Jahon iqtisodiyoti korrupsiya holatlari tufayli yiliga 2,6 trillion AQSH dollari yo'qotmoqda

10:01 03 Iyul 2020 Siyosat
208 0

Zang temirni yemirgani kabi, korrupsiya jamiyatni yemiradi, chiritadi. Shu sababli korrupsiyaga adolat, taraqqiyot tushunchalari begona.

Globallashuv va integratsiya jarayonlari kuchaygan, chegaralar shaffoflashgan davrda hech bir davlat korrupsiyadan xoli faoliyat yuritolmaydi, albatta. BMT Taraqqiyot dasturida jahon iqtisodiyoti aynan korrupsiya holatlari tufayli yiliga 2,6 trillion AQSH dollari mablagʻ yoʻqotayotganini, jamiyat taraqqiyotining eng xavfli kushandasiga aylangan bu illatga qarshi faqat birgalikda kurash olib borishgina kutilgan samarani keltirishi taʼkidlangan.

Shubhasiz, davlat xizmatchilari tomonidan poraxoʻrlik, mansab mavqeini suiisteʼmol qilish bilan bogʻliq jinoyatlar sodir etilishi davlat hokimiyatining obroʻsizlanishiga, davlatning siyosiy, iqtisodiy, huquqiy tizimiga putur yetishiga, natijada amaldagi hokimiyatga nisbatan norozilikka sabab boʻladi. Boshqacha aytganda, muayyan davlatda korrupsiyaning rivojlanishi oʻsha davlatning iqtisodiy-maʼnaviy tanazzuliga, xalqaro maydonda obroʻ-eʼtiborining susayishiga olib keladi.

Bunga birgina misol. Keyingi yillarda xorijiy investorlar oʻzlari mablagʻ kiritmoqchi boʻlgan davlatning Transparency International Xalqaro korrupsiyaga qarshi tashkiloti (Corruption Perception Index) roʻyxatidagi holatini oʻrganadigan boʻlishgan. Bugungi kunga kelib esa hatto sayyohlar ham xuddi shunday yoʻl tutishmoqda. Taassufki, bu tashkilot reyting roʻyxatidagi 180 davlat orasida yurtimiz 158-oʻrinda turibdi.

Eʼtirof etish lozim, mamlakatimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar jamiyatda qonun ustuvorligi, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash uchun muhim poydevor boʻldi, xalqimizning munosib hayot kechirishi, fuqarolarimizning bunyodkorlik salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratdi. Biroq hayot hech qachon bir joyda toʻxtab qolmaydi. Chunonchi, shaxs hamda jamiyat manfaatlarini yana-da samaraliroq himoya qilish korrupsiyaning oldini olishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish ehtiyojini vujudga keltirdi.

Buning amaliy koʻrinishi sifatida Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni eʼlon qilindi. Farmonga koʻra, 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturini izchil roʻyobga chiqarish, shuningdek, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan davlat siyosatining samaradorligini oshirish maqsadida bevosita Prezidentga boʻysunadigan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini tubdan oshirish boʻyicha belgilangan vazifalar korrupsiya holatlarining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, ularni bartaraf etishning taʼsirchan tizimini yaratishni taqozo etmoqda.

Farmon Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi gʻoyalariga hamohangligi bilan bizning masʼuliyatni yana-da kuchaytirgan holda faoliyat yuritishga undaydi. Zero, jamiyatimizda korrupsiyaga qarshi keskin kurash olib borish partiyamizning dasturiy vazifalaridandir.

Bir soʻz bilan aytganda, yurtimizni korrupsiya atalmish illatdan butkul forigʻ etish hammamizning burchimiz.

Inomjon KUDRATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?