Yangi yil: Tarix haqiqati va bagʻrikenglik mohiyati

13:41 30 Dekabr 2019 Jamiyat
307 0

Tarixga nazar tashlaydigan boʻlsak, u yoki bu maʼnoda bayramlar butun bir xalq va davlatlar tarixi hamda qadriyatlarni oʻzida mujassam etishiga guvoh boʻlamiz. 

Bayramlarni nishonlashda ularning mazmun va mohiyatidan kelib chiqib uch toifa, yaʼni diniy-eʼtiqodiy, siyosiy hamda ijtimoiy yoki umumxalq bayramlarga ajratish mumkin.

Diniy-eʼtiqodiy bayramlar toifasiga turli xalqlarning oʻziga xos dinlari asosidagi eʼtiqodiy ahamiyatga ega bayramlarni kiritish mumkin. Buni aholisining asosiy qismini musulmonlar tashkil etadigan davlatlarida nishonlanadigan ikki Iyd bayramini, xristian diniga eʼtiqod qiluvchi aholi va mamlakatlarda shodiyona qilinadigan “Pasxa” va “Rojdestvo” bayramlarini, shuningdek, buddaviylar tomonidan Sidxarta Gautamaning nurlangan kunining katta bayram sifatida nishonlanishida koʻrish mumkin.

Turli mamlakatlarda nishonlanadigan Siyosiy bayramlar esa, maʼlum bir xalq yoki davlatning azaliy orzusi ushalgan kunni bayram sifatida faqatgina oʻsha yurt va xalq tomonidan tantana qilinishiga aytiladi. Masalan, mamlakatning mustaqillikka erishgan kuni, davlat Konstitutsiyasi qabul qilingan sana yoxud bir davlatning tashkil topgan kuniga bagʻishlab oʻtkaziladigan bayramlarni sanash mumkin.

Ijtimoiy yoki umumxalq bayramlari turiga dunyo xalqlarining tarixiy rivojlanish bosqichlari davrida urf-odat va anʼana hamda tabiiy sharoitdani kelib chiqqan holda yuzaga kelgan bayramlarni kiritish mumkin.

Jamiyatshunos olimlarning tadqiqotiga koʻra, bu turdagi bayramlar aksariyat hollarda mavsumiy koʻrinish va ahamiyatga egadir. Yaʼni, ushbu toifadagi bayram sanalari asosan yilning toʻrt fasliga taalluqli boʻlib, bahor, yoz, kuz va qish fasllarida nishonlanadi.

Yangi yil sanasi ham aynan mana shunday tavsifga ega boʻlgani bois aksariyat dunyo xalqlari tomonidan ijtimoiy bayram sifatida shodiyona qilib kelinmoqda. Milodiy yangi yilning kirib kelish sanasi bugungi kunda dunyoning 150 dan ortiq mamlakatda umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanishi ham yuqoridagi fikrimizni isbotlaydi. Shu bois koʻpgina davlatlarda aynan yangi yil arafasida rasmiy ravishda aholiga qishki taʼtil va dam olish kunlari taqdim etiladi.

Hozirgi kunda dunyoning koʻpgina davlatlari qatorda 30 dan ortiq asosiy aholisi musulmon boʻlgan mamlakat va 300 millionlik musulmon aholi yashayotgan Hindistonda ham yangi yil bayrami keng nishonlanadi. Birlashgan Arab Amirliklari hukumati esa aynan yangi yil arafasida 20-dekabrdan 20-yanvargacha Yangi yil bayramini mahalliy aholi va sayohatchilar eʼtiborini tortadigan ravishda jozibakor hamda keng tarzda nishonlashni anʼanaga aylantirgan.

Demak, bugungi kunda milodiy Yangi yilning kirib kelish sanasi musulmon mamlakatlarda ham bayram sifatida nishonlanishi, uning diniy va sharʼiy hukm hamda eʼtiqodiy ahamiyatga ega boʻlmay, har bir davlat oʻz dunyoviy manfaatlari asosida nishonlaydigan ijtimoiy bayram ekanini koʻrsatadi.

Mustaqillik yillarida Yangi yil bayrami bagʻrikeng va koʻp millatli xalqimiz tomonidan nishonlashda oʻziga xos ijobiy oʻzgarish va yangiliklar boʻldi. Yangi yil oʻtgan yilning sarhisobini qilib, yangi yilda yangidan-yangi marra va maqsadlarga erishish yoʻllarini belgilaydigan va buning uchun shukrona bildirilib, bir-birini qutlaydigan samimiyatga yoʻgʻrilgan bayramga aylandi.

Bugun globallashib borayotgan dunyoda yangi yil shukuhi ham oʻzgacha tus olib bormoqda. Hozirda diniy bagʻrikenglik tamoyilini ilgari surayotgan koʻplab musulmon mamlakatlarida yangi yilni nishonlash masalasiga ham kengroq yondashish talab etilmoqda. Chunki musulmon xalqlari koʻpchilikni tashkil qiladigan davlatlar xalqaro miqyosda oʻziga boʻlgan ishonchni oshirish va aholi turmush darajasini yuksaltirish va oʻz iqtisodiyotini kuchaytirish masalasida boshqa hamkor davlatlar bilan integratsiya jarayoniga erkin kirishishi muhim ahamiyatga egadir.

Bu fikrga oʻz hayotimdagi bir voqea misolda yaqqol ishonch hosil qilganman. 2007-yili Germaniyaning Frayburg shahrida tahsil olish davomida ijarada yashagan xonadonimizning bekasi Xelena Kohmass xonim 31-dekabr kuni meni va Misrdagi al-Azhar universiteti professori Ahmad Rifaiyni oʻz oila aʼzolari bilan yaqindan tanishtirish uchun Yangi yil dasturxoniga taklif qildi. Nemis ayoli bizning musulmon ekanimizni hurmat qilib, biz uchun turk musulmon restoraniga buyurtma berdi va alohida dasturxon tayyorladi. Shunda biz ham oʻz navbatida nemis oilasi urf-odatlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻldik.

Shundan kelib chiqib Oʻzbekiston yoshlariga shuni aytmoqchimanki, hozirgi globallashuv sharoitida diniylik va dunyoviylik oʻrtasiga qatʼiy toʻsiq qoʻyish oʻzaro doʻstona munosabatlarga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Agar oʻz eʼtiqodingiz mohiyatini tushuntira olsangiz barchada sizga nisbatan hurmat va bagʻrikenglik munosabati shakllanishi shubhasiz. Sizning ham ularga nisbatan hurmat bilan munosabatda boʻlishingiz esa oʻrtangizdagi doʻstlikni mustahkamlab, samimiy munosabatlarni rivojlantiradi.

Shunday ekan, hozirgi murakkab mafkuralar kurashi kechayotgan bir zamonda musulmonlar oldida turgan global muammolar qolib, sharʼiy hukm orqali eʼtiroz bildirilmagan Yangi yil kabi bayramlarni nishonlash yoki bayram qilmaslik borasida ortiqcha fikrlar bildirish maqsadga muvofiq emas, nazarimda. Oʻylaymanki, shu yoʻl bilan biz yoshlarimizni mutassiblik kayfiyati va har bir masalaga koʻz koʻrona yondashish tuygʻusidan xalos etgan boʻlamiz.

Ilxomjon BEKMIRZAYEV

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi

Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini oʻrganish ISESCO kafedrasi dotsenti, tarix fanlari doktori

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?