Yana eshak va eshak goʻshti mojarosi

14:46 13 Fevral 2019 Dunyo
1942 0

Foto: zimbio.com

Bugun eshak va eshak goʻshti muammosi dunyoning boshqa bir burchagida - Keniyada dolzarb tus olgan.

Hammasiga mamlakatda eshak goʻshti isteʼmoli va eksportiga rasman ruxsat berilishi sabab boʻlgan. Bu haqda BBC xabar berdi.

Keniya misolida ham asosiy xaridor sifatida Xitoy oʻrtaga chiqqan.

Eshak goʻshti va terisiga boʻlgan buncha talabni koʻrib, mahalliy qassoblar kuniga mingtacha eshak soʻyishga oʻtishgan. Buning ortidan, bozorda eshaklarning narxi osmonga sapchigan, eshak oʻgʻrilari soni keskin koʻpaygan. Keniya qishloqlarida hali-hanuz koʻpchilik eshaklar mehnatidan foydalanadi. Eshaklarda suv, oʻtin, koʻmir keltiradi, qum tashib, sotib, tirikchiligini oʻtkazadi.

Ularning aytishlaricha, mavjud vaziyatni koʻrib, uyqularini yoʻqotishgan, eshaklarini oʻgʻrilardan himoya qilish tashvishiga tushib qolishgan.

Maʼlum boʻlishicha, hammadan ham ekspertlar xavotirda. Ularga koʻra, eshaklarni soʻyish jarayoni jadallik bilan tartibga solinmasa, bor-yoʻgʻi 10 yilning oʻzida Keniyada birorta ham eshak qolmasligi mumkin.

Eshak oʻgʻrilari, eshak goʻshti va eshak terisi mavzusi yaqinda Markaziy Osiyo davlatlarida ham boʻy koʻrsatgandi.

Mahalliy aholi orasida va ommaviy-axborot vositalarida qizgʻin bahsu munozaralarga ham sabab boʻlgan.

Oʻtgan yil boshida “Oʻzbekiston 24“ telekanali eshak goʻshtini mol goʻshti deya jamoat oshxonalariga tarqatgan uch shaxs qoʻlga olingani haqidagi koʻrsatuvni namoyish etgan.

2017 yil noyabrida esa Toshkentdagi kolbasa sexiga Xorazmdan 69 kilogramm eshak goʻshtini olib kelgan ikki shaxs va bu goʻshtni mol goʻshti deb rasmiylashtirgan sex xodimlari ustidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgani xabar qilingandi.

Qirgʻizistonda esa oʻtgan besh yil ichida eshaklar soni ikki barobar kamayib ketgan. Hukumat bergan maʼlumotlarga koʻra, 2012 yilda mamlakatda 77 ming bosh eshak boʻlgan.

2017 yilga kelib esa ularning soni 33 mingtaga tushib qolgan. Ekologlarning ogohlantirishlaricha, yana bir necha yildan keyin Qirgʻizistonda ham eshaklar umuman yoʻqolib ketishi mumkin.

Xabarga koʻra, xitoyliklar eshak terisini eszyao jelatini tayyorlashga ishlatadi.

Anʼanaviy xitoy tibbiyotida bu jelatin bilan kamqonlik va saraton xastaliklari davolangan, hozirda esa u kosmetika, oziq-ovqat sanoati va qandolat mahsulotlariga qoʻshiladi.

Xitoyda uni “hayot“ yoki “yoshlik eliksiri“ sifatida reklama qiladilar.

Xitoy tabiblarining iddao qilishicha, bu eliksir qon aylanishini yaxshilaydi, bola tushib qolishi oldini oladi va teri qarishini sekinlashtiradi.

Alibaba internet-doʻkonida eszyao asosida tayyorlangan mahsulotlar narxi $2000 ga qadar yetishi mumkin.

Xitoyning Sogʻliqni saqlash boʻyicha davlat qoʻmitasi eszyaoning foydali xususiyatlari boʻrttirib yuborilgani haqida ogohlantirishiga qaramay, eshak terisini qayta ishlash sohasi faqat gullab-yashnamoqda.

Xitoyning oʻzida yiliga 4 million eshak eszyao tayyorlash uchun soʻyiladi.

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, mamlakatdagi eshaklar soni 1990 yildagi 11 milliondan 2017 yilda 3 millionga tushib qolgan.

Uzoq yillar davomida eshaklar Xitoyga Afrikadan olib kelingan.

Ammo bu qitʼadagi kamida yetti davlat jonivorlarning xorijga sotilishini taqiqlab qoʻygan.

Oʻshandan soʻng xitoylik tadbirkorlar eʼtiborini Markaziy Osiyoga qarata boshlagan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?