Bosh konsulxona AQShdagi oʻzbekistonliklarni ogohlantirdi

20:52 13 Mart 2025 Jamiyat
257 0

AQShdagi oʻzbekistonliklar Vatanga qaytish uchun eski namunadagi (biometrik boʻlmagan) pasportdan foydalana olmaydi. Bu haqda Oʻzbekistonning Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.

Qayd qilinishicha, eski namunadagi pasportlar 2020-yil 1-yanvardan boshlab oʻz kuchini yoʻqotgan. Shu munosabat bilan muddati oʻtgan yoki oʻtmagan eski namunadagi pasport egalari Oʻzbekistonning AQShdagi vakolatxonalari (elchixona va konsulxona) orqali Oʻzbekistonga qaytish guvohnomasini rasmiylashtirishi kerak.

Eslatib oʻtamiz, joriy yilning 25-fevral kuni AQSh Kosta-Rikaga deportatsiya qilmoqchi boʻlgan 7 nafar, 3-martda esa yana 10 nafar Oʻzbekiston fuqarosi Vatanga qaytarilgan edi.

Vashington va Kosta-Rika oʻrtasidagi bitimga asosan davlatga AQShdan deportatsiya qilingan 200 nafargacha boʻlgan shaxslar vaqtincha joylashtirilishi kerak edi. Bunda migrantlarga bir oy davomida mamlakatda qolish huquqi beriladi. Shu muddat ichida ularni ixtiyoriy ravishda vataniga qaytarilishi masalasi hal qilinadi. Qaytishni rad etganlar ustidan esa individual qaror chiqariladi.

Taʼkidlash joiz, Donald Tramp oʻzining qasamyod nutqida ham janubiy chegaralardan kirib kelayotgan xorijliklar oqimini toʻxtatish va millionlab chet elliklarni kelgan joyiga qaytarish jarayonini boshlashi haqida aytgandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?