Zulfiya Zokirova va uning urushdan qaytmagan besh oʻgʻli haqida film suratga olinadi

17:57 25 Iyun 2019 Madaniyat
1076 0

Ayni kunlarda “Oʻzbekkino“ Milliy agentligi buyurtmasiga koʻra “Ezgu film“ kinostudiyasi tomonidan Toshkent viloyatining Zangiota tumani, Xonobod qishlogʻilik Zulfiya aya Zokirova hamda uning Ikkinchi jahon urushi janggohlaridan qaytmagan farzandlari Isoqjon, Ahmadjon, Muhammadjon, Vahobjon va Yusufjon, front ortidagi mashaqqatli mehnatlarni oʻz yelkasiga olgan toʻrt kelini taqdiri xususida hikoya qiluvchi, ishchi nomi “Ilhaq“ boʻlgan badiiy filmni suratga olish ishlariga tayyorgarlik koʻrilmoqda.

Film ssenariysini kinorejissyor Jahongir Ahmedov va Hasan Toshxoʻjayev hammualliflikda yozgan. Film rejissyori Jahongir Ahmedov, prodyuser Zafar Yoʻldoshev.

Zulfiya aya Zokirovaning matonati haqida ilk bor davlatimiz rahbari joriy 9-may kuni Xotira va Qadrlash kuniga bagʻishlangan nutqida aytib oʻtgan edi. Bugun Olmazor tumanida boʻlib, bu yerda barpo etiladigan Gʻalaba bogʻi bilan yaqindan tanishgan Prezidentimiz matonatli bu ayol haqida yana eslab oʻtdilar.

Xususan, poytaxtimizning Olmazor tumanida barpo etilayotgan Gʻalaba bogʻida oʻzbek ayolining matonati timsoli sifatida Zulfiya aya Zokirova, uning urushdan qaytmagan besh farzandi hamda beva qolgan toʻrt kelini xotirasiga bagʻishlangan “Matonat madhiyasi” yodgorlik majmuasi oʻrnatilishi toʻgʻrisida maʼlum qilindi.

Eslatib oʻtamiz, 21-iyun kuni mazkur badiiy film ssenariysi “Oʻzbekkino“ MA Badiiy Kengashi tomonidan qabul qilingan va tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?