Buxoroning soʻnggi amirlari qabri qayerda?

14:45 14 Noyabr 2025 Jamiyat
415 0

Mangʻitlar sulolasi hukmronligiga Muhammad Rahimbiy 1756-yilda asos solgan. Sulola hukmronligi 1920-yilgacha davom etdi. Manbalarda aytilishicha, Rahimbiyning otasi Muhammad Hakimbiy Ashtarxoniylarning oxirgi vakili Abulfayzxonning saroyida devonbegi lavozimida ishlagan. Eron shohi Nodirshoh bostirib kelganda, Abulfayzxon aynan uni elchilikka yuboradi. Muhammad Hakimbiy Nodirshoh bilan uchrashib, Buxoroning taslim boʻlganligini aytadi. Unga sovgʻa-salom berib ortga qaytib ketishga koʻndiradi. Shu tariqa Buxoroning talon-taroj qilinishdan asrab qolishga hissa qoʻshadi.

– Muhammad Hakimbiyning oʻgʻli Rahimbiy Eron shohining xizmatiga kirgan, – deydi buxorolik muzeyshunos olima Nargiza Jumayeva. – Nodirshoh uni katta qoʻshinga bosh qilib, Buxoroda tartib oʻrnatgani yuboradi. Pirovardida Muhammad Rahimbiy Eron shohi yordamida Ashtarxoniylarning oxirgi vakili Abulfayzxonni oʻldirib, oʻrniga oʻzi Buxoro amiri boʻladi.

Muhammad Rahimbiy 1758-yilda 47 yoshida vafot etadi. Uning oʻrniga taxtga amakisi Doniyolbiy oʻtiradi. Doniyolbiy 1758-yildan 1785-yilgacha hukmdorlik qiladi. Uning davrida turli qabilalar orasida oʻz nufuzini tiklash uchun oʻzaro urushlar boʻlib turadi. 1785-yilda Doniyolbiy vafot etib, oʻrniga oʻgʻli Shohmurod oʻtiradi. Shohmurod tariqat yoʻliga kirgan soʻfi amir edi. Otasining boyliklaridan kechib el qatori yashaydi.

– Xalq uni “Amiri maʼsum” deb atagan,– deya davom etadi suhbatdoshimiz. – Qozilik sohasida katta islohotlar qilgan. Oʻz nomini xutbada zikr qilishni taqiqlagan. Shohmurod Samarqandni 24 guzarga ajratib, har biriga masjid qurdirgan. U 1800-yilda vafot etadi. Oʻrniga Qarshida hokim boʻlib oʻtirgan oʻgʻli Haydar amir boʻladi. Bu kishi diniy olim boʻlib, oʻzi ham madrasada xutbalar oʻqigan.

Biz mangʻitlar sulolasi vakillarining barchasi haqida batafsil toʻxtalib oʻtmoqchi emasmiz. Faqat taxt uchun zimdan kurash bu sulolaga ham xos boʻlganini taʼkidlamoqchimiz. Masalan, Amir Haydarning oʻgʻli Mirhusayn ikki oydan sal ziyod taxtga oʻtirgan, xolos. U zaharlanib oʻldirilgan. Uning oʻrnini egallagan ukasi Mir Umar esa uch oydan soʻng taxtdan chetlashtirilgan.

Shu oʻrinda Buxoroning soʻnggi amirlari qabri qayerdaligi oʻquvchida qiziqish uygʻotishi mumkin. Quyida Nargiza Jumayeva taqdim etgan maʼlumotni eʼtiboringizga havola etamiz.

Muhammad Rahimxon – hukmronligi 12-yil, Buxoroning Mozori Sharif darvozasi yonidagi masjidda dafn qilingan. Doniyol bin Xudoyor otaliq – 27-yil hukmronlik qilgan. Bahouddin Naqshband ziyoratgohidagi oʻzi bino ettirgan madrasada dafn etilgan. Shohmurod bin Maʼsumbiy – hukmronligi 14-yil. Qabri Buxoro shahridagi Eshoni Imlo mozorida. Haydar bin Shohmurod – hukmronligi 28-yil. Eshoni Imlo mozoridagi Hakim Qushbegi madrasasida dafn qilingan. Nasrulloh bin Amir Haydar - hukmronligi 33-yil. Qabri Eshoni Imlo mozorida. Amir Muzaffar bin Nasrulloh - hukmronligi 26-yil. Qabri Eshoni Imlo mozorida. Abdulahad bin amir Muzaffar – hukmronlik davri 28-yil. Qabri Karmana shahridagi Qosim Shayx mozorida. Olimxon bin Abdulahadxon – hukmdorlik davri 9,5-yil. Qabri Qobul shahridagi “Shahidoni islom” (Islom shahidlari) qabristonida.

Istam IBROHIMOV

(«Xalq soʻzi»).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?