Fargʻonada zamonaviy avtobuslar tezkor va sifatli xizmat koʻrsatishni boshladi
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Prezidentimizning “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Fargʻona viloyatida 11 ta yoʻnalishda 152 ta yangi avtobuslar harakati yoʻlga qoʻyildi.
— Ayni jarayonda viloyatdagi oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari bilan hamkorlikda Fargʻona viloyati, xususan, Fargʻona shahrida jamoat transporti harakatini jahon andozalari darajasida takomillashtirish boʻyicha ilmiy-amaliy oʻrganish ishlari olib borildi, — deydi Fargʻona viloyati transport boshqarmasi mutaxassisi Shamsurbek Mahmudov. — Shu tarzda ilmiy usullar hamda xalqaro tajriba yordamida yangi yoʻnalishlar tarmogʻi ishlab chiqildi.
Bu boradagi saʼy-harakatlar doirasida oʻtgan yili qariyb 50 ta zamonaviy avtobus olib kelinib, bosqichma-bosqich viloyatning barcha hududlarida jamoat transporti jozibadorligini oshirish uchun tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Kuni kecha Xitoydan olib kelingan yana 24 ta zamonaviy avtobuslar Fargʻona shahrida ikkita yangi yoʻnalishda qatnay boshladi. Avtobuslar yozda sovitish, qishda isitish tizimiga ega. “GPS” tizimi va har tomonlama videokuzatuv kameralari bilan jihozlangan. Bu kuniga oʻrtacha 10 ming nafar yoʻlovchiga sifatli va xavfsiz xizmat koʻrsatish imkonini beradi.
— 2025-yilning yakuniga qadar Fargʻona shahrida xizmat sifati va tezkorligini oshirish uchun avtobuslar sonini 104 taga yetkazish koʻzda tutilgan, — deydi Fargʻona viloyati transport boshqarmasi boshligʻi Baxtiyor Safarov. — Shu maqsadda joriy yilning aprel oyida 9 ta tashuvchi korxona rahbarlari bilan birgalikda Xitoyga xizmat safari tashkil etildi.
Yuzma-yuz muloqotlar davomida “Zong Tong” va “Asia Star” kabi mashhur ishlab chiqaruvchi kompaniyalar rahbarlari bilan 384 ta avtobus hamda mikroavtobus xarid qilish boʻyicha umumiy qiymati 19,5 mln dollarlik memorandum imzolandi.

Aytish joiz, bugungi kunda Fargʻona viloyati transport boshqarmasi taʼsischiligida “Yoʻlovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” davlat muassasasi faoliyati ham yoʻlga qoʻyilgan. Bu yerda real vaqt rejimida avtobuslar harakatini onlayn kuzatib borish hamda har qanday muammoni joyida bartaraf etish imkoniyati yaratilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Inson Faxri” milliy mukofoti sohiblari taqdirlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring