Kartoshka yetishtiruvchilar uchun suv nasoslari elektr xarajatining yarmi toʻlab beriladi

18:06 02 Dekabr 2025 Siyosat
144 0

Illyustrativ foto

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida oʻtayotgan Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida kartoshkachilikni rivojlantirish borasida Jizzax viloyati namuna boʻlishi kerakligi taʼkidlandi. Buning uchun, eng avvalo, sifatli va serhosil kartoshka urugʻchiligini yoʻlga qoʻyish kerakligi qayd etildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

2026-yildan boshlab kartoshka yetishtiruvchilarni qoʻllab-quvvatlashning yangi mexanizmlari joriy etilishi belgilandi.

Bunda mineral oʻgʻit, texnika, yoqilgʻi va boshqa xarajat uchun 6 oylik imtiyozli davr bilan bir yil muddatga 12 foizli kredit ajratiladi.

Kreditlarning 50 foizgacha qismiga kafillik taqdim etiladi, sugʻorish nasoslariga quyosh paneli oʻrnatish xarajatining yarmi qoplab beriladi.

Kartoshka yetishtiruvchilar uchun yana bir muhim yangilik: kelgusi yildan sugʻorish nasoslari elektr xarajatining 50 foizi qoplab beriladi, chetdan olib kelingan kartoshka ekish va yigʻib olish texnikalari bojxona bojlaridan ozod qilinadi.

Shuningdek, super elita va elita urugʻlarini fermerlarga yetkazib berishgacha boʻlgan davrda muzlatkichli omborxonalarda saqlash xarajatining 50 foizini qoplab berish mexanizmi joriy qilinadi.

Hozirda Baxmaldagi 14 ming gektar bogʻlarning 4 ming gektari eskirgan, ulardan olinayotgan hosil esa gektariga 10 tonnaga ham yetmaydi.

Shu bois, eski bogʻlarni intensivga oʻtkazish, hosilni saqlash, saralash va qayta ishlash boʻyicha Baxmal tajribasini joriy qilish zarurligi taʼkidlandi.

Baxmalda 2026-yilda 1,5 ming gektar eski bogʻlarga faqat sertifikati bor koʻchatlarni ekish muhimligi koʻrsatib oʻtildi. Buni qoʻllab-quvvatlash uchun aholi va fermerlarga koʻchat sotib olish xarajatining yarmi qoplab beriladi.

Bundan tashqari, tumandagi bogʻdorchilik xoʻjaliklari uchun yana bir qator yangiliklar eʼlon qilindi.

Xususan, intensiv bogʻ tashkil qilishda 7-yil muddatga 3-yil imtiyozli davr bilan 14 foizdan kredit beriladi. Mevaning turiga qarab, shpalerlar uchun 20 ming soʻmdan 70 ming soʻmgacha subsidiya ajratiladi.

Shuningdek, muzlatkichli omborlar uchun kredit foizini asosiy stavkadan oshgan 8 foizgacha qismi qoplab beriladi. Meva-sabzavot eksportchilari va bogʻbonlarga ham qadoqlash xarajatlarining 50 foizini qoplash uchun Savdoni rivojlantirish kompaniyasidan subsidiya toʻlanadi.

Umuman, kelasi yili bogʻdorchilik boʻyicha Baxmalda tajriba maktabi yaratilib, ushbu imtiyozlar butun respublikada joriy qilinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?