Endi har bir mahallaning oʻz byudjeti bor

12:35 02 Dekabr 2025 Jamiyat
144 0

Yashirishga ne hojat, yaqin yillargacha ham mahalla deganda koʻz oʻngimizda mahalliy hokimlik idoralari xizmatida chaqqon boʻlgan va faqat buyruq bajarishga oʻrgangan tuzilma gavdalanar edi. Shuning uchun ham shunchaki davlat idoralari qatorida uning nomi bor, lekin mahallaga yetarli mablagʻ, imkoniyat va vakolat berilmagan edi. Shu hududda yashovchi insonlar kundalik hayotiy zaruratlar tufayli mahallaga murojaat qilib, masʼullardan kerakli va kutgan yordamni ololmasdi.

Bugun esa ushbu holat tubdan oʻzgardi. Endilikda xalqimizning eng ezgu fazilatlarini namoyon etuvchi mahalla instituti chinakam maʼnoda “oʻzini oʻzi boshqarish organi”, yaʼni hududning haqiqiy egasiga aylandi.

Bu oʻzgarishning eng yorqin namunasi – mahallalarga ajratilayotgan moliyaviy koʻmak va soliq tushumlarining muayyan qismi uning oʻzida qolishidir. Ana shu mablagʻlar hisobiga hududlarning infratuzilmasi zamonaviy tarzda yangilanib, koʻp yillik muammo va masalalarga samarali yechim topilyapti. Eng muhimi, bundan buyon boshqa joydan mablagʻ kutish yoki homiy izlashga hojat yoʻq. Har qanday ezgu tashabbusni hayotga tatbiq etish, boquvchisini yoʻqotgan, ishsiz, “Kambagʻal oilalar reyestri”ga kiritilgan, xullas, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilaga yetarlicha koʻmak koʻrsatiladi.

Birgina joriy yilda viloyatdagi 1015 ta mahallaning hisobida 52,6 milliard soʻm soliq tushumlaridan jamgʻarilgan mablagʻlari mavjud boʻlib, oʻtgan davr mobaynida mahallalar ehtiyojidan kelib chiqqan holda turli xayrli ishlar uchun 32,6 mlrd soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi.

Xususan, viloyatdagi 91 ta mahalla binolariga quyosh paneli oʻrnatish maqsadida shartnomalar tuzilgan boʻlsa, amalda 50 ga yaqiniga toʻliq oʻrnatildi va buning uchun 1,1 mlrd soʻmdan ziyod mablagʻ sarflandi. Shuningdek, mahallalarda 87 ta kam taʼminlangan oilalarni yashash xonadonlariga quyosh paneli oʻrnatish boʻyicha shartnomalar tuzilib, oldindan 325 mln soʻm mablagʻlar toʻlab berildi.

Bundan tashqari, 31 ta mahalla binosi yangitdan qurib foydalanishga topshirildi,188 ta mahalla binosi joriy taʼmirdan chiqarildi, 24 ta bino kapital taʼmirlandi hamda 18 tasi rekonstruksiya qilindi.

—Milliy qadriyatlarimizga koʻra, hayot qiyinchiliklari bilan yuzma-yuz boʻlgan oilaga begʻaraz yordam qoʻlini choʻzish yaxshi anʼanaga aylangan,—deydi Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi Fargʻona viloyati boshqarmasi boshligʻi Adhamjon Ziyavitdinov.—Bugun yangicha yondashuvlar asosida ajdodlardan meros bunday qadriyat va anʼanalar yanada sayqallanmoqda.

Misol uchun, joriy yilning 22-23-avgust kunlari oʻtkazilgan umumxalq xayriya hashari doirasida viloyatdagi 949 ta kam taʼminlangan va ehtiyojmand oilaning yashash xonadonlari taʼmirdan chiqarib berildi.

Oʻz navbatida viloyatdagi 7 mingdan ziyod ijtimoiy himoyaga muhtoj va koʻp farzandli oilalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va yolgʻiz qariyalar holidan xabar olinib, 3,4 mlrd soʻmlikdan ziyod moddiy yordam koʻrsatilishi taʼminlandi.

Bevosita Fargʻona viloyati hokimligi tashabbusi bilan kuz-qish mavsumini talafotsiz oʻtkazish maqsadida har bir mahallaga 1 tadan dudboʻron tozalash qurilmalari olib berildi.

Ayni jarayonda xar bir mahallada kam taʼminlagan oilalar aʼzolariga tadbirkor, homiylar biriktirish va bu orqali ushbu xonadonning doimiy daromad manbaini oshirishga erishilmoqda. Bu boradagi eng muhim oʻzgarish – odamlarning mahalla tizimiga boʻlgan ishonchi ortdi, yaʼni, endi mahallaga muammosi bilan borgan hech bir mahalladosh quruq qoʻl bilan qaytmaydi. Shahar-tumanlarda “mahalla yettiligi”ning umumiy qarori bilan aholiga doimiy amaliy yordam koʻrsatilmoqda. Mahalla ahli yaxshi biladi: bu dargohda endi har bir masalaga yechim bor.

Oʻzbekiston mahallalar uyushmasi Fargʻona shahar boʻlimi rahbari Azizbek Soyibnazarovning maʼlum qilishicha, “Beshbola” MFYda mahalliy soliq yigʻimi orqali 251 mln soʻm mablagʻ jamgʻarildi. Natijada 25 mln soʻmdan koʻproq mablagʻ evaziga 4 km ga yaqin ichki yoʻllar asfaltlandi. “Boʻston” MFYda mahalla byudjetidan 23 mln soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirilishi hisobiga 33 dona quyosh panelli koʻcha chiroqlari oʻrnatildi. “Xoʻjamagʻiz” MFYda toza ichimlik suvi quvuri yangilandi. Buning uchun 55 mln soʻmdan ziyod mablagʻ sarflangani eʼtiborga molik.

—Qish mavsumida elektr taʼminotidagi uzilishilar tufayli baʼzan kundalik yumushlarimizni bajara olmay qiynalar edik,—deydi Beshariq tumanidagi “Qoraqoʻyli” MFY raisi Umidaxon Kimyonazarova.—Oʻz byudjetimiz shakllangach, mahalla binosi tomiga 5 kVtli quyosh paneli oʻrnatildi. Shu tariqa ushbu muammoga barham berildi. Yaqin istiqbolda esa mahalla infratuzilmasini zamonaviy mezonlar boʻyicha yaxshilash bilan bogʻliq koʻplab tashabbuslarni amalga oshirishni maqsad qilganmiz.

Taʼkidlash oʻrinliki, viloyatda oʻtgan davrda infratuzilmani yaxshilash boʻyicha mahallalarda 22, 8 km ichki yoʻllar asfaltlandi. Shu bilan birga, 915 ta elektr tarmoqlari yangilandi, eski yogʻoch simyogʻochlar oʻrniga 15, 2 mingta beton tayanchlar oʻrnatildi hamda suv taʼminoti barqarorligini taʼminlash va isrofgarchiligining oldini olish uchun 8,7 mingta beton ariqlar barpo etildi.

Bu mablagʻlarning samarali sarflanishi esa hududlardagi mahalliy kengashlar, deputatlar hamda “mahalla yettiligi” tomonidan nazorat qilinishi tartibi yoʻlga quyilgan.

Mahallalarda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida olib borilayotgan saʼy-harakatlar ham quvonarlidir. Oʻtgan davrda 2,1 mlrd soʻm mablagʻ ajratilib, manzarali va mevali daraxtlar sotib olish hamda ekish ishlari amalga oshirilyapti. Bugungi kunga qadar viloyatdagi mahallalar hududida 585 ming tupdan koʻproq manzarali va mevali daraxtlar ekildi.

—Ezgu tashabbus ijobatini taʼminlash maqsadida 51 ta MFYda 12 ming tupdan ortiq daraxt ekilishiga erishildi,—deya suhbatimizni davom ettiradi Oʻzbekiston mahallalar uyushmasi Uchkoʻprik tumani boʻlimi rahbari Sattorxoʻja Akbarov.—Buning uchun mahallalar byudjetidan 64 mln soʻm mablagʻ ajratildi.

Hozirgi kungacha 10 dan ziyod MFYlarda mahalla bogʻi barpo etilib, yashil xiyobonlar, hordiq maskanlari tashkil etish ishlari ham jadal olib borilmoqda.

Viloyat boʻylab erta tongda yoki oqshomda sayr qilsangiz, sport va bolalar maydonchalari, yashil xiyobonlar, piyodalar yoʻlaklari odamlar bilan gavjum ekanligini koʻrish mumkin. Farovonlik neʼmatlari hamyurtlarimizni hamisha hayotning joʻshqin oqimida boʻlishga ragʻbatlantirmoqda. Bugun oramizda sogʻlom hayot, umruzoqlik omillarini oʻrganish boʻyicha tinimsiz harakatda boʻlgan yurtdoshlarimiz safi tobora kengayib borayotir.

Shu sababli viloyatda sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish borasida ham aholiga qulay shart-sharoit yaratish maqsad qilingan. Bu borada viloyatning aholi gavjum boʻlgan 57 ta koʻchasida 2,4 mlrd soʻm mablagʻlar hisobiga 59,5 ming km uzunlikdagi salomatlik yoʻlaklari tashkil etildi.

Muxtasar aytganda, Fargʻona viloyatida bugungi kunda hududlardagi barcha mahallalar jamgʻarmasi hisobida 20 mlrd soʻm mablagʻ mavjud boʻlib, yil yakuniga qadar ushbu mablagʻlar infratuzilmani yaxshilashga jalb qilinishi koʻzda tutilgan. Piyodalar yoʻlaklari barpo etish, yoritish tizimi, elektr energiyasi hamda tabiiy gaz, ichimlik va oqova suv tarmoqlarini taʼmirlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam taʼminlangan oilalarga koʻmaklashish, yashash xonadonlarini taʼmirlash va jihozlash, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari shular jumlasidandir.

Shubhasiz, bu raqamlar shunchaki koʻrsatkich emas, har birining ortida oilalar, taqdirlar hamda butun bir mahalla tizimining tinch-osoyishta hayoti hamda farovonligi mujassam.

Mushtarak maqsadlardan koʻzlangan maqsad bitta, u ham boʻlsa, mahalla faol, mustaqil va kuchli boʻlishi kerak. Bu xalqimizning uzoq yillik orzusi va ertangi kun istiqboli bilan bogʻliq reja-maqsadlariga hamohang ekanligi bilan ham gʻoyatda ahamiyatlidir.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?