Yangi hisobot: raketa poygasi dunyo xavfsizligiga tahdid

16:49 16 Avgust 2019 Dunyo
221 0

Illyustrativ foto

Yangi raketa texnologiyalari qudratli davlatlar oʻrtasida yangi qurol poygasini keltirib chiqarmoqda. Ayniqsa tovush tezligidan 25 baravar yoki undan tezroq uchadigan gipertovushli raketa sistemalari alohida tashvish uygʻotyapti. Bu haqda “Amerika ovozi” teleradiosi xabar berdi.

Oʻtgan oy AQSH va Rossiya Oʻrta masofali yadro qurollarini qisqartirish shartnomasidan chiqishi global xavfsizlik tartibi yangilanish arafasida ekaniga ishora boʻldi. Vaziyat izdan chiqmaguncha yangi bitimlarga erishish zarurati taʼkidlanmoqda.

Oʻtgan yil dekabrida Rossiyada “Avangard” gipertovushli raketa sistemasi sinovdan oʻtkazildi. Moskva raketa soatiga 11 ming kilometrdan tez uchishini, mudofaa sistemalarini aylanib oʻtish salohiyatiga ega ekanini daʼvo qilmoqda.

Bunday raketalar oddiy va yadroviy kallaklar tashiydi. Rossiya “Avangard” sistemasi hozir konveyerga qoʻyilganini maʼlum qilgan.

AQSH, Xitoy va Avstraliya ham oʻz tizimlarini yaratishmoqda, deydi shu mavzuda izlanib, hisobot tayyorlagan Yevropa yetakchilik tarmogʻi tahlil guruhidan Katarzina Kubiak.

“Yangi raketalar eskilaridan tezligi va manyovrligi bilan ustun turadi, amaldagi va ishlanayotgan mudofaa tizimlarini yorib oʻtish salohiyatiga ega. Sunʼiy yoʻldoshlarga qarshi raketa texnologiyalari ustida ham izlanishlar olib borilmoqda”, - deydi Kubiak.

Ham oddiy, ham yadroviy kallaklarni tashiy olish salohiyatiga ega ikki maqsadli raketalar yanglishlik va xato hisoblarga, fojiali oqibatlarga sabab boʻlishi mumkin.

“Mojaro paytida harbiylar katta bosim ostida ish qiladi. Dushman qanday turdagi raketa otgani mavhum boʻlsa, eng yomon ssenariyga koʻra javob beriladi, vaziyat yanglish baholanishi mumkin, bu esa mojaroning istalmagan darajaga aylanishiga olib keladi”, - deydi tahliliy izlanish muallifi.

Oy boshida Rossiyaning Arktikadagi yangi raketa sinovi paytida portlash yuz berib, besh ilmiy xodim halok boʻlgan, nurlanish darajasi oshgani aytiladi. Baʼzilar yadroviy reaktorli qanotli raketa sinalgan, deydi.

Kubiakning aytishicha, raketa texnologiyalari poygasi xalqaro xavfsizlik poydevorlariga zarba bermoqda.

“Xavfsizlikka doir usiz ham murakkab vaziyat yanada murakkablashadi. Raketalarning yangi turlari davlatlararo raqobatni yanada kuchaytiradi. Mintaqaviy va global xavfsizlikni taʼminlash yanada qimmatga tushadi, harbiy toʻqnashuv ehtimoli oshadi”, - deydi tahlilchi.

Hisobotda aytilishicha, raketa poygasi xalqaro hamjamiyat siyosiy kun tartibida ustuvor masala boʻlishi kerak, qurollarni tarqatmaslik haqidagi amaldagi hujjatlarni kuchaytirib, yangi raketa texnologiyalarini tartibga soluvchi shaffof qoida va bitimlarni muzokara orqali qabul qilish zarur.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?