“20 million soʻm mukofot yutib oldingiz” yoxud fuqarolar “Alisher Usmonov aksiyasi”ga aldanib qoldi

Toshkent viloyati IIBB Kiberxavfsizlik boʻlimi va Ohangaron shahar Ichki ishlar boʻlimi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida “Telegram” ijtimoiy tarmogʻida firibgarlik bilan shugʻullanib kelgan guruh aniqlanib, 7 nafar shaxs qoʻlga olindi. Ushbu shaxslar “Alisher Usmonov aksiyasi” nomi ostida 200 dan ortiq guruh tashkil etib, fuqarolarni “20 million soʻm mukofot yutib oldingiz” kabi yolgʻon vaʼdalar bilan aldab, pul mablagʻlarini oʻzlashtirishgan. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.
Tergov maʼlumotlariga koʻra, firibgarlik sxemasini Ohangaron shahrida yashovchi 25 yoshli Sh.B. tashkil qilgan. U oʻzining xonadonida Fargʻona viloyatidan kelgan 18-25 yosh oraligʻidagi 6 nafar yoshlarni jalb qilib, “Telegram” orqali 200 dan ortiq firibgarlik guruhlarini ochib, faoliyat yuritgan. Ushbu guruhlarda odamlar oʻz nomlariga yutuq chiqqani haqida xabar olgan, lekin yutuqni qoʻlga kiritish uchun oldindan pul oʻtkazish talab qilingan. Natijada, fuqarolarning turli miqdordagi mablagʻlari boshqa shaxslarning bank kartalariga yoʻnaltirilib, soʻngra oʻzlashtirilgan.
Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchilarning yashash joyidan 4 dona kompyuter, 11 dona telefon, Wi-Fi qurilmalari hamda turli bank kartalari daliliy ashyo sifatida olib qoʻyildi. Dastlabki tergov surishtiruvlari davomida guruh ichidagi har bir shaxsning vazifasi aniq belgilanganligi maʼlum boʻldi. Bir shaxs soxta chek tayyorlash va guruhlarni nazorat qilish, boshqasi esa reklama tarqatish va odam yigʻish bilan shugʻullangan. Yana biri fuqarolar bilan yozishmalar olib borish, boshqasi esa kunlik tushumlarni bankomat orqali naqdlashtirish bilan band boʻlgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “g” bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Huquq-tartibot organlari fuqarolarni shubhali takliflarga ishonmaslikka va moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishdan oldin ehtiyot boʻlishga chaqirdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Milliy sertifikat imtihoni natijalari 21 ish kuni ichida e’lon qilinadi — Bilimni baholash agentligi
- Ichki ishlar vaziri Buxoro viloyati IIBning 10 ga yaqin rahbarini ishdan boʻshatdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Abdulaziz Komilov Italiyaning eng yuqori davlat mukofoti bilan taqdirlandi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Yangi hafta avvalida qanday ob-havo kuzatilishi maʼlum qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring