Yuring, kutubxonaga, yangicha dunyolarni kashf etamiz!!!

09:42 05 Avgust 2019 Madaniyat
232 0

Kitob doʻkoniga qachon borgansiz? Bir oy avvalmi yoki 3 oydan oshdimi?.. Eslolmasangiz, bugundan otlaning. Chunki sizni ne-ne buyuklar navbatma-navbat kutib turibdi. Hali issiq taftini yoʻqotmagan yangi nashrlar kutubxonani non isidek xushboʻy hidga toʻldirib yuborgan.

Yaqinda “Oʻzbekiston Milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti tomonidan buyuk adiblarning vaqt hukmidan gʻolib oʻtgan asarlari yana nashr etildi. Yangicha koʻrinish, yangicha dizaynda ruhiy olamingizning eng chuqur yerlarigacha taʼsir qiladigan mazkur kitoblarning bir nechtasi haqida xabar beramiz. Yana eshitmay, dogʻda qolmang. Chunki yaxshi kitob mutolaasidan bebahralik oqibati dunyodan bexabarlikka sababchi boʻlishi mumkin.

Hamma yaxshi va yangi kitoblar hamrohingizga aylansin. Sizlarga yoqimli mutolaa tilaymiz.

Erkin Vohidov “Sevgi shunday navbahorki”

Sevgi shunday navbahorki,

U tikandin gul qilur,

Toshga jonu til bagʻishlab,

Zogʻni ham bulbul qilur.

Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning sara asarlari toʻplangan mazkur kitob buyuk ijodkorni sogʻingan muxlislari uchun tuxfa boʻla oladi.

Ushbu kitobda adabiyotshunos olim Ibrohim Gʻofurov taʼkidlaganidek, “sheʼriyatning maʼrifati va madaniyatini oʻzida jamlagan shoir” ijodining zamon chigʻiriqlaridan omon oʻtgan satrlaridan bahramand boʻlishingiz mumkin.

Rasul Hamzatov “Mening Dogʻistonim”

Mazkur kitobda “Kichkina goʻdak ham katta tushlar koʻradi” degan ajoyib fikr bor. Bunda Dogʻiston nazarda tutilgani aniq. Oʻz xalqini, tilini, Vatanini Rasul Hamzatovdek sevib ardoqlagan insonlar kam topiladi. “Mening Dogʻistonim” asari har kimga qanday boʻlishidan qatʼiy nazar oʻz uyini, mahallasini, oʻz yurtini sevishni oʻrgatadi. Shoir kitobida shunday yozadi: “Jonajon Dogʻistonim. Men shu yerda tugʻildim, shu yerda birinchi bor oʻz ona tilimda soʻz eshitdim. Bu soʻz mening vujudimga va qonimga singdi. Bu yerda men oʻz ona tilimda birinchi qoʻshiqni eshitdim. Oʻzim birinchi qoʻshigʻimni aytdim. Bu yerda men nonning taʼmini, suvning mazasini bildim. Togʻ toshlari oyoqlarimni qonatdi, togʻ irmoqlari jarohatlarimni yuvib, togʻ giyohlari shifo bagʻishladi”.

Ernest Xeminguey “Chol va dengiz”

“Inson magʻlubiyatga uchrash uchun yaratilgani yoʻq. Insonni yoʻq qilib tashlash mumkin, ammo uni aslo yengib boʻlmaydi!” deb yozadi Ernest Xeminguey “Chol va dengiz” qissasida. Mazkur asar 1952-yilda dunyoga keldi. Va yozuvchiga haqiqiy shuhrat keltirdi. 2 yil oʻtib mazkur asardagi gʻolibona ruhiyat sabab Xeminguey Nobel mukofoti sovrindori boʻldi.

Oʻzingizni, ruhingizni tarbiyalashga kirishdingizmi? Unda vijdonli ijodkor, realist yozuvchi, XX asrning zamondoshi boʻlgan Xemingueyning “Chol va dengiz”ini oʻqing! Shunda siz ham yagona xulosaga kelasiz: “Insonni yengib boʻlmaydi!”.

Choʻlpon “Kecha va kunduz”

Zebining Sibir oʻlkalariga surgun qilinishi, begunoh oʻzbek ayolining tuxmat, razolat, johillik qurboniga aylanishi Choʻlponning “Kecha va kunduz” romanidagi voqealar rivojida oʻz ifodasini topgan. Xoʻsh, Zebining ayanchli taqdir egasiga aylanib qolishiga kim aybdir?

Oʻzimi, ifloslangan muhitmi yoki atrofidagi razil kimsalar?.. Asarda tasvirlangan voqealardan kelib chiqib xulosa qilish mumkinki, Zebi yashagan davrni tag-tomiri bilan oʻzgartirish kerak. Yoki Sizda boshqacha fikr tugʻildimi? Unday boʻlsa, yana bir bor “Kecha va kunduz” ni oʻqib chiqib, mulohaza yuritamiz. Buyuk asarlarning yangi nashrida yangi olam, yangicha fikr, yangi dunyoni kashf etamiz!

Chingiz Aytmatov “Jamila”

Atoqli adib Lui Aragon tomonidan rus tilidan ham avval fransuz tiliga tarjima qilingan va XX asr jahon adabiyotida sevgi haqidagi eng goʻzal asar deb baholangan Chingiz Aytmatovning “Jamila” qissasini oʻqiganmisiz? Albatta, buyuk yozuvchining “Jamila”sini oʻqimay, 18 ga kirgan yoshlar kamdan-kam topiladi. Adib “Jamila” qissasida inson qalbini, uning koʻnglini himoya qildi, maʼnaviy tanazzul botqogʻidan qutulishidan umid uzmadi. Biz Jamila, Asal, Bola, Moʻmin, Toʻlgʻonoy, Edigey, Avdiy va boshqa obrazlarda insonga xos qalb tarovatini, insonning kelajagi hamda ertasiga, uning irodasi va qudratiga ishonchni his etamiz.

Sizga ham zavqli mutolaa tilaymiz!!!

Goʻzal Oxunova,

“Yoshlar media markazi” bosh mutaxassisi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?