“El Pepe” vafot etdi

Urugvayning sobiq prezidenti, xalq orasida “El Pepe” laqabi bilan mashhur boʻlgan Xose Muxika 89 yoshida vafot etdi. Bu haqda mamlakatning hozirgi prezidenti Yamandu Orsi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali maʼlum qildi.
U Muxikani “prezident, faol, yoʻl koʻrsatuvchi va yetakchi” deb taʼrifladi. 2024-yil bahorida Muxikada qiziloʻngach saratoni aniqlangan edi va u uzoq vaqt muolajalar olgan edi. Shifokorlar 2024-yilning kuzida saraton hujayralarining kamayganini bildirgan boʻlsa-da, 2025-yil boshida kasallik qayta avj olgan.
“Toʻgʻrisini aytsam, men oʻlyapman. Har bir jangchining hordiq chiqarishga haqi bor,” – degan edi u “Busqueda” jurnali bilan oʻtkazilgan soʻnggi intervyusida.
Muxika 2010–2015-yillar oraligʻida Urugvay prezidenti sifatida faoliyat yuritgan. U mamlakatni dunyoning eng erkin jamiyatlaridan biriga aylantirishda muhim rol oʻynadi. Uning prezidentligi davrida Urugvayda marixuana isteʼmoli, bir jinsli nikoh va homiladorlikni ixtiyoriy toʻxtatish qonuniylashtirildi. Shuningdek, u alternativ energiya sohasida ham Urugvayni yetakchi mamlakatlar qatoriga olib chiqqan.
Pepe Muxika oddiy hayot tarzi bilan butun dunyoga tanilgan edi. U prezidentlik saroyida emas, balki oddiy bir fermada yashagan va oʻz maoshining katta qismini xayriya ishlari uchun bergan. “Biz boylik haqida juda koʻp oʻylaymiz, baxt haqida esa kam. Hayot chiroyli sarguzasht, lekin u juda tez oʻtib ketadi”, – deya u hayot falsafasini soʻnggi intervyusida ifodalagan.
Muxika 1960-yillarda “Tupamaros” deb nomlangan marksistik-leninchi shaharlik partizan harakatining asoschilaridan biri boʻlgan. Ular dastlab boylardan olib kambagʻallarga berish bilan mashhur boʻlgan boʻlsa, keyinchalik ularning harakatlari portlashlar, oʻgʻirlashlar va siyosiy qotilliklargacha yetib borgan.
Ozodlikka chiqqach, Muxika siyosiy faoliyatga qaytadi va 1989-yilda “Xalq ishtiroki harakati” partiyasini tashkil qiladi. Keyinchalik u parlament aʼzosi, senator va qishloq xoʻjaligi vaziri lavozimlarida ishlaydi. U faqat bir muddat prezident boʻlgan. Bu esa Urugvay qonunlariga muvofiqdir.
“El Pepe” Urugvay xalqi uchun ota kabi boʻlgan va 20-mayda 90 yoshga kirgan boʻlardi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring