Yangi kitob: “Isteʼdodli insonlar mamlakatning bebaho boyligidir”

17:26 21 Avgust 2019 Madaniyat
264 0

Kitoblar bor, oʻqishni boshlab besh olti... oʻn... nari borsa yigirma betdan nari oʻtolmaysiz. Kitoblar bor, ming bir azobda oʻqib tugatasizu, ketgan vaqtingizga achinasiz. Kitoblar bor, oʻqib chiqib, dilingiz yayraydi, maʼnaviy oziq olasiz. Kitoblar bor, bir oʻqishda bosh koʻtarmasdan tugatasiz, qayta-qayta oʻqiysiz, u bir umr ish stolingiz, yostigʻingiz ostida turuvchi gavharga aylanadi.

Ushbu iqtisod fanlar doktori, professor Murtazo Rahmatov, biologiya fanlari doktori, professor, jahon fiziologlar jamiyati akademiyasi(Stokgolm) akademigi Bakridin Zaripov muallifligidagi moʻjazgina qoʻllanma ana shunday durdona kitoblar sarasiga kirishiga umid qilamiz. Negaki, endigina mustaqillikka erishgan qoloq bir davlatni qisqa muddat ichida dunyoning rivojlangan davlatlaridan biriga aylantira olgan Li Kuan Yuning “Singapur moʻjizasi” sirlarini bilish har bir kishi uchun qiziqarli va foydali boʻlishi shubhasiz.

Koʻngilda Vatan tuygʻusi joʻsh urgan, mamlakatini ilgʻor davlatlar qatorida koʻrishni istaydigan har bir millatparvar va fidoyi kitobxon “Singapur moʻjizasi”dan oʻz yurti ravnaqi yoʻlida foydalanishni diliga tuyushi tabiiy.

Koʻpchilik mutaxassislar azmu shijoatda, gʻayratu jasoratda, aqlu zakovatda Li Kuan Yu, Den Syaopinga qiyos etilayotgan Prezident Shavkat Mirziyoyevning keyingi uch yilda amalga oshirgan tub islohotlarining mohiyatini tushunib yetish, ularning istiqboliga ishonch koʻzi bilan qarash hamda qoʻllab-quvvatlash uchun mazkur risola har bir rahbar, har bir tadbirkor, har bir yurtdoshimizning kundalik qoʻllanmasiga aylansa ne ajab.

Ilmu fanga eʼtibor, jamiyatda muallimlarning maqomini koʻtarish, korrupsiyaga qarshi beayov kurashish, tadbirkor va investorlar manfaatlarini himoya qilish, mamlakatning turizm salohiyatini koʻtarish, qoʻshni davlatlar bilan doʻstona aloqalarni mustahkamlash va boshqa koʻplab ustuvor vazifalarni amalga oshirishda Singapur tajribasi Oʻzbekiston uchun muhim ahamiyatga ega boʻlishini inobatga olganda risolaning qadr-qimmati yanada yaqqolroq namoyon boʻladi.

Kitobcha katta-kichik barcha rahbarlar, ishbilarmonlar, olimlar, izlanuvchilar, xullas, Vatanimiz taqdiriga befarq boʻlmagan keng kitobxonlar uchun moʻljallangan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?