Yoshlar va xotin-qizlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash qamrovi kengaymoqda

10:44 29 Oktyabr 2020 Iqtisodiyot
279 0

Xalqimiz azaldan roʻzgʻorning obodligini halol mehnatda, deb bilgan. Hanuz shu fikrda sobit yashamoqda. Ilgari oilada bir kishining ishlashi qozon qaynashiga, turmush kechirishiga kifoya qilgan boʻlsa, hayotimizga turfa yangiliklarning kirib kelishi, zamonaviy ehtiyojlarning paydo boʻlishi oilaviy mehnat qilish koʻnikmasini shakllantirmoqda. Uy bekalari va farzandlar ham oilaboshi bilan yonma-yon ishlab, mamlakat rivojiga hissa qoʻshish barobarida, roʻzgʻor kam-koʻstini butlayapti. Xalqimizning intilish va saʼy-harakatlariga monand davlat ham fuqarolarning bandligini taʼminlash orqali farovon turmush kechirishiga zamin yaratmoqda.

Biroq holva degan bilan ogʻiz chuchimaydi. Davlat imkoniyat qilib bersa-da, fuqaro undan foydalanish malakasiga yoki tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun yetarli sarmoyaga ega boʻlmasa, saʼy-harakat samarasizligicha qolaveradi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 8-oktyabr kuni jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini taʼminlash chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida taʼkidlanganidek, ehtiyojmand xotin-qizlarning 55 foizi oʻrta maʼlumotli. Ishsiz yoshlarning ham koʻpchiligi zamonaviy bilim va hunarlarni egallamagan. Demak, ularni doimiy ish bilan taʼminlash uchun kasb-hunar oʻrgatish, ishbilarmonlik uchun zarur bilim va mablagʻ zarurati mavjud. Yigʻilishda bu masalaning ham yechimi koʻrsatildi. Xotin-qizlar va yoshlar bandligini taʼminlash boʻyicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinib, nodavlat kasb-hunar taʼlimi markazlari orqali yoshlar va ayollarda kasbiy koʻnikmalarni shakllantirish, ularni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan 100 million dollar miqdoridagi mablagʻ yoʻnaltirilishi taʼkidlandi. Shuning 10 millioni yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunarga oʻqitishga, 90 millioni esa oʻquv kurslarini tamomlab, sertifikat olganlarga imtiyozli kreditlar ajratish uchun sarflanadi. “Ijtimoiy shartnoma” orqali nodavlat kasb-hunar oʻquv kurslarini bitiradigan yoshlar va ayollarga taʼlim xarajatlari uchun 1 million soʻmgacha subsidiya beriladi.

Shu oʻrinda bankimiz tomonidan aholini, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish, mikromoliyalash tizimini takomillashtirish hamda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlarga qisqacha toʻxtalib oʻtsak.

Maʼlumot uchun Davlat dasturlari va investitsiya loyihalari ijrosi boʻyicha joriy yilning oʻtgan toʻqqiz oyida barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan aholi va tadbirkorlik subyektlariga jami 3 trln. 572 mlrd. soʻm kredit ajratildi.

Shundan:

– 659,2 mlrd. soʻmi 16 910 nafar yoshning tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishga yoʻnaltirildi.

– 563,2 mlrd. soʻmi esa 18 556 nafar ayol tadbirkorlar uchun ajratildi.

Shuningdek, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlariga asosan 2020-yilda 1 138 mlrd. soʻm imtiyozli kreditlar ajratildi va 44 448 ta ish oʻrni yaratildi. Shundan, birgina “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturi doirasida ajratilgan 879 mlrd. soʻmlik imtiyozli kreditlardan 569 mlrd. soʻmi 28 122 nafar yoshlar va xotin-qizlar bandligini taʼminlashga yoʻnaltirildi.

Hunarmandchilik sohasida ham 4 081 ta mijozga ajratilgan 126 mlrd. soʻm imtiyozli kreditlarning 112 mlrd. soʻmi yoki qariyb 89 foizi 3 772 nafar ayol va yosh tadbirkorlarga yoʻnaltirilgan. Bundan tashqari, “Yoshlar – kelajagimiz” davlat dasturi boʻyicha 928 nafar, Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari yoʻnalishlarida 443 nafar xotin-qizlar va yoshlar bandligi taʼminlandi.

Masalan, Toshkent viloyati, Toshkent tumanidagi “Bonito Group” MCHJ rahbari Saydillo Soliyevning trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasini moliyalashtirish uchun 1,5 mlrd. soʻm kredit ajratildi. Hozir korxonada 90 nafar ish oʻrni yaratilgan boʻlsa, ularning 61 nafari yoshlardir.

Chust tumani, Tepaqoʻrgʻon MFYda faoliyat koʻrsatuvchi «Apeks Plast Invest Grup» MCHJ rahbari Yusupov Ahmadjon Habibjon oʻgʻlining tuxum fleykasi ishlab chiqarish faoliyati uchun 600 mln. soʻm kredit ajratildi. Ushbu korxonada jami 20 ta yangi ishchi oʻrini yaratildi, shundan 16 nafari yoshlarni tashkil qiladi.

Umuman olganda, bankimiz tomonidan 2020-yilning yakuniga qadar, qoʻshimcha ravishda yoshlar va xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun yana 172 mlrd. soʻmga yaqin kreditlar ajratilishi rejalashtirilgan.

Mazkur kreditlar samaradorligini oshirish uchun tayyor biznes loyihalarni amalga oshirish, oʻzini-oʻzi band qiladigan 67 ta yoʻnalish boʻyicha tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun kerakli moliyaviy maslahatlar berish tizimi bankning har bir hududiy boʻlinmalarida joriy qilinmoqda.

Bundan tashqari, aholining ehtiyojmand qatlamini moliyaviy qoʻllab quvvatlash va bandligini taʼminlash sohasida “Temir daftar”ga kiritilgan fuqarolarning 5 859 tasiga 59,9 mlrd. soʻm kredit ajratildi. Mazkur sohada ham 2 686 nafar yoshga 28,7 mlrd. soʻm va 3 040 nafar ayolga 27,2 mlrd. soʻm kredit mablagʻlari ajratildi.

Albatta, bankimiz tomonidan amalga oshirilayotgan yuqoridagi ishlar bilan cheklanib boʻlmaydi. Chunki bu boradagi hali qilinishi zarur boʻlgan ishlarimiz juda koʻp. Prezidentimiz tomonidan 2020-yil 13-oktyabrda qabul qilingan “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori esa ushbu yoʻnalishdagi ishlarimizni rivojlantirish uchun muhim huquqiy asos boʻldi.

Ushbu qaror bilan 2020-yil 15-noyabrdan boshlab tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish istagida boʻlgan yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tartibi amaliyotga joriy qilinishi belgilandi.

Ushbu oʻquv kursining yakuniy bosqichida fuqarolarga bank tomonidan tasdiqlangan oʻquv darslari va mashgʻulotlari oʻtkazish vazifasi topshirildi. Mazkur oʻquv darslarida fuqarolar bank mahsulotlaridan masofadan foydalanish, bankning mavjud xizmatlari va mahsulotlari toʻgʻrisida toʻliq maʼlumot olishadi.

Oʻquv kurslarini yakunlab maxsus sertifikatga ega boʻlgan mijozlarga esa xodimlarimizning oʻzi aloqaga chiqadi. Yaʼni mijoz bankka murojaat qilmagan taqdirda ham bank xodimi mijoz bilan bogʻlanib, unga bank xizmatlarini taklif etadi. Qaysi filial yoki Bank xizmatlari markaziga (BXM) uchrashishi mumkinligi yoki bankka tashrif buyurmagan tarzda elektron ariza taqdim etish imkoniyati mavjudligi toʻgʻrisida maʼlumot beriladi.

Kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish boʻyicha nodavlat taʼlim tashkilotlari kurslarini muvaffaqiyatli tamomlab, ularning sertifikatini olgan shaxslarga oʻz biznesini tashkil etish uchun hech bir muammoga duch kelishmaydi. Yaʼni tadbirkorlik tashabbusiga ega jismoniy shaxslar, shu jumladan yoshlar va xotin-qizlarga oʻz biznesini tashkil etish uchun 33 million soʻmgacha boʻlgan miqdordagi mikrokreditlar taʼminotsiz ajratiladi.

Shuningdek, mikrofirma va kichik korxona taʼsis etgan shaxslarga uchinchi shaxs kafilligi, sugʻurta polislari, kredit hisobiga sotib olinayotgan mol-mulklar garovi, Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasining kafilligi va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa taʼminot turlari asosida 225 million soʻmgacha mikrokreditlar ajratilishi belgilangan. Ushbu mikrokreditlar 3 yil muddatgacha 6 oygacha imtiyozli davr bilan Markaziy bankning asosiy stavkasida beriladi.

Bunda bank infratuzilmasini koʻpaytirishda, asosan, qulay va zamonaviy BXMlar orqali onlayn masofaviy xizmatlar koʻrsatish nazarda tutilgan. Bugungi kunda bankning 71 ta filiali va 100 dan ortiq Bank xizmatlari markazlari hamda minibanklari xizmat koʻrsatib kelmoqda. Bozor iqtisodiyoti sharoitida talabdan kelib chiqib, qoʻshimcha BXMlar tashkil qilib borilmoqda.

Albatta, mavjud infratuzilmalar bilan yurtimizning barcha hududlarini birdek qamrab olishning imkoni yoʻq. Shundan kelib chiqqan holda galdagi vazifamiz 2021-yil davomida respublikaning barcha tuman va shaharlarida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali mikromoliyaviy xizmatlar koʻrsatish imkoniyatini yaratuvchi bank infratuzilmalari tarmoqlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, oʻzi operatorlik vazifasini bajaruvchi mikromoliyalash milliy tizimini yaratish va unda boshqa kredit tashkilotlarining manfaatdorlik asosida ishtirok etishini taʼminlanadi. Bankning quyi boʻgʻin xodimlarini toʻliq qayta tayyorlash va mijozga yoʻnaltirilgan xizmat koʻrsatish tizimini joriy qilinadi. Bunda sohada muvaffaqiyatga erishgan va xalqaro tan olingan xorijiy moliya institutlarida xodimlarning malaka oshirishi va tajriba almashishini tashkillashtiriladi.

Bank boshqaruvi tarkibiga ijtimoiy yoʻnaltirilgan mikrokreditlash sohasida yetarli tajribaga ega boʻlgan xorijiy malakali mutaxassislarning jalb qilinadi.

Yuqoridagi tadbirlar natijasida fuqarolarga oʻz bizneslarni yoʻlga qoʻyishning barcha bosqichlarini qamrab olgan holda bank xizmati koʻrsatish rejalashtirilgan. Buning natijasida kichik biznes subyektlarining uzoq muddat yashovchanligi taʼminlanadi, milliy iqtisodiyotimiz ravnaqida kichik biznesning ulushi oshib boradi, aholining keng qatlamini tadbirkorlikka jalb qilish orqali ularning yuqori daromadga ega boʻlishi taʼminlanadi.

Ushbu qaror talabiga koʻra, 2021-yil 1-yanvarga qadar «Mikrokreditbank»ning aholini, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb qilish boʻyicha yangi biznes modeli ishlab chiqiladi. Bu boʻyicha ham ishlar boshlab yuborilgan.

Qisqasini aytganda, «Mikrokreditbank» jamoasi tadbirkorlarning, xususan, ishbilarmon yoshlar va xotin-qizlarning orzu-umidlarini roʻyobga chiqarish yoʻlida bor imkoniyatlarni ishga soladi. Muhimi, buning natijasida ishsizlik kamayib, roʻzgʻorlarga baraka kiradi, odamlarning ishbilarmonlik qobiliyati yuzaga chiqadi. Prezidentimizning yuqoridagi qarorlari esa bu boradagi ishlarimizni yana-da rivojlantirishga muhim dasturiamal boʻlib xizmat qiladi.

Orif BUTAYEV,
«Mikrokreditbank» ATB
Boshqaruvi raisi.

Reklama huquqi asosida

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?