Bishkekda Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiz Respublikasi oʻrtasida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi boʻlib oʻtdi
Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati
2022-yil 3-noyabr kuni Bishkek shahrida Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiz Respublikasi oʻrtasida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi boʻlib oʻtdi.
Tashqi ishlar vazirlari Vladimir Norov va Jeenbek Kulubayev boshchiligidagi delegatsiyalar Oʻzbekiston-Qirgʻiziston oʻrtasidagi ikki va koʻp tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.
Davlatlar rahbarlari oʻrtasida erishilgan kelishuvlarni soʻzsiz amalga oshirish boʻyicha konstruktiv siyosiy muloqotni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Boʻlajak oliy darajadagi qoʻshma tadbirlar, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirgʻiz Respublikasiga davlat tashrifiga tayyorgarlik koʻrishga alohida eʼtibor qaratildi.
Mamlakatlar oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatilganining 30 yilligini nishonlash boʻyicha Tadbirlar rejasini (“Yoʻl xaritasi”) ishlab chiqish va tasdiqlash toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.
Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiz Respublikasi oʻrtasida Davlat chegarasini delimitatsiya qilish masalalari boʻyicha fikr almashildi.
Tenglik, oʻzaro manfaat va yaxshi qoʻshnichilik tamoyillari asosida Davlat chegarasini kesib oʻtish liniyasini huquqiy rasmiylashtirishni yakunlash ikki mamlakat va butun Markaziy Osiyo manfaatlariga javob berishi taʼkidlandi.
Iqtisodiy aloqalar jabhasida ulkan salohiyat mavjudligi qayd etildi. Xususan, delegatsiyalar oʻzaro savdo hajmini oshirish va uning nomenklaturasini kengaytirish, ikki tomonlama hamkorlik mexanizmlari faoliyatini faollashtirish, biznes subyektlari va mintaqalar oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirish choralarini koʻrishga kelishib oldilar.
Birgalikda yirik infratuzilma va energetika loyihalarini amalga oshirish, jumladan, “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻlini qurish masalalari alohida muhokama qilindi.
Madaniy-gumanitar yoʻnalishda qator qoʻshma tadbirlarni oʻtkazish yuzasidan fikr almashinildi.
Oʻzbekiston delegatsiyasining Bishkekka tashrifi doirasida quyidagi hujjatlar imzolandi:
— Oʻzbekiston-Qirgʻiziston Davlat chegarasining ayrim uchastkalari toʻgʻrisidagi shartnoma;
— Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish toʻgʻrisidagi Bitim;
— Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va Qirgʻiz Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Suv resurslari xizmati oʻrtasida suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida Bitim;
— Markaziy Osiyo xalqaro instituti va Qirgʻiz Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatik akademiya oʻrtasida hamkorlik Shartnomasi;
— “Oʻzarxiv” agentligi va Qirgʻiz Respublikasi Raqamli rivojlanish vazirligi oʻrtasidagi hamkorlik Memorandumi.
Shuningdek, tashqi ishlar vazirlarining Qoʻshma bayonoti hamda 2023-2024 - yillarda Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiz Respublikasi tashqi siyosat idoralari oʻrtasida hamkorlik dasturi qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring