Yangi avtomobillarni sotib olishda Respublika yoʻl jamgʻarmasi uchun yigʻimning yangi tartibi qanday?

11:33 02 Oktyabr 2019 Jamiyat
960 0

1-oktyabrdan eʼtiboran Respublika yoʻl jamgʻarmasiga yigʻim toʻlashning yangi tartibi kuchga kiradi, unga koʻra yigʻim avtotransport vositalari ishlab chiqaruvchilari tomonidan toʻlanadi. Bu haqda UzAuto xabar berdi.

Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi avtomobil sanoatini jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, isteʼmolchilar uchun mahalliy ishlab chiqarilgan avtotransport vositalarini sotib olish sharoitlarini yaxshilash maqsadida qabul qilingan.

Yangi tartibga koʻra:

- 2019-yilning 1-oktyabrigacha tuzilgan yangi transport vositalarini oldi-sotdi (yetkazib berish) shartnomalari boʻyicha xarid qilingan yangi transport vositalari uchun toʻlov tartibi avvalgidek saqlanib qoladi – yigʻim YXXBB organlarida amalga oshiriladi.

- 2019-yilning 1-oktyabridan eʼtiboran tuzilgan shartnomalar boʻyicha xarid qilingan avtomobillar uchun Respublika yoʻl jamgʻarmasiga amalga oshiriladigan toʻlov avtomobil narxiga qoʻshiladi va toʻgʻridan-toʻgʻri mahalliy transport vositalari ishlab chiqaruvchilari tomonidan toʻlanadi.

Toʻlovning yangi tartibi faqat yangi mahalliy transport vositalariga (“UzAuto Motors” AJ, “SamAvto” QK MCHJ, “JV MAN Auto-Uzbekistan” QK MCHJ, “UzAuto Trailer” MCHJ) tegishli.

Ikkilamchi bozorda sotib olingan va import bilan olib kirilgan transport vositalarini roʻyxatdan oʻtkazish uchun toʻlovni toʻlash tartibi oʻzgarmadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?