Batareykalarning oʻzi kichik, xavfi juda katta

14:06 24 Iyul 2025 Jamiyat
244 0

Zamonaviy jamiyatda televizor pulti, soat va boshqa qurilmalar uchun ishlatadigan batareykalarimiz kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurgan. Uzluksiz energiya manbai sifatida qoʻllaniladigan batareykalar, ularning qulayligi va koʻchma xususiyatlari tufayli juda keng tarqalgan. Biroq, batareykalar tarkibidagi zararli kimyoviy moddalar bilan bogʻliq atrof-muhitga taʼsir masalalarini eʼtiborsiz qoldirish mumkin emas.

Bu energiya manbalari kichkina boʻlishiga qaramay, zarari anchagina. Chiqindiga tashlangan batareykaning ustki qoplamasi turli tashqi taʼsirlar (issiq, eroziya) natijasida eriydi va unda saqlanuvchi kadmiy, simob, nikel, rux, qalay, magniy kabi zaharli moddalar “ozodlikka chiqadi”.

Bitta batareyka 20 metr kvadrat yer, 400 litr suv, ikkita daraxt, 1ta tipratikanni zaharlashga yetadigan zararga ega. Batareyadan uzogʻi bilan 3 oy foydalaniladi, va u 100-yildan keyin parchalanadi, parchalanganda ham butunlay yoʻq boʻlib ketmaydi. Batareykadan havoga koʻtariladigan va suvga aralashadigan zaharli moddalar kishida oʻpka saratoni, hazm tizimi aʼzolari kasalliklari, suyak xastaliklarini keltirib chiqarishi mumkin. Batareykalarni bola oʻynab, ogʻziga solishiga mutlaqo yoʻl qoʻymaslik kerak.

Yevropa davlatlarida ishlatib boʻlingan batareykalar utilizatsiya qilish (qayta ishlash) uchun yigʻib olinadi. Buning uchun barcha doʻkonlar va muassasalarda maxsus idishlar ajratilgan. Savdoga chiqariladigan yangi batareykalarning narxiga utilizatsiya chiqimlari ham qoʻshib hisoblanadi, maʼlum foiz ustama qoʻyiladi. Agar xaridor yangi batareyka xaridi chogʻida ishlatilgan batareykalarni taqdim etsa, muayyan chegirmaga ega boʻladi. Gʻarb davlatlarida ishlatilgan batareykalarning 50 foizdan ortigʻi utilizatsiya qilinadi. Misol uchun, Germaniyada avtomobil egasi yangi akkumulyator sotib olmoqchi boʻlsa, eskisini topshirishi shart, aks holda jarimaga tortiladi. Energiya manbalarini oʻzboshimchalik bilan yoʻqotishga yoʻl qoʻyilmaydi. Quvvat beruvchi batareyalar va akkumulyatorlar tarkibida qayta ishlashga yaroqli qismlar kam miqdorni tashkil etadi. Lekin yigʻib olingan yaroqsiz batareykalarni qayta ishlash orqali yangi batareykalar, plastik, qora qalam, metall, qogʻoz, oʻgʻit, avtomobil shinalari uchun qoplamalar olish mumkin.

“Chiqindilar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasida “Oʻzbekiston Respublikasida utilizatsiya qilish uchun tegishli texnologiyalar mavjud boʻlgan chiqindilarning koʻmib tashlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi”, deyilgan. Batareykalar ham utilizatsiya qilinadigan chiqindilar sirasiga kiradi, ammo Oʻzbekistonda batareykalarni qayta ishlash boʻyicha texnologiyalarga ega boʻlgan birorta korxona mavjud emas.

Batareykalar qayta ishlanmaydigan boʻlsa, ularni saralashdan naf yoʻq deb oʻylashingiz mumkin. Ammo saralangan chiqindilarni qayta ishlash butun dunyoda qoʻllanayotgan tendensiya, bu orqali xomashyo sarfini kamaytirish hamda ekologiyaga yetadigan zararni minimallashtirish mumkin. Atrof-muhitga yetkazadigan ziyonini inobatga olgan holda batareykalarning qayta ishlanishi masalasini ham qisqa muddatlarda hal qilish talab etiladi. Utilizatsiya boʻyicha hali kerakli tizim ishga tushirilmagan boʻlsa ham, batareykalarni umumiy chiqindiga qoʻshmaslik tavsiya etiladi. Ularni alohida jamlab, chiqindini yigʻish punktlariga topshirgan maʼqul. Batareykalar alohida jamlansa, ularni yoʻq qilish va qayta ishlash uchun muqobil yechim izlansa nur ustiga nur boʻlardi.

Batareykalarni qayta ishlash va utilizatsiya qilishning global ahamiyati oʻsib borar ekan, atrof-muhit muhofaza qilish idoralari, kompaniyalar va fuqarolarning har biri bu muammoga masʼuliyat bilan yondashishi zarur. Batareykalarning toʻgʻri boshqarilishi nafaqat bugungi kunda, balki kelajak avlodlar uchun ham tabiiy resurslar va ekotizimni muhofaza qilishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bizning harakatlarimiz ekologik muvozanatni saqlash va atrof-muhit salomatligini taʼminlashga yordam beradi.

Feruzbek SAYFULLAYEV,

ekofaol.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?