Yangi jurnal: uning ilk soni nashrdan chiqdi

18:30 17 Sentyabr 2019 Jamiyat
177 0

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan “Markaziy Osiyoda jamiyat, gender va oila” nomli xalqaro jurnalning ilk soni nashr etildi.

Jurnalning asosiy vazifasi – fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlar natijalarini tahliliy maqolalar, bibliografik va ilmiy sharhlar hamda xabarlar, taqrizlar, hujjatlar, tarixiy maʼlumotnomalar va gender masalalari va oila instituti sohasidagi boshqa ilmiy materiallar koʻrinishida chop etishdan iborat.

Ushbu ilmiy nashrning bosh muharriri — “Oila” markazi direktori, tibbiyot fanlari nomzodi, senator D.G.Tashmuhamedova.

Maʼlumotlarga koʻra, jurnal bosma va elektron (http://sgfjournal.uz) shaklda rus va ingliz tilida 2019-yilda bir yilda ikki marta, 2020-yildan esa, har chorakda nashr etiladi.

Mazkur ilmiy nashr xalqaro maʼlumotlar bazalariga (SCOPUS, Web of Sciences, EBSCO, Rossiya ilmiy iqtiboslash indeksi) kiritish uchun zarur boʻlgan ISSN seriya raqami xalqaro standarti va DOI obyektning raqamli identifikatoriga ega. Undagi barcha adabiyotlar kirill va lotin alifbosida keltirilgan boʻlishi bilan bir qatorda, maqolalar ingliz tilidagi annotatsiyaga ham ega.

Jurnalning tahririyat kengashi va tahririyat hayʼati aʼzolari mamlakatimizning yetuk siyosatchilari, parlamentariylari, xalqaro miqyosda tanilgan olimlar hamda Germaniya, Buyuk Britaniya, Qozogʻiston, Kanada, Qirgʻiziston, Rossiya, AQSH, Tojikiston, Fransiya, Yaponiya mamlakatlarining koʻzga koʻringan tadqiqotchi-olimlari, fan arboblaridan iborat.

Mazkur nashrni mazmunan takomillashtirish boʻyicha tavsiyalarni tayyorlash, soha ekspertlari doiralari, yetuk mutaxassislari, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan tizimli hamkorlikni faollashtirish, shuningdek, Oʻzbekistonda oila instituni mustahkamlashga qaratilgan davlat siyosatiga xalqaro jamoatchilik eʼtiborini qaratish lozimligi jurnal taqdimotiga bagʻishlangan anjumanda qayd etildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?