Jerar Depardye hujjatli film suratga olish uchun Oʻzbekistonga keldi

16:16 07 Noyabr 2019 Madaniyat
174 0

Mashhur fransuz aktyori Jerar Depardye Oʻzbekiston haqidagi hujjatli film suratga olish ishlari uchun Toshkentga keldi. Aktyor Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, uning qurilish jarayonlari bilan tanishdi. Bu haqda “Oʻzbekkino“ milliy agentligi rasmiy sayti xabar bermoqda.

Depardye, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Aziz Abduhakimov, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov va “Oʻzbekkino” agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov bilan ham suhbatlashdi.

“Men ushbu markazni barpo etish tashabbusi bilan chiqqan mamlakatingiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu yondashuviga qoʻshilaman. Mamlakatingizda ushbu muqaddas dinni insonparvarlik qadriyatlarning diqqat markazi sifatida ulugʻlaydilar va bu buyuk eʼtiqodni zoʻravonlik va qon toʻkish bilan tenglashtirganlarni qoralaydilar. Bugungi kunda koʻplab ekspertlarning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston musulmon dunyosi uchun insonparvarlik rivojlanish modelining poydevorini qoʻymoqda. Bu haqiqatan ham tarixiy lahzalardir”, - deya, Depardye oʻz fikrlarini bildirdi.

Aktyor Oʻzbekiston azaldan olimlar va buyuk mutafakkirlarni dunyoga keltirgan zamin ekanligini alohida taʼkidlab oʻtdi.

“VIII asrdan beri bu yerda noyob intellektual muhit yaratilgan. Matematika, tibbiyot va umuman barcha fan sohalarida katta yutuqlarga erishildi. Ilohiyotga ham kam eʼtibor berildi. Eng nufuzli hadislar toʻplami - Paygʻambarning hikmatlari - Imom Muhammad al-Buxoriy tomonidan tuzilgan. Naqshbandiyning eng katta sufiylik nishoni (zamonaviy Oʻzbekiston hududida paydo boʻlgan – tahrirchi izohi ) Butun Yevrosiyo boʻylab - Bolqondan Indoneziyaga qadar tarqalgan. Koʻplab taniqli buyuk olimlar Movarounnahrda yashab kelganlar, jumladan, Islom ilmining “oltin davri”da - IX-XI asrlarda Oʻzbekistonda. Yevropa dunyosining hech bir mamlakati bunday ilmiy markaz bilan faxrlana olmaydi. Bu Islom maʼrifat gʻoyalarini targʻibotchisi ekanligining yaqqol belgisi emasmi?” - deb xulosa qildi Depardye.

Aktyor oʻzbek xalqining mehmondoʻstligidan va Oʻzbekistonning boy tarixiy va madaniy merosidan hayratda ekanligini bildirdi.

“Oʻzbekistonga noyob jugʻrofiy oʻrin (hudud) tuhfa etilgan. Osiyoning qoq yuragida joylashgan bu mamlakat oʻzidan tashqaridagi mamlakatlarning madaniyatidan koʻplab madaniy anʼanalarni toʻpladi va shu bilan birga oʻz tajribasini tashqi olamga yetkazdi”, - deb taʼkidladi Depardye.

Depardye soʻzining oxirida Islom merosi, maʼrifatli islom mavzusi Oʻzbekistonda suratga olish ishlari boshlangan filmning asosiy mavzularidan biri boʻlishini qoʻshimcha qildi.

“Bizning vazifamiz - fransuz tomoshabinlariga va butun dunyoga islomning haqiqiy qiyofasini - madaniyati, ilmi, sanʼatini namoyish etishdan iboratdir”, - deya taʼkidladi aktyor.

Taʼkidlash joizki, Jerar Depardye ishtirokida hujjatli filmni suratga olish tashkilotchilari sifatida “Oʻzbekkino”, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekistonning Fransiyadagi elchixonasi tashabbus koʻrsatishmoqda. Filmni suratga olish ishlari Oʻzbekistonning 5 ta shahri — Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz va Nukusda olib boriladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?