyalar fraksiyalari oʻzlarini muxolifat deb eʼlon qilishi mumkin.
Shu bois, partiyamiz elektorati ovozini parlament va hukumatga yetkazish, ularning manfaatlarini samarali himoya qilish, mamlakatda kuchli ijtimoiy siyosat yuritishni davom ettirish uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi oʻzini parlamentdagi muxolifat fraksiyasi, deb eʼlon qiladi.
Parlamentdagi muxolifat fraksiyasi sifatida quyidagi vazifalarni amalga oshirishni muhim deb hisoblaymiz:
– qonun loyihalari va parlament muhokamasidagi dolzarb masalalar boʻyicha oʻz saylovoldi dasturimiz maqsadlaridan kelib chiqqan holda qatʼiy siyosiy pozitsiyamizni bildirib borish;
– hukumat va parlamentdagi koʻpchilikning taklif hamda tashabbuslarini tanqidiy koʻrib borish, ular yuzasidan oʻz munosabatlarimizni bildirib borish;
– hukumat va parlamentdagi koʻpchilik tomonidan parlamentga kiritilgan qonun loyihalari boʻyicha zarur deb koʻrilgan holda muqobil qonun loyihalarini ishlab chiqish va kiritib borish;
– iqtisodiy va ijtimoiy masalalar boʻyicha hukumat harakat dasturi ijrosini tanqidiy baholash va oʻz nuqtayi nazarimizni bildirish;
– parlament nazorati vositalaridan samarali foydalanish, shu jumladan qabul qilingan qonunlarning hukumat tomonidan soʻzsiz ijro etilishi, qonun loyihalarini parlamentga oʻz vaqtida va sifatli kiritilishi, qonunlar ijrosi uchun zarur boʻlgan qonun osti hujjatlarining oʻz vaqtida qabul qilinishini taʼminlash ustidan taʼsirchan nazorat olib borish.
Biz, Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi ijtimoiy himoya, ijtimoiy tenglik va ijtimoiy birdamlik tamoyillarini yuzaga chiqarish orqali Oʻzbekiston ijtimoiy davlat tamoyilini amalga oshirishda saylovchilarimiz manfaatlarini birinchi oʻringa qoʻyamiz va mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi hamda aholimiz farovonligini taʼminlash yoʻlida barcha saʼy-harakatlarimizni bundan buyon ham safarbar qilishda davom etamiz”, deyiladi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining rasmiy bayonotida.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- “JCH-2026”ga Osiyodan toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻllanmani qoʻlga kiritgan terma jamoalar maʼlum
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
- “Air India” fojiasidagi tirik qolgan yagona yoʻlovchi hikoyasi
- Toshkent davlat tibbiyot universitetining “Bitiruvchi – 2025” tantanali marosimi boʻlib oʻtdi
- Tanzila Narbayeva “Better Cotton” xalqaro tashkiloti bosh direktori Alan Makkley bilan uchrashdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring