Jahondagi eng gazetxon davlatlarni bilasizmi?

15:47 12 Oktyabr 2018 Jamiyat
345 0

“Xalq soʻzi Online”. Rahmatilla Sheraliyev. Aholi jon boshiga nisbatan gazetalar adadi boʻyicha dunyoda Islandiya mamlakati yetakchilik qiladi. Bu mamlakatda har ming kishi hisobiga 795,7 gazeta toʻgʻri kelar ekan. Bu koʻrsatkich Yaponiyada 634,5, Norvegiyada 620,3, Shvetsiyada 583,4, Finlyandiyada 518,4, Janubiy Koreyada 449,8 tani tashkil etadi.

Mamlakatimizda esa ayni paytda 665 ta gazeta oʻrta hisobda 4 million tirajda chop etilmoqda. Har ming kishiga toʻgʻri keladigan gazetalar soni esa 100 ta atrofida.

Bu raqamlar Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Doʻrmon” ijod uyida boʻlib oʻtgan “Hududiy bosma nashrlarning holatini yaxshilash boʻyicha taklif va tavsiyalar” mavzusidagi seminar-treningda keltirildi. Mamlakat Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi bilan hamkorlikda tashkil etgan tadbirda poytaxt viloyatida faoliyat koʻrsatayotgan jurnalistlar ishtirok etdilar. Tadbirda hududda chop etilayotgan gazetalarning holatini yaxshilash borasida taklif va tavsiyalar ishlab chiqish, menejment va marketing yoʻnalishi boʻyicha ilgʻor tajribalar ommalashtirish, jamoatchilik nazoratini oʻrnatishda jurnalistlarning roli va bunda kasbiy etika tamoyillarga rioya qilish qoidalar toʻgʻrisida oʻzaro fikr almashildi.

“Gazetalarga obuna mavsumi davom etayotgan mana shu kunlarda mazkur tadbirning oʻtkazilishi ayni muddao boʻldi. Gazetxonlar sonini koʻpaytirishda mahalliy nashrlarning mazmun va mundarijasini yanada yaxshilash borasida berilgan taklif va tavsiyalar kundalik faoliyatimizda qoʻl kelishi, shubhasiz”, – deydi Toshkent tumanida chiqadigan “Istiqlol” gazetasi bosh muharriri Saʼdulla Matyoqubov.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?