FAO va Oʻzbekiston oʻrtasida oʻrmon va yer degradatsiyasiga qarshi kurash boʻyicha hamkorlik mustahkamlanmoqda

18:58 02 Dekabr 2025 Jamiyat
149 0

Oʻzbekiston Respublikasi hukumati va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tomonidan amalga oshirilayotgan “Oʻzbekistonning qurgʻoqchilikka uchragan ekotizimlarida yaylovlar va oʻrmonlarni barqaror boshqarish” loyihasi doirasida Samarqand shahrida loyiha Boshqaruv kengashi yigʻilishi hamda Amaliy hamkorlik kelishuvini imzolash marosimi oʻtkazildi. Tadbir yer va oʻrmon resurslarini barqaror boshqarish, yer degradatsiyasini neytral balansiga erishish (LDN) boʻyicha milliy maqsadlarga erishish hamda manfaatdor tomonlar oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlashga qaratildi.

Tadbirda FAO Oʻzbekiston vakolatxonasi, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi huzuridagi Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, loyiha ekspertlari va manfaatdor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston sogʻlom yer resurslarini saqlab qolish va ularni barqaror boshqarish maqsadida LDN maqsadlariga erishishga qatʼiy bel bogʻlagan. 2019-yilda tayyorlangan LDN koʻrsatkichlarini belgilash hisobotida yer degradatsiyasi jarayonlari global tajriba asosida baholangan boʻlib, ushbu loyiha mamlakatda barqaror yer va oʻrmon boshqaruvi boʻyicha milliy saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlaydi.

Loyiha doirasida LDN koʻrsatkichlari va bazaviy darajalarini belgilash, yer degradatsiyasi va tiklanish oʻrtasidagi muvozanatni taʼminlash, innovatsion monitoring tizimlarini yoʻlga qoʻyish, oʻrmonlarni tiklash va yaylov unumdorligini oshirish boʻyicha zamonaviy yondashuvlar keng qoʻllanmoqda. Buxoro viloyatining Jondor tumani hamda Navoiy viloyatining Nurota tumanida tanlangan landshaftlarda tiklashning eng samarali yer va oʻrmonlarni barqaror boshqarish choralarini sinovdan oʻtkazish ishlari davom etmoqda.

Shuningdek, turli yer turlarida yoʻqotish va yutuqlarni muvozanatlashtirish, tur xilma-xilligini oshirish va suvdan foydalanish samaradorligini yaxshilashga qaratilgan innovatsion usullar joriy etilmoqda.

Yigʻilishning asosiy maqsadi loyihaning joriy ijro holatini koʻrib chiqish, keyingi faoliyatlarni belgilash va loyihaning samaradorligini oshirish uchun qoʻshimcha moliyalashtirish talab qilinmaydigan muddatga uzaytirishni (no-cost extension) koʻrib chiqishdan iborat boʻldi. Tadbir, shuningdek, manfaatdor tomonlar oʻrtasida strategik muvofiqlikni mustahkamlash va barqaror yer hamda oʻrmon boshqaruvi boʻyicha qoʻshma harakatlarni ragʻbatlantirishga xizmat qildi.

Yigʻilish davomida loyihaning amalga oshirilish holati, erishilgan natijalar, uchrayotgan qiyinchiliklar, oʻrganilgan saboqlar va takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar muhokama qilindi. Boshqaruv kengashi aʼzolari tomonidan loyihaning moliyasiz muddatini uzaytirish taklifi maʼqullandi va kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan aniq qadamlar belgilandi.

Tadbir yakunida FAO va Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi huzuridagi Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentligi oʻrtasida Operatsion hamkorlik kelishuvi rasman imzolandi. Ushbu hujjat loyihaning samarali amalga oshirilishi, vazifalar taqsimoti va barqarorlikni taʼminlash boʻyicha tomonlarning masʼuliyatlarini mustahkamladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?