Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti: Oʻzbekistonda koʻrsatilayotgan perinatal yordam xalqaro standartlarga javob beradi

17:07 09 Oktyabr 2019 Jamiyat
214 0

· Yurtimiz perinatal muassasalarida eng kam vaznli bolalarni ham parvarish va reabilitatsiya qilish muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

· Respublika perinatal markazida har yili oʻrtacha 6000 nafar chaqaloq dunyoga keladi.

· Akusherlik va ginekologiya, neonatal jarrohlik yoʻnalishlarida davolashning innovatsion usullaridan foydalanilmoqda.

Poytaxtimizda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan “Perinatal tibbiyotning dolzarb muammolari” mavzusida I xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtmoqda. Unda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, YUNISEF, YUNFPA ekspertlari, Rossiya, Germaniya, Ukraina, Qozogʻiston singari davlatlarning soha mutaxassislari hamda yurtimizdagi ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining olimlari, davolash muassasalari shifokorlari ishtirok etmoqda.

Anjuman perinatal yordamni mintaqalashtirish, onalar oʻlimi, akusherlikdagi holatlarning inqirozli auditi, “asosiy akusherlik sindromlari”ning dolzarb muammolari, favqulodda vaziyat va zamonaviy akusherlikda kesarcha kesish amaliyotiga bagʻishlandi. Shuningdek, unda neonatologiyadagi dolzarb muammolaridan sanalgan kam vaznli bolalarni parvarish va reabilitatsiya qilish, homila va yangi tugʻilgan chaqaloqlarning hayotini jarrohlik amaliyoti yordamida saqlab qolish, ularda endoskopik jarrohlik muolajalari oʻtkazish, neonatal sepsis, homilaning tugʻma nuqsonlarida malakali akusherlik yordamini koʻrsatish va bu jarayonda bevosita hamshiralarning ham munosib ishtirokini taʼminlash singari muhim masalalar keng muhokama qilinyapti.

Unda Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov soʻzga chiqdi. Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy yoʻnalishlarda olib borilayotgan islohotlar yurtimiz perinatal xizmati tizimida ham oʻz ifodasini topmoqda. Buni yurtimizda 2002-yilda tashkil etilgan Respublika perinatal markazi faoliyati misolida yaqqol koʻrishimiz mumkin. Mamlakatimizda perinatal yordamni tashkillashtirish maqsadida yurtimizning barcha hududlaridagi tugʻruq majmualari viloyat Perinatal markazlariga aylantirildi. Ayni paytda mamlakatimizda 17 ta ana shunday viloyat perinatal markazlari faoliyat koʻrsatmoqda. Shuningdek, Respublika perinatal markazida hududlardagi barcha tugʻruqxonalarda perinatal yordam koʻrsatish boʻyicha maʼlumotlarni yigʻish uchun elektron tizim joriy etilmoqda.

Noyob operatsiyalar amalga oshirilayotgan ushbu markazda mamlakatimizning barcha hududlaridan va hatto qoʻshni davlatlardan kelgan bemorlar ham qabul qilinmoqda. Eng soʻnggi tashxis qoʻyish va davolash uskunalari bilan jihozlangan hamda xodimlari katta tajribaga ega markazda zamonaviy davolash usullaridan keng foydalanilmoqda.

JSST ekspertlarining fikriga koʻra, markazning moddiy texnika-baza bilan taʼminlangani va bu yerda koʻrsatilayotgan perinatal yordam xalqaro standartlarga toʻliq javob beradi. RPM onalar va yangi tugʻilgan chaqaloqlarga ixtisoslashgan yordam koʻrsatadi. Uning negizida Respublika oʻquv tibbiy-uslubiy markazi ham faoliyat koʻrsatmoqda.

Respublika perinatal markazida har yili oʻrtacha 6000 nafar chaqaloq dunyoga keladi. Ularning 38 foizi poytaxtga va 62 foizi uning hududiy filiallariga toʻgʻri keladi. Bu yerda, shuningdek, akusherlik va ginekologiya, neonatal jarrohlik yoʻnalishlarida davolashning innovatsion usullaridan foydalanilayotgani ham eʼtiborga molik.

Malakali kadrlarning samarali faoliyatini taʼminlash markaz oldida turgan dolzarb masalalardan hisoblanadi. Oʻtgan yil markazning bir guruh shifokorlari dunyoning tibbiyoti rivojlangan davlatlari Rossiya, Germaniya, Italiya, Fransiya, Xitoy, Turkiya singari yetakchi davlatlaridagi nufuzli klinikalarda malaka oshirib qaytgani ana shu saʼy-harakatlar natijasidir.

Anjumanda homiladorlik, tugʻish, tugʻruqdan keyingi davrda va yangi tugʻilgan chaqaloqlarda ayollarga tibbiy yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish doimiy ravishda davom yetib, rivojlanishi lozimligi taʼkidlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?