Yaqin insonim bergan guvohligim sabab qamaldi. Bu ishim bilan gunohkor hisoblanamanmi?

09:37 23 Oktyabr 2020 Jamiyat
233 0

Bir qarindoshimizning qilgan jinoyatiga guvohlik bergandim. Qarindoshimiz qamaldi. Endi uning oilasi meni ayblayapti, qamalishiga sababchi boʻlding, yomonlik qilib, gunoh ish qilding, deyapti. Men yolgʻon guvohlik berganim yoʻq. Qilgan ishim gunohmidi? Ushbu savolga Musulmonlar idorasi javob berdi.

"Guvohlik juda ham nozik va masʼuliyatli ishdir. Chunki guvohlik berish yoʻli bilan dalil-hujjat yetishmay turgan ishlar hal boʻladi. Bir ogʻiz guvohlik soʻzi bilan birovga nisbatan oʻlim hukmi chiqishi yoki bekor qilinishi mumkin. Birov qamalib ketishi yoki qutulib qolishi mumkin. Islomda guvohlik adolat ila boʻlishiga katta eʼtibor beriladi. Lekin yolgʻon guvohlik berish, gunoh hisoblanadi.

Alloh taolo “Niso” surasida marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar! Adolat ila turing hamda agar oʻzingiz, ota-ona va qarindoshlar ziddiga boʻlsa ham, Alloh uchun guvohlik beruvchi boʻling. Agar u boy boʻlsa ham, kambagʻal boʻlsa ham, Alloh unga yaqinroqdir. Havoyi nafsga ergashib, adolatsizlik qilmang. Agar tilingizni bursangiz yoki yuz oʻgirib ketsangiz, albatta, Alloh nima qilayotganingizdan oʻta xabardordir”.

Demak, guvohlik Alloh uchun boʻlishi kerak. Boshqa narsa uchun emas. Ana shundagina adolatli guvohlik boʻladi. Albatta, insonning oʻziga qarshi guvohlik berishi, ota-onasi yoki qarindosh urugʻiga qarshi guvohlik berishi oson emas. Bu ish gapirishga oson, xolos. Lekin ilohiy taʼlimot shuni iroda qiladi. Ana shundagina haqiqiy adolat yuzaga chiqishi mumkin.

Shuningdek, bu boy ekan, keyin menga nisbatan har narsa qilish uning qoʻlidan keladi, deb qoʻrqib, yoki boy ekan, bunga balo ham urmaydi, deb notoʻgʻri guvohlik bermang. Toʻgʻri guvohlik bering.

Islomda guvohlikni berkitish yoki uni ado etishdan qochish ham katta gunoh hisoblanadi", deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?