Asqar Akayev “sobiq prezident” boʻlmoqchi. U allaqachon Qirgʻiz Parlamentiga xat joʻnatgan

10:48 06 Sentyabr 2024 Dunyo
368 0

Qirgʻiz Respublikasini 1990-yil 27-oktyabrdan 2005-yilgacha Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti lavozimini bajargan Asqar Akayev parlamentdan unga sobiq prezident maqomini qaytarib berishni soʻradi. Bu haqda “AKIpress” nashri maʼlum qilgan.

Maʼlum boʻlishicha, Qirgʻiz parlamentining Konstitutsiyaviy qoʻmitasi rahbari Choʻlpon Sultonbekova ushbu xatni 5-sentyabr kuni olganini va hozircha chuqur oʻrganmaganini bildirgan.

Asqar Akayevdan yoʻllangan xat, dastavval, 2024-yil 30-iyulda parlament spikeri Nurlanbek Shakiyev nomiga kelib tushgan. Bu vaqtda deputatlar taʼtildaligi sababli mazkur murojaat koʻrib chiqilmagan. Sultonbekova maktubni oʻqib chiqqach, fraksiya yetakchilariga joʻnatishini, shundan soʻng maslahatlashuvlar oʻtkazilishini aytdi. Bu juda uzoq jarayon va parlament qanday qaror qabul qilishi nomaʼlum, deya qoʻshimcha qildi u.

Asqar Akayev Qirgʻizistonni mustaqillikning ilk yillaridan 2005-yilgacha boshqargan va shu yilning mart oyida ommaviy norozilik namoyishlari fonida hukumatdan ketgan edi. Oʻshanda Akayev va uning oila aʼzolari Qirgʻizistondan Moskvaga chiqib ketgan va tez fursatda prezidentlikdan isteʼfoga chiqqandi.

Maʼlumot uchun aytish mumkinki, 2010-yilda, aprel inqilobidan keyin Akayev Qirgʻizistonning sobiq prezidenti maqomidan mahrum qilingandi.

Avvalroq, Oʻzbekiston 7 oyda qiymati 28,3 million AQSH dollarlik choy import qilgani haqida maʼlum qilingandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?