Buxoroda gruziyalik rejissyor “Shum bola”ni sahnalashtirmoqda

14:53 09 Noyabr 2023 Jamiyat
304 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Buxoro viloyat musiqali drama teatri repertuaridan tez orada yana bir asar oʻrin oladi. Teatrda taniqli gruzin rejissyori Kaxa Gogidze tomonidan Gʻafur Gʻulomning mashhur “Shum bola” qissasi sahnalashtirilmoqda.

— Aktyorlar turli yoʻnalishlarda turli rejissyorlar bilan ishlashsa, ularning yangi qirralari ochiladi, xorijiy maktab tajribasi teatr uchun ham foydali boʻladi, — deydi jurnalistlar bilan suhbatda ushbu asarni inssenirovka qilgan sanʼatshunos Oybek Kopadze. — Bu tomoshabinlar uchun ham qiziqarlidir. Chunki har bir sohada yangicha nigoh eʼtiborni tortmay qoʻymaydi. Biz bunga Kaxa Gogidzening Qashqadaryo hamda Samarqand viloyatlari teatrlari bilan hamkorlikda yaratgan sahna asarlari misolida ishonch hosil qilganmiz.

Darhaqiqat, isteʼdodli bu rejissyor ilgari shu ikki viloyat teatrida mashhur adib Nodar Dumbadzening “Hellados” hikoyasini, shuningdek, dunyoning koʻplab davlatlari teatrlarida namoyish etilgan, gruzin dramaturgiyasining shoh asarlaridan sanalgan “Xanuma” pyesasini sahnalashtirgan. Har ikkala ijodiy loyiha teatr ixlosmandlari tomonidan iliq kutib olingan edi.

Aytmoqchi, gruzin sanʼatkorining “Shum bola”ni sahnalashtirishga jazm etgani ham bejiz emas. Oʻzbek adabiyotining zabardast vakili sanalgan Gʻafur Gʻulom qalamiga mansub bu asar Buyuk Britaniyaning VVS nashri tomonidan “Barcha davrlarning 100 ta eng buyuk bolalar kitoblari” roʻyxatiga kiritilgan.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?