Yangi institutning vazifalari nimalardan iborat?

23:04 16 Mart 2019 Jamiyat
357 0

Illyustrativ foto

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan “Oʻzstandart” agentligi huzurida Standartlashtirish, sertifikatlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi. Bu haqda Adliya vazirligining “Telegramm” ijtimoiy tarmogʻidagi “Huquqiy axborot” kanalida xabar qilinadi.

Qaror bilan, shuningdek, quyidagilar tasdiqlandi:

  • Ilmiy-tadqiqot institutining ustavi hamda tuzilmasi;
  • Respublikada xalqaro, davlatlararo, mintaqaviy standartlarni va xorijiy mamlakatlarning standartlarini qabul qilish va qoʻllash tartibi toʻgʻrisida Nizom;
  • Standartlashtirish boʻyicha texnik qoʻmitalarning faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida Nizom.

Institut standartlashtirish, texnik jihatdan tartibga solish, metrologiya va muvofiqlikni baholash, kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash sohasida davlat ilmiy muassasasi hisoblanadi.

Respublikada xalqaro, davlatlararo, mintaqaviy standartlarni va xorijiy mamlakatlarning standartlarini qabul qilish va qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq, xalqaro standartlar davlat standartlari shaklida, davlat tilida va standartning asli yozilgan tillardan birida qabul qilinadi.

Oʻzbekistonning davlat standarti quyidagi hollarda xalqaro standartlar bilan aynan oʻxshash hisoblanadi:

  • davlat standarti texnik tarkibi, tuzilishi va mazmuni jihatidan aynan oʻxshash boʻlsa;
  • davlat standarti texnik tarkibi jihatidan aynan oʻxshash, biroq unga tahririy oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.

Oʻzbekistonning davlat standarti quyidagi shartlarda xalqaro standartga nisbatan noekvivalent hisoblanadi:

  • identifikatsiyalanmagan va ularni kiritish sabablari tushuntirilmagan texnik ogʻishlarni oʻz ichiga olgan;
  • identifikatsiyalanmagan va tushuntirilmagan, tuzilmasida xalqaro standart bilan oddiy taqqoslashni taʼminlamaydigan oʻzgarishlarga ega;
  • xalqaro standart talablarining katta boʻlmagan qismini oʻz ichiga olgan. 

Standartlarni qabul qilish boʻyicha Agentlikka ariza tushganidan soʻng Agentlik besh kunda xorijiy mamlakatlarning roziligini olish uchun soʻrov yuboradi.

Qabul qilinayotgan Standart manfaatdor tomonlar tomonidan oʻn besh kundan ortiq boʻlmagan muddatda koʻrib chiqiladi va oʻz takliflarini kiritadi.

Taklif bildirilmasa, standart kelishilgan hisoblanadi.

Besh kunda Agentlik standartning muvofiqligi haqida qaror qabul qiladi.

Agentlik qabul qilingan standartlar reyestrini yuritadi.

Oʻzbekiston hududida qabul qilingan Standartlar toʻgʻrisidagi maʼlumot Agentlik va institutning rasmiy saytlarida qoʻllash haqidagi qaror qabul qilingandan soʻng 5 kundan kech boʻlmagan muddatda eʼlon qilinadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?