Janubiy Koreya kompaniyasi Toshkent viloyatida elektron golf klub qurmoqda. Yoxud turizm sohasidagi eng soʻnggi oʻzgarishlar qanday?

09:18 28 Fevral 2020 Welcome to uzbekistan
247 0

Yaqinda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA)ning majlislar zalida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-avgustdagi “Oʻzbekiston respublikasida turizm sohasini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisining oʻrinbosari Faxriddin Davrukov hamda qator boshqarma va boʻlim boshliqlari ishtirok etdi.

Prezidentning ushbu Farmoni turizm infratuzilmasidagi mavjud muammolarni hal etish, taqdim etilayotgan xizmatlar sifatini oshirish va jahon bozorlarida milliy turizm mahsulotlarini faol targʻib qilish, turizm tarmogʻining kadrlar salohiyatini kuchaytirish orqali turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish hamda respublikaga kirib kelayotgan xorijiy fuqarolar sonini keskin koʻpaytirishni maqsad qilgan. Ushbu hujjat orqali koʻplab muhim qarorlar qabul qilindi.

Xususan, “Qarshi”, “Nukus”, “Termiz”, “Buxoro” xalqaro aeroportlarida “Ochiq osmon” rejimi joriy qilindi. Ushbu yoʻnalishda Xitoy aviatashuvchisi “Zhejang Loong Airlines Co.Ltd”ning “Xanchjou – Sian – Toshkent”, turk aviakompaniyasi “Atlasglobal”ning “Buxoro – Istanbul”, “Istanbul – Samarqand” yoʻnalishlarida charter reyslari tashkil etildi. “IrAero” aviakompaniyasi tomonidan “Sankt-Peterburg–Qarshi–Sankt-Peterburg” va “Moskva-Andijon-Moskva” yoʻnalishida doimiy reyslar ochildi. Ushbu reyslarga qadar Qarshi va Andijon xalqaro aeroportlari vaqtincha faoliyat yuritmayotgan edi; Eron aviakompaniyasi “Zagros Airlines”ning “Tehron-Toshkent” yoʻnalishida doimiy parvozlar yoʻlga qoʻyildi.

Ayni chogʻda turizm faoliyati subyektlari va aviatashuvchilarning xorijiy mamlakatlardan Oʻzbekistonga charter reyslarini tashkil qilish boʻyicha xarajatlarining bir qismi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi byudjetdan tashqari Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda qoplab beriladi. Charter reyslari tashkilotchilari xarajatlarining bir qismini qoplash boʻyicha Nizom ishlab chiqilgan va yaqin orada amalga kiritiladi.

Xorijiy kinokompaniyalarning Oʻzbekiston Respublikasi hududida audiovizual mahsulotlar yaratishdagi xarajatlarining bir qismi (“rebate”) Oʻzbekiston Respublikasi davlat byudjeti hisobidan, Oʻzbekistonning tarixiy va afsonaviy shaxslari toʻgʻrisidagi toʻliq filmlarni suratga olish xarajatlarinining bir qismini Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi byudjetdan tashqari Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplash mexanizmlarini joriy qilinadi. 2019-yili xorijiy kinokompaniyalar tomonidan umumiy byudjeti 1,6 million AQSH dollarlik 6 audiovizual mahsulot suratga olindi (“Bazil”, “Raangi”, “Khuda Haafiz”, “Al Safar”, “Race across the world” va “Kids on the silk road”).

“Uzbekistan Airports” AJga aeroport tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar uchun stavkalar hamda yigʻimlarni belgilash va oʻrnatish, aviatsiya yonilgʻisi va yoqilgʻi-moylash materiallarini saqlash uchun zaruriy infratuzilmani kengaytirish va modernizatsiya qilish, aviatsiya yonilgʻisi va yoqilgʻi-moylash materiallarini yetkazib berish, sotish boʻyicha shartnomalar tuzish huquqi berildi. “Uzbekistan Airports” AJ yangi shartnoma orqali aviatsiya yoqilgʻisini tonnasi 890 AQSH dollari narxda sotib ola boshladi. Farmon qabul qilinishidan oldin ushbu narx oʻrtacha 1164 AQSH dollari edi.

Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan respublika boʻylab 93 ta eng yuqori turizm salohiyatiga ega boʻlgan fuqarolar yigʻinlari roʻyxati shakllantirildi. 6. Viza rejimini soddalashtirish va Oʻzbekistonga kirib keluvchi xorijiy turistlarga qulayliklar yaratilishini davom etgan holda 20 davlat fuqarolariga 30 kun muddatga vizasiz rejim joriy qilindi. 2019-yil davomida vizasiz mamlakatlardan kelgan sayyohlar soni — oʻrtacha 26 foizga, shu jumladan, uzoq xorij mamlakatlaridan kelgan sayyohlar oqimi 50 foizga oʻsdi.
Yoʻlboʻyi infratuzilmasini rivojlantirish va avtomagistral yoʻllari boʻylab turizm xizmatlarini tashkil etishni nazarda tutuvchi Andijon viloyatining Xonobod shahridan Surxondaryo viloyatining Termiz shahriga bogʻlangan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq shahrigacha “Oʻzbekiston turizm magistrali” turizm transport koridorini tashkil etishga doir ishlar boshlandi. 
Turizmni rivojlantirish qoʻmitasi, “Oʻzavtoyoʻl”, Qurilish vazirligi, joylardagi hokimliklar vakillari ishtirokida ishchi guruhlar joylarda yoʻlboʻyi infratuzulmasini rivojlantirishga oid loyihalarni oʻrganib, roʻyxat tuzib chiqishdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi amalga oshirilishi tavsiya etiladigan turizm uchun innovatsion biznes gʻoya va startaplar roʻyxatini tasdiqladi. Tashabbuskorlarga ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun xarajatlarining bir qismini qoplab beruvchi grantlar ajratish boʻyicha nizom ishlab chiqilgan boʻlib, u yaqin orada tasdiqlanadi.

Farmon bilan turizm infratuzilmasi rivojlantirilishiga qaratilgan loyihalar va tadbirkorlik faoliyatiga berilgan soliq hamda bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlarni qoʻllash boʻyicha Nizom ishlab chiqildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan mamlakatda turizm sohasini rivojlantirish va ommalashtirishga munosib hissa qoʻshgan jamoat tuzilmalari vakillariga va xorijdagi vatandoshlarga topshiriladigan “Turizm fidoyisi” koʻkrak nishoni nizomi ishlab chiqildi.

Faoliyatining asosiy yoʻnalishlari turizm sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish va turizm tarmogʻi uchun kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish boʻlgan Turizmni rivojlantirish instituti tashkil qilindi. Institut tomonidan turizm sohasidagi kadrlarning malakasini oshirish ishlari tashkil qilinmoqda. Misol uchun, “Turizm mahallasi”, “Turizm qishlogʻi” hamda “Turizm ovuli” maqomiga ega fuqarolar yigʻinlari mahalliy aholisini sayyohlarga xizmat koʻrsatish boʻyicha tayyorlash va oʻqitishni doimiy asosda tashkil etish maqsadida Turizmni rivojlantirish instituti tomonidan oʻquv-reja grafigi ishlab chiqildi.

Institut joriy yilning 18-22-fevral kunlari Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi “Yoshlar oromgohi”da Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tasarrufidagi kollej va texnikumlar oʻqituvchilari uchun seminar-trening tashkil etdi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining iltimosnomasi kelib tushgan kundan boshlab 5 ish kuni ichida tadbirkorlik subyektlariga zamonaviy sanitariya-gigiyena shoxobchalarini qurish uchun yer uchastkalari ajratilishi yuzasidan shaxsiy javobgarligi belgilandi. 2019-yil davomida respublikaning asosiy yoʻllari va turistlar tashrif buyuruvchi joylarda 963 sanitar-gigiyenik tarmoq qurildi, 1142 tasi taʼmirlandi. 192 nafar yuridik va jismoniy shaxsga 270 ta sanitar-gigiyenik tarmoq qurish boʻyicha iltimosnoma berildi, ulardan 49 nafariga yer ajratildi. “E-ticket” onlayn temir yoʻl chipta sotish tizimini yoʻlga qoʻyish belgilandi va bu tizim 2019-yil 1-sentyabrdan ishga tushirildi.

19-20-fevral kunlari Birinchi xalqaro “Uzbekistan airports, aviation & logistics forum” oʻtkazildi. Forumda 1000 dan ziyod ishtirokchi va xorijiy mehmonlar ishtirok etishdi.

Oʻzbekiston Respublikasida Yoshlar turizmini rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqildi.

Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi qarori bilan “Joylashtirish vositalarida xizmat koʻrsatadigan xodimlarga doir umumiy talablar”, “Turoperator va turagentlar xodimlariga doir umumiy talablar” davlat standartlari tasdiqlanib 2020-yil 1-yanvardan amalga kiritildi.

Aeroportlarda, temiryoʻl va avtovokzallarda 4 mb/s tezlikdagi Wi-Fi simsiz tarmogʻi orqali butunjahon Internet tarmogʻidan foydalanish nuqtalarini yaratish topshirigʻiga asosan 55 obyektda (aeroport, vokzal va boshqa jamoat obyektlari), shuningdek 650 xoʻjalik subyektlarining obyektlarida 1 925 dan ortiq “Wi-Fi” orqali Internetga chiqish nuqtalari oʻrnatildi. Shuningdek, mehmonxonalarga boʻlgan talablarga nomerlarda kamida 4 mb/s tezlikdagi Wi-Fi simsiz tarmogʻi orqali ulanish imkoniyatini taʼminlash boʻyicha talab ham kiritildi.

Ekstremal turizmni rivojlantirish maqsadida kemping uchun joylar roʻyxati tasdiqlandi va ular atrofida qoyalarga chiqish nuqtalariga tegishli belgilar oʻrnatish ishlari davom ettirilmoqda.

Barcha turizm obyektlarini 2021-yilning 1-yanvarigacha xalqaro toʻlov kartalari (“Master Card”, “Visa”, “UnionPay” va boshqalar) hamda kobeyjing kartalarini qabul qiluvchi terminallar, shuningdek, valyuta ayirboshlash bankomatlari bilan taʼminlashga doir chora-tadbirlar dasturi Markaziy bank bilan ishlab chiqilib, tasdiqlandi.

Toshkent viloyatida Janubiy Koreyaning “Ceok Tae Global” kompaniyasi tomonidan 1,3 gektar yerda elektron golf klub qurilmoqda. Jizzax viloyatida Janubiy Koreyaning “Mirasmanda Golf resort” kompaniyasiga golf kompleks qurish uchun 200 ga yer ajratildi. Amalga oshirilgan islohotlar natijasida xorijiy sayyohlar soni 2019-yilda 2018-yilga nisbatan 26 foizga oʻsib, 6,7 million nafarga yetdi (2018-yil 5,3 mln.). Oʻz navbatida turizm xizmatlari eksporti 26 foizga oʻsib, 1 313 mln. AQSH dollariga yetdi (2018-yil 1 041 mln. doll). 2019-yil davomida 6 ming xonalar fondiga ega 274 joylashtirish vositalari qurildi va joylashtirish vositalarining umumiy soni 26,1 ming xona fondi bilan 1188 taga yetdi. Ahamiyatlisi, 2017-2018-yillarda joylashtirish vositalarining oʻsish surati 4-9 foizni tashkil qilgan boʻlsa, 2019-yili 30 foizni tashkil qildi; 2019-yil davomida 499 yangi turoperator faoliyati yoʻlga qoʻyilib, ularning umumiy soni 1482 taga yetdi.

Matbuot anjumani doirasida OAV vakillari oʻzlarini qiziqtirgan dolzarb mavzular boʻyicha savol va takliflar bilan murojaat qilishdi. Turistik yigʻim, xizmatlar diversifikatsiyasi, infratuzilmani takomillashtirish kabilar shular jumlasidandir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?