Yongʻoq — inson xotirasini charxlaydi. U salomatlik garovi hamdir

11:23 18 Sentyabr 2020 Iqtisodiyot
923 0

Inson organizmi uchun kerakli vitaminlarga boy yongʻoq magʻzi, ayniqsa, inson miya faoliyati, xotira tizimini mustahkamlaydi. Mutaxassislar har bir odamga kuniga hech boʻlmaganda bir yoki ikki dona yongʻoq isteʼmol qilishni tavsiya qiladi. Ushbu tavsiyalarga amal qilgan yangi avlodning kelajagi porloq. Bilim bor, istiqbol bor, mamlakatni taraqqiyoti uchun zehni oʻtkir, botiniy olami butun yoshlar tayyor... Bu-ularni har qanday innovatsion yangiliklarni yaratishga qodir deganidir. Idrokli, takrorlanmas qobiliyat va ongu tafakkuri yuksak kadrlar bilan mamlakatning oʻzi koʻzlagan marralarga erishishi oson kechadi.

Demak, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻz faoliyatining dastlabki kunlaridanoq zaminimizda serhosil yongʻoqzorlarni koʻpaytirishga qaratilgan loyihalarni tatbiq etish tashabbusini ilgari surdi. Maqsadlar yuksak—sohani rivojlantirish orqali iqtisodiy koʻrsatkichlarni bir pogʻona koʻtarish, shuning barobarida isteʼmolni koʻpaytirib, boʻlgʻusida intellektual salohiyati yuqori avlodni tarbiyalash. Endilikda yongʻoqdan qisqa yil ichida moʻl hosil olish maqsadida turli intensiv texnologiyalar joriy etilmoqda. Gʻoyaning mazmun-mohiyati chuqur. Yillar oʻtgan sari biz buni teran idrok etib boraveramiz.

Mulohazalar: tabobat ilmining sultoni Abu Ali Ibn Sino oʻzining “Tib qonunlari” asarida koʻplab dorivor foydali oʻsimliklar qatori yongʻoqning xususiyatlari haqida yozadi. Unga koʻra, yongʻoq daraxti mevasi, bargi, poʻstlogʻi, magʻzidan tayyorlangan sharbat har xil kasalliklarni davolaydi va oldini oladi. Shu xususiyati bilan yongʻoq magʻzi mol goʻshtidan 7 barobar ustun turadi. Yongʻoq magʻzida temir, fosfor, mis, serotin moddalari, 58–77 foiz yogʻ, 12–25 foiz oqsil va 5–25 foiz uglevodlar mavjud.

Xitoy, AQSH, Ispaniya, Italiya, Avstriya, Turkiya, Ukraina, Moldova kabi davlatlari yongʻoq yetishtirish va uni qayta ishlash va eksport qilish boʻyicha yetakchi oʻrinlarni egallaydi. Oʻzbekiston ham ular safiga qoʻshilmoqda. Prezidentimiz koʻrsatmalari va yaratib bergan sharoitlari natijasida Akademik Mahmud Mirzayev nomli bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan yongʻoqning oʻnlab qimmatli navlari yaratildi.

Asosiy urgʻu berilayotgan grek yongʻogʻi. Issiqsevar daraxt va uni yaxshi yetishtirish uchun harorati +10° dan yuqori boʻlgan 150 kun talab qilinadi, namlikka talabchan. Hozirda respublikamizning bir qator tumanlarining togʻ bagʻrilarida, yassi kengliklariga barq urib rivojlanayotgan daraxtzorlarni koʻplab uchratasiz. Boʻyi 25-30 m.gacha yetadigan daraxt dastlab in-vitro laboratoriyalarida uta nozik shaklda undiriladi.

Masalan, uning “Chandler” navi toʻrtinchi yildan boshlab hosilga kiradi. U gektaridan 6-7 tonnagacha meva boradi. Yongʻoq – yorugʻsevar oʻsimlik boʻlib, u yolgʻiz oʻzi yoki siyrak oʻsganda yaxshi rivojlanadi.

Bu yilning 9-aprelida yurtimizda yoqqan qor yongʻoqzorlarga ancha zarar yetkazgan, sovuq urgan boʻlsa-da, rizqqa yarasha berib, yongʻoqdan shaxsiy tomorqalarda ham tuzukkina daromad olinmoqda. Hovlilarda yangi daraxtzorlar koʻpaymoqda. Bu quvonarli hol. Yongʻoq magʻzi inson organizmi uchun koni foyda ekanligini unutmaslik kerak. Yongʻoqni muntazam isteʼmol qilgan odamning ongu tafakkuri tiniq, dunyoqarash va fikrlashi keng boʻladi. Borliqqa teran nigoh bilan boqish qobiliyati ortib boradi.

Demak, yongʻoq nafaqat iqtisodiy samara beradi, balki insonni hayotda oʻz oʻrnini topishida ham unga aqliy yoʻldosh boʻladi. Eng muhimi kishi salomatligiga ijobiy taʼsir koʻrsatgan yongʻoq uni uzoq umr koʻrishida shaxsiy shifokor vazifasini ham oʻtaydi.

Masalan: Qandli diabetda yaxshi taʼsir koʻrsatadi, stressdan chiqishga yordam beradi. Yongʻoq suvi yurak sogʻlomligini saqlaydi, jigarni sogʻlomlashtiradi, ozishga yordam beradi, terini sogʻlomlashtiradi va harakatchanlikni yaxshilaydi. Xotirani kuchaytiradi, miya funksiyalarini yaxshilaydi va hazm sistemasini yaxshilaydi. Uyqusizlik muammosini hal etadi va boshqalar... Yongʻoq ming dardga davo ekan.

Navroʻz Rizayev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Fuqarolarning sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?