JSST rahbari koronavirusga qarshi keskin choralar koʻrishga chaqirdi

10:56 26 Mart 2020 Dunyo
155 0

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreysus Jenevadagi brifingda koronavirus ustidan toʻliq gʻalabaga erishishga kelgusida epidemiyaning takrorlanishiga yoʻl qoʻymaydigan bir qator chora-tadbirlar zarurligini aytdi.

Gebreysusning taʼkidlashicha, fuqarolarning oʻzini izolyatsiya qilishi va harakatlanishga cheklovlarning oʻzigina koronavirus pandemiyasini batamom bartaraf etishga yordam bermaydi. Bunday choralar kasallikning tarqalishida vaqt yutishga imkon beradi, biroq odamlar hayotini saqlab qolish uchun bu yetarli hisoblanmaydi.

JSST rahbarining fikricha, virusga qarshi kurashda gʻalabaga erishish uchun 6 ta usul mavjud. Birinchi navbatda, sogʻliqni saqlash tizimini yaxshilash va kasallar bilan ishlashga tayyor tibbiy xodimlarni tayyorlash lozim. Shuningdek, barcha kasallanganlarni aniqlab, koronavirusga testlar sonini koʻpaytirish zarur.

Gebreysus, shuningdek, bemorlarni qabul qilish uchun qoʻshimcha shifoxonalar tayyorlash, kasallanganlar muloqotda boʻlgan barchani aniqlash va koronavirusga qarshi kurashga butun kuchlarni tashlash zarurligini aytgan.

“Kasallarni topish, izolyatsiya qilish, testlash, davolash, kuzatish boʻyicha qatʼiy choralar ekstremal ijtimoiy va iqtisodiy cheklovlardan chiqishning nafaqat tez va eng yaxshi usuli, balki ularni bartaraf etishning eng yaxshi usuli hisoblanadi”, deb taʼkidlab oʻtgan Gebreysus.

“Bu choralar nafaqat virus tarqalishi oldini olishga, balki barcha taqiqlovlar bekor qilingach, epidemiyaning takrorlanishiga yoʻl qoʻymaydi.

Agar ular bunday keskin choralarni koʻrishsa, virus tarqalishining oldini olishga va boshqa davlatlardagi kabi keskin ijtimoiy hamda iqtisodiy yoʻqotishlardan qochish imkoniga ega boʻlishadi”, deb ishonch bildirgan Gebreyesus.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?