Yuqumli kasallik (koronavirus) sabab vafot qilgan kishini yuvish va dafn qilish

10:51 27 Mart 2020 Jamiyat
3473 0

Foto: www.google.com

Vafot etgan har musulmonning tiriklar ustida uni yuvish, kafanlash, hamda unga janoza namozi oʻqib, musulmonlar qabristonida dafn qilishdek haqlari mavjud. Bu ishlar odatda qanday qilinishidan koʻpchiligimiz boxabarmiz. Biroq istisno holatlarida, masalan Koronavirus vabosi davrida unga chalingan mayyitni yuvish, kafanlash va janoza oʻqish qay yoʻsinda amalga oshiriladi?

Fuqaholarning bu xususdagi fatvolariga koʻz yugurtirdim. Quyida ularning qisqacha amaliy xulosalarini aytib oʻtaman. Mutaxassislar esa ilova qilinayotgan manbalarga murojaat qilishlari mumkin.

Xulosa shuki, agar turli sabablarga koʻra mayyitni anʼanaviy tarzda yuvishning imkoni boʻlmasa, (masalan mayyit jasadi kuyib ketgan boʻlsa, suvda choʻkib shishib ketsa yoki yuqumli kasali boʻlsa) uni odatdagidek ishqalab yuvish oʻrniga, ustidan ehtiyotkorona suv quyiladi/oqiziladi. Buning ham imkoni boʻlmagan taqdirda esa unga tayammum qildiriladi. Masalan “Hidoya“ning sharhi boʻlmish “Inoya“da (16/261) :“Suv yoʻqligi/taqchilligi sabab yuvilmagan mayyitga tayammum qildiriladi. Tegib boʻlmasligi (masalan shishib ketgani) tufayli yuvish imkoni boʻlmaganda esa mayyit ustidan bir suv quyib yuboriladi“, deyiladi.

Baʼzi zamondosh ulamolar yuqumli kasalligi mavjud mayyitning jasadiga tayammum qildirish oʻrniga tayammum uning kafani yoki kafan ustidan qoplangan matoh ustidan qildirilishini munosib koʻrishgan. Soʻng mayyitga ehtiyot chorasi koʻrilgan tarzda janoza oʻqib dafn qilishni taʼkidlashgan.

Misrdagi Dorul-Ifto nashr qilgan fatvoda shuningdek, yuqumli kasalligi mavjud mayyit ustidan suv quyish jarayoni gʻassol(lar)ga zarar yetmasligi uchun barcha himoyaviy chora-tadbirlar olin taqdirdagina qilinishi aytilgan. Undan tashqari, agar dafn qilingunga qadar mayyit jasadidan boshqalarga zararli modda chiqish ehtimoli boʻlsa, kafan ustidan buning oldini oladigan matoh bilan mahkam oʻralishi zarurligi qayd qilingan.

Dorul-Ifto fatvosida yana, yuqish ehtimolini oldini olish maqsadida janoza namozini aholidan chekka bir joyda, oz sondagi namozxonlar bilan oʻqish tavsiya qilinadi. Shuningdek, mabodo kasallik yuqish xavfi yoki boshqa sabab mayyitga janoza oʻqimasdan dafn qilingan boʻlsa, qabr ustida mayyit uchun yakka-yakka tarzda janoza oʻqilishi eslatiladi.

Fatvo soʻngida ulamolar bu kabi istisno holatlarida yuqoridagidek ehtiyotkorona yondashish Islom shariati ruhiga uygʻunligi taʼkidlanadi. Zero, Islom inson hayotini himoya qilishni oʻzining eng oliy maqsadlaridan biri deb biladi.

Alloh taolo bandalarini muntazam tarzda turli sinov, balo va vabolar bilan sinab turadi. Maqsad ularning toʻgʻri xulosa chiqarib oʻzlarini oʻnglashi va toʻgʻri yoʻlga qaytishlaridir. Koronavirus (Kovid 19) vabosi ham shunday sinov balolardan biri boʻlsa ajab emas.

Alloh taolodan musulmonlarga oʻz dinida mustahkam boʻlishni nasib qilishini, hamda barcha insoniyatni hidoyatga boshlashini soʻrab qolamiz.

Materialni Muhiddin Qudrat oʻgʻli (Shirinov) hozirladi

Sana: 2020-03-26

Manbalar:

1. https://cutt.ly/Ytmsx5M (Misrdagi Dorul-Iftoning fatvosi)

2. https://cutt.ly/ttmsbns (Bu masalada fuqaholar qarashlarining xulosasi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?