“Berliner Telegraph”: Oʻzbekiston Prezidenti - qatʼiy islohotchi
Germaniyada chop etiladigan nufuzli “Berliner Telegraph” jurnalining dekabr oyidagi sonida Oʻzbekistonning zamonaviy taraqqiyotiga bagʻishlangan tahliliy maqola eʼlon qilindi.
Muallif, taniqli nemis siyosatshunosi Mattias Dornfeld. U oʻzining “Oʻzbekistonning yangi imiji: ochiqlik va hamkorlikka tayyorlik” sarlavhali materialida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli demokratik oʻzgarishlar, respublika rahbariyatining tashqi va mintaqaviy siyosati haqida batafsil soʻz yuritgan.
Maqolada Oʻzbekiston Yevroosiyoning markazi va Markaziy Osiyodagi eng koʻp aholi yashaydigan davlat sifatida mintaqaviy hamkorlikda yetakchi mavqega ega ekani taʼkidlangan.
“Markaziy Osiyodagi eng koʻp aholi istiqomat qiladigan davlat rahbariyati mintaqaviy hamkorlikda yetakchi rolni oʻz zimmasiga olish kerakligini angladi. Qoʻshni Qirgʻiziston va Tojikiston bilan mintaqaviy daryolarning quyi qismida joylashgan mamlakatlar, jumladan Oʻzbekistonga suv yetkazib berish masalasidagi ziddiyatlar hal qilindi. Ikki tomonlama chegaradan oʻtish punktlari ochilib, quruqlik va havo orqali transport aloqalari tiklandi. Oʻzbekiston mintaqada umumiy iqtisodiy rivojlanish, xavfsizlik va barqarorlikka intilmoqda”, - deya taʼkidlaydi siyosatshunos.
Muallif, Oʻzbekistonning Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish, qoʻshni mamlakatni iqtisodiy qayta tiklash borasidagi saʼy-harakatlariga ham alohida eʼtibor qaratgan.
“2016-yilgi Prezident saylovidan soʻng Oʻzbekistonning Afgʻonistonga nisbatan siyosati yangi turtki oldi. U yaxlit yondashuvga asoslangani bilan ahamiyatli. Prezident Shavkat Mirziyoyev Afgʻoniston xavfsizligi uning davlati xavfsizlik masalasi hamdir va Afgʻonistondagi tinchlik jarayoni mintaqaviy va global kun tartibida yana-da muhim ahamiyat kasb etishi kerak, deb hisoblaydi», - deya qayd etgan nemis siyosatshunosi.
Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekiston Afgʻonistonga iqtisodiy koʻmak koʻrsatayotgani maʼlum qilinadi. Jumladan, mamlakat qoʻshni davlatni elektr energiyasi bilan taʼminlamoqda, Termiz va Afgʻoniston shimolidagi Mozori Sharif oʻrtasidagi temir yoʻl aloqasini kengaytirishda ishtirok etmoqda, yangi temir yoʻl tarmoqlari qurilishini toʻla qoʻllab-quvvatlamoqda.
Nashr Oʻzbekiston rahbarining koʻplab tashabbuslari Germaniyaning Yevropa Ittifoqi Kengashiga raisligi davrida qabul qilingan YEI Markaziy Osiyo strategiyasining maqsad va vazifalariga mos kelishini qayd etgan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning iqtisodiy islohotlari boshlangandan buyon Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlar, shu jumladan Germaniya Oʻzbekistonning muhim sheriklari ekani taʼkidlangan. Shu nuqtayi nazardan, 2019-yil yanvar oyida Oʻzbekiston rahbarining GFRga muvaffaqiyatli tashrifi, shuningdek, Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning oʻsha yil may oyida Oʻzbekistonga javob tashrifi samarali boʻlgani eslanadi.
“Prezident va uning hukumatining oʻzbek jamiyati manfaatlari yoʻlidagi istiqbolli islohotlari Germaniya tuzilmalari tomonidan qatʼiy qoʻllab-quvvatlanmoqda”, - deyiladi materialda.
Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan yangi xalqaro tashabbuslarning mazmun-mohiyati va ahamiyati ochib berilgan. Shuningdek, respublikaning BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashiga saylangani alohida qayd etilgan.
“Shavkat Mirziyoyev toʻrt yil avval Prezident etib saylanganidan buyon Oʻzbekistonning tashqi va mintaqaviy siyosati sezilarli darajada oʻzgardi. Muhim islohotlar boshlandi, mamlakat ochildi va xalqaro tashkilotlar doirasida muntazam ravishda muhim tashabbuslar va siyosiy takliflarni ilgari surmoqda”, - deb xulosa qiladi Mattias Dornfeld.
Muallif Gʻarbda Prezident Shavkat Mirziyoyev MDH makonidagi qatʼiy islohotchi sifatida qabul qilinadi va, ayniqsa, iqtisodiy aloqalarni kengaytirish haqida gap ketganda, kutilgan mehmon sifatida eʼtirof etiladi, deb taʼkidlagan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Inson Faxri” milliy mukofoti sohiblari taqdirlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring