Yuksak tafakkur, qatʼiy intizom, sabr-toqat va ulkan masʼuliyat koronavirusni yengishda asosiy qurolimizdir

16:59 04 Avgust 2020 Jamiyat
1961 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Butun dunyoga keng yoyilgan koronavirus infeksiyasi mamlakatimizni ham chetlab oʻtmadi. Bugun ushbu ofatdan zararlangan bemorlar soni muttasil oshayotgani ham sir emas.

Koronavirus havo tomchi yoʻli orqali yuqadigan kasallik. Bunday kasalliklarning oldini olishda eng samarali yoʻl, karantin tadbirlaridir. Shu bois mamlakatimizda kasallik qayd etilgan dastlabki kunlardan boshlab qatʼiy karantin talablari joriy qilindi. Ayni paytda karantin muddati 15-avgustgacha uzaytirilishining boisi bu kasallik aholi orasida keskin tarqalib ketishining oldini olishdir.

Xoʻsh, insoniyat bu balodan qachon qutuladi? Xususan, uni bartaraf etish borasida yurtimizda hozirgi kunda qanday chora-tadbirlar koʻrilmoqda? “Tojdor” virusdan kasallanganlarni davolashda qoʻllanilayotgan strategiya qanchalik samarali boʻlyapti?

Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori, professor Laziz TOʻYCHIYEV bilan suhbatimiz shu kabi masalalar atrofida kechdi.

— Avvalo, yaqinda Prezidentimiz Farmoniga muvofiq, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlanganingiz bilan tabriklaymiz.

— Rahmat. Bu yuksak mukofot, oʻylaymanki, mening timsolimda bugungi kunda koʻrinmas “yov”ga qarshi jasorat bilan tunu kun kurash olib borayotgan shifokorlar mehnatiga eʼtibor va gʻamxoʻrlik ifodasi boʻldi.

Darhaqiqat, odamga kuch bagʻishlaydigan eng katta vosita, bu — eʼtibor. Eʼtibor natijasida jamiyat ravnaq topadi, odamlar koʻnglida yangi orzu-umidlar paydo boʻladi. Eʼtiborli boʻlgan inson hayotga, yon-atrofida roʻy berayotgan voqealarga befarq qaramaydi. U odamlarning tashvishi, dardiga sherik boʻladi, ular uchun kuyunadi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda tibbiyot xodimlariga nisbatan juda katta ijobiy yondashuv shakllanib bormoqda. Jumladan, bu pandemiya sharoitidakoʻzga yaqqol tashlandi. Iqtisodiyot ham, ijtimoiy hayot ham murakkab holatga tushib qolgan ayni paytda davlatimiz rahbari tibbiyot xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishni yana-da kuchaytirishga, ularni davlat mukofotlari bilan taqdirlashga alohida ahamiyat qaratmoqda. Bu bizga juda katta kuch beradi.

Tushunib turibmiz: bu — ishonch. Demak, biz shu ishonchga munosib boʻlmogʻimiz, ishimizni shunga qarab tashkil etmogʻimiz darkor. Chunki biz juda ogʻir, murakkab sharoitda qadam bosyapmiz. Bu jarayon qachon tugashini ham bilmaymiz. Shunday sharoitda mehnatimiz qadrlanib, har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotgani bizni nafaqat ruhlantiradi, balki yurtimizga xizmat qilishda gʻayrat-shijoatimizni yana-da oshiradi.

— Endi bevosita mavzu yuzasidan savol-javoblarga oʻtsak.

— Marhamat.

— Iyul oyining boshidan yurtimizda koronavirus bilan kasallanish holatlari nisbatan ortdi. Davlatimiz rahbari shu yil 15-iyul kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida ushbu infeksiya keng tarqalishining oldini olish va bemorlarni davolashda yangi tizim yoʻlga qoʻyilishi boʻyicha topshiriq berdi. Ushbu tizimning oʻziga xosligi nimada? Shu haqda fikringizni bilmoqchi edik.

— Mamlakatimizga bu virus kirib kelgan kundan boshlab maxsus choralar koʻrib kelinmoqda. Xususan, Respublika maxsus komissiyasi tuzildi, tibbiyot muassasalari favqulodda ish rejimiga oʻtkazildi, qisqa muddatda maxsus shifoxona va karantin zonalari qurildi, sihatgoh hamda oromgohlar karantin muassasalari sifatida moslashtirildi, tibbiyot maskanlari dori-darmon, himoya va diagnostika vositalari bilan yetarli darajada taʼminlandi.

Qatʼiy karantin oʻrnatilgani bois kasallanish hamda undan oʻlim holatlari dastlabki oylarda kam yuz berdi. Tan olish kerak, bundan bir oz xotirjamlikka berilganimiz ham rost.

Asosan, iyul oyidan boshlab kasallanish koʻrsatkichlari keskin koʻtarildi. Shu bois Prezidentimiz infeksiya keng tarqalishining oldini olish va bemorlarni davolashda yangi tizimni yoʻlga qoʻyish yuzasidan aniq topshiriqlar berdi. Binobarin, pandemiya jarayoni oʻzgardi. Virus nafaqat kasallik oʻchogʻida boʻlgan fuqarolar hamda bemorlar bilan muloqotga kirishgan insonlar oʻrtasida, balki aholi orasida ham keng tarqalmoqda. Shu sabab 10-iyuldan 1-avgustgacha qatʼiy karantin tiklanganini va hozirgi kunda 15-avgustgacha uzaytirilganini koʻrib turibmiz.

Davolash prinsiplaridagi oʻzgarishlarga keladigan boʻlsak, kasallik tasdiqlangan, ammo alomatsiz yoki yengil shakli kechayotgan bemorlarni uyda davolash hamda klinik belgilari va darajalariga qarab statsionarda davolash maqsadga muvofiq deb topildi. Statsionar hamda ambulator sharoitda davolash protokollari hozirgi kunda ham tubdan koʻrib chiqilmoqda. Yaqin kunlarda bu borada yangi mexanizmlar amaliyotga joriy etiladi.

— Kasalligi belgisiz kechayotgan yoki ahvoli ogʻir boʻlmagan bemorlar uyda davolanishga oʻtkazilgani qanchalik samara bermoqda? Umuman olganda, ayting-chi, bemor qanday holatlarda shifoxonaga yotishi shart?

— Belgisiz degani klinik alomatlari yoʻq, degani. Bunda bemor kasallikni oʻzida umuman his qilmasligi ham mumkin.

Xoʻsh, kasallikning yengil koʻrinishlari qanday kechadi?

Shu narsani aniq bilishimiz kerakki, bunda ham isitma chiqishi, yoʻtal, holsizlik, qattiq terlash, bosh ogʻrigʻi, intoksikatsiya holatlari kuzatilishi mumkin. Bunday bemorlar uyda davolanyapti. Uyda davolanishi rejalashtirilgan bemorlarga poliklinika tomonidan mobil brigada yuboriladi. Umumiy amaliyot shifokori, infeksionist va epidemiologdan iborat ushbu brigada bemorga nazorat rejasini tuzadi, tegishli dorilarni beradi, oila aʼzolariga kun tartibi hamda sanitar-gigiyenik talablarni tushuntiradi. Bemorlar birlamchi boʻgʻin, yaʼni ambulator-poliklinika muassasalari tomonidan nazoratga olinadi va zarur dorilar bilan bepul taʼminlanadi. Poliklinika shifokori bemorning holatiga koʻra 1 kunda bir marta yoki 2 kunda bir marta koʻrikni amalga oshiradi. Boshqa payt umumiy amaliyot shifokori har kuni ikki-uch marta telefon orqali bogʻlanadi.

Biroq bemor oʻzida kasallikning kechishiga oʻta diqqatli boʻlishi shart. Agar nafas tezligi daqiqasiga 30-marta va undan koʻp boʻlsa, yengil harakatlarda hansirash, holsizlik, yoʻtal tobora kuchaysa, tana harorati 3-4 kun muttasil baland boʻlsa, tezda shifokorga xabar berishi zarur. Bunda belgilangan tartibda maxsus brigada yordamida bemor statsionar davolanishga yuboriladi.

— Qatʼiy karantin talablari qayta joriy etilganiga ham mana 20 kundan oshib ketdi. Ammo, afsuski, infeksiyaga chalinganlar soni muntazam oshib bormoqda. Kasallanish “zanjiri”ni uzish uchun yana qanday chora-tadbirlar koʻrilishi kerak?

— Maxsus komissiya tomonidan karantin davrida kishilar nima qilishi va nima qilmasligi kerakligi belgilab berildi.

Afsuski, hammamiz shu narsaning guvohi boʻlib turibmiz: aholining karantin talablari haqidagi tushunchalari hali ham sayoz. Yoki odamlar befarqlikka shu qadar oʻrganib qolgan.

Masalan, ertalabki soat 7 dan 10 gacha yoʻllarda avtomobillar harakatiga ruxsat berilgan. Lekin koʻryapmizki, soat 10 dan keyin ham koʻcha toʻla mashina, qayoqqadir shoshayotgan yoki xuddi sayrga chiqqandek bamaylixotir odimlayotgan odamlar... Toʻgʻri, har birimizning oʻzimizga yarasha biror maqsadimiz, rejalashtirgan ishlarimiz yoki tashvishimiz bor. Lekin karantin eʼlon qilindimi, unga amal qilishimiz ham shart-da!

Kasallanish “zanjiri”ni uzish uchun yana qanday chora-tadbirlar koʻrilishi kerakligi haqida fikr yuritadigan boʻlsak, bir mutaxassis sifatida aytishim mumkinki, karantin chin maʼnoda karantinga aylanishiga erishishimiz lozim. Mutasaddilar masʼuliyat va talabni yana-da oshirishi tarafdoriman.

Mana, shanba hamda yakshanba kunlari 24 soat davomida avtomobillar harakati cheklanib, aholiga uyda qolish tavsiya etildi. Ushbu talab hafta davomida ham amal qilganida hozirda kasallanish koʻrsatkichlari bugungi kundan ancha past boʻlardi, deb oʻylayman.

Shuningdek, sogʻligʻimiz oʻz qoʻlimizda ekanini teran anglashning fursati allaqachon yetgan. Chunonchi, infeksiyaga chalinish holatlarining ortishiga sabab oʻzaro muloqotlarning koʻpligidir. Har bir odam oʻzining boshqalar bilan muloqotini kamaytirsa, ijtimoiy masofa saqlasa, kasallik tarqalishi shunchalik kamayadi.

— Bemorlar uyda davolana boshlagach, aholi orasida, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda qoʻllanilayotgan dori vositalarining samarali yoki samarasizligi haqida turli gap-soʻzlar, tavsiyalar “urchidi”. Siz mutaxassis sifatida aynan qaysi dori vositalarini qabul qilish foydali yoki aksincha, aynan qaysi dorilarni ichish zarar ekanligiga oydinlik kirita olasizmi?

— Darhaqiqat, aholi orasida, turli ijtimoiy tarmoqlarda “maslahatchilar” koʻpayib qoldi. Toʻgʻri, ularning orasida malakali, tajribali, bilimli tibbiyot xodimlari ham bor. Biroq, afsuski, oʻzibilarmonlar yoki soxta obroʻ qozonish niyatida har xil maʼlumotlarni tarqatayotganlar ham oz emas. Hatto aholiga nafaqat ijtimoiy tarmoqlarda, balki radio va televideniye orqali bugungi murakkab vaziyatni toʻla tushunmasdan, kasallikning patogenezini bilmasdan turli tavsiyalar berayotgan insonlar ham uchrayapti.

Mutaxassis sifatida aytishim mumkinki, koronavirus, bu — oʻtkir respirator infeksiya. U yuqumli kasalliklarning katta bir guruhiga kiradi. Bu guruhni davolashning oʻziga xos klassik prinsiplari bor.

Bunda, birinchi navbatda, bemorni alohidalash, izolyatsiya qilish, oila aʼzolari va boshqalar bilan muloqotini cheklash shart.

Ikkinchidan, bemor uyda koʻp suyuqlik ichishi zarur. Chunki kasallik chaqirgan intoksikatsiyani aynan oʻzimiz koʻp suyuqlik ichib, yengishimiz mumkin.

Uchinchidan, toʻliq miqdorda toʻgʻri ovqatlanish. Bemor kuniga 4-5 mahal taomlanishi zarur. Turli koʻkatlar, meva-sabzavotlar, qaynatib yoki dimlab pishirilgan ovqatlar tanovul qilishi, aksincha, qovurilgan, xamirli, shuningdek, turli “fastfud” taomlarni isteʼmol qilmasligi maqsadga muvofiq.

Toʻrtinchidan, bemor yotgan xonani 
tez-tez shamollatib turish kerak. Infeksiyaga chalingan insondan yengil jismoniy mashqlarni bajarish, tozalik va gigiyena qoidalariga qatʼiy amal qilish talab etiladi.

Beshinchidan, u dori vositalaridan toʻgʻri foydalanishi shart. Yaʼni kasallikning biror-bir klinik belgisi namoyon boʻlganida yordam beruvchi va uni bartaraf etuvchi dori vositalaridan samarali foydalanish zarur. Misol tariqasida aytsak, isitma 
38 darajadan baland boʻlganda “Paratsetamol” yoki “Aspirin” dori vositasini isteʼmol qilishi mumkin.

Uyda davolanayotgan bemorlarga tarqatilayotgan dorilardan biri — “Azitromitsin” boʻlib, u makrolidlar guruhiga kiradi. Makrolidlar esa antibakterial vosita sifatida nisbatan kuchli dori hisoblanadi. Biroq “Azitromitsin” oʻzi virusga qarshi ishlamaydi, bu dori vositasi virus natijasida shamollash alomatlari kelib chiqadigan boʻlsa va shifokor dorini qabul qilish vaqti yetgan, deb hisoblasa, bemorga tavsiya etiladi.

Bundan tashqari, uyda davolanayotgan bemorlarga kukun shaklidagi S vitamini, yaʼni askorbin kislotasi ham beriladi. U toʻplam tarkibidan joy olgan. Bu vitamin organizmning kasallikka qarshi kurashuvchanligini oshiradi. Kukunni suv bilan aralashtirib, kuniga bir necha marta ichish mumkin. Lekin immunomodulyatorlar, shuningdek, xalq tili bilan aytganda, har xil “kapelnitsalar” qabul qilish nafaqat befoyda, balki ular salomatlikka jiddiy zarar ham keltirishi mumkin.

Maxsus dori vositalari toʻgʻrisida gapiradigan boʻlsak, ular har bir bemor uchun turlicha tavsiya etilishi mumkin. Chunki organizmlar bir xil emas. Ularning orasida yoshi bor, keksasi bor, homilador yoki biror surunkali kasallik bilan ogʻrigani bor. Shuning uchun har bir bemorga biror dori vositasini tavsiya etish uni davolovchi shifokor tomonidan amalga oshiriladi.

— Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda Toshkent tibbiyot akademiyasi tomonidan “Coronavirus yordam” telegram boti ishga tushirilganidan xabarimiz bor. Ushbu onlayn platforma qanchalik samarali faoliyat yuritmoqda?

— Bugungi murakkab sharoitda aholining toʻgʻri axborot bilan taʼminlanishi koʻplab muammolarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bizning Telegram botimiz yurtdoshlarimizga oʻz vaqtida toʻgʻri maʼlumotlar yetkazib berish maqsadida tashkil etilgan. Unga kuniga 2-3 ming murojaat kelib tushyapti.

Mazkur jarayonga akademiyaning 70 ga yaqin professor-oʻqituvchilari operator sifatida jalb etilib, ular 24 soatlik uzluksiz ish rejimida aholini qiziqtirgan savollarga onlayn javob bermoqdalar.

Biz kelayotgan savollarni tahlil qilib chiqdik. Aniqlandiki, ularning ichida 250 ta savol yurtdoshlarimiz tomonidan eng koʻp berilmoqda. Ushbu savollarga toʻgʻri va aniq, loʻnda javoblar shakllantirildi. Natijada mazkur savollarga tezkorlik bilan javob qaytarish imkoniyati paydo boʻldi.

Bilamizki, hozirgi kunda Call-markazlarga aholidan juda koʻp murojaatlar boʻlyapti. Aytish joizki, bizning Telegram botimiz koronavirusning oldini olish va boshqa masalalar boʻyicha murojaatchilarga maslahatlar berish orqali ana shu platformalarga boʻlayotgan bosimni bir oz boʻlsa-da, yengillatishga xizmat qilmoqda.

Bundan tashqari, Toshkent tibbiyot akademiyasining 100 nafar koʻngilli talaba-yoshlaridan iborat “Salomatlik posbonlari” targʻibot guruhi tashkil etilgan.

Shuningdek, akademiya xodimlari 2020-yilning 17-iyulidan Toshkent viloyatining tuman va shaharlariga safarbar etildi. Ular tuman tibbiyot birlashmalari boshliqlari bilan birgalikda ishchi guruh aʼzosi sifatida tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasini, shuningdek, ajratilgan binolarni COVID-19ga gumon qilingan va uning yengil formasi bilan kasallangan bemorlarni davolovchi provizor shifoxonaga aylantirilishini, tashkillashtirilgan Call-markazlari ishini hamda uyda davolanayotgan bemorlarga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini nazorat qilish va amaliy yordam berish borasidagi ishlarni bajarishayotir.

Barchamizning maqsadimiz bir: tezroq “tojdor” virusni mahv etish, uni insonlar vujudidan, xonadonlardan, obod shaharu qishloqlarimizdan, yurtimizning har bir goʻshasidan, butun dunyodan quvish. Bu kurashda gʻalabaga erishish har birimizga bogʻliq.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, hammamiz yana-da jipslashib, sabr-matonatli boʻlsak, shifokorlar tavsiyalariga toʻliq amal qilsak, albatta, bu kasallikni tezroq yengib oʻtamiz.

Bu kurashda tibbiy choralar bilan birga, yuksak tafakkur, qatʼiy intizom, sabr-toqat va ulkan masʼuliyat koʻrsatishimiz lozim. Bu sifatlar bizning eng asosiy hamda eng taʼsirchan qurolimizga aylanishi shart.

Dilshod KARIMOV

(“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?