Vodiy viloyatlarida smart karta shaklidagi kadastr pasporti berilishi boshlandi

14:19 20 May 2020 Iqtisodiyot
295 0

Bugungi kunda har qanday sohada texnologiya oʻz soʻzini aytmoqda. Endi kadastr sohasi ham bundan mustasno emas. Sohada zamonaviy innovatsion yechimlar isteʼmolga joriy etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-dekabr kuni “Koʻchmas mulk obyekti kadastr pasportining yangi namunasini bosqichma-bosqich joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 987-sonli qarori qabul qilingan. Ushbu hujjatga koʻra, 2020-yil 1-martdan boshlab Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlari, shuningdek, Toshkent shahrida joylashgan koʻchmas mulk obyektiga boʻlgan mulk huquqi ariza beruvchiga davlat xizmatlari markazlari orqali Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining plastik shaklda tayyorlanadigan yangi namunadagi kadastr pasporti berilishi nazarda tutilgan.

Maxsus NFS texnologiyali mikrochipga ega aqlli karta shaklidagi kadastr pasporti elektron koʻrinishga ega boʻlib, koʻchmas mulk toʻgʻrisidagi barcha maʼlumotlarga ega.

— Yangi namunadagi kadastr hujjatlari — koʻchmas mulk xaridi vaqtida ishonch komil boʻlishi uchun eng xavfsiz va zamonaviy yechim, — deydi DXA Fargʻona viloyat boshqarmasi boʻlim boshligʻi Sodirjon Ibragimov. – Uning afzalligi shundaki, avvalo, barcha kadastr maʼlumotlari bir joyda yagona maʼlumotlar bazasida saqlanadi. Smart karta ichidagi maʼlumotlar onlayn ravishda bazaga ulangan holda koʻriladi. Uy-joy bilan bogʻliq barcha kadastr ishlari doimiy ravishda elektron qayd etib boriladi hamda elektron kadastr tarixi vujudga keladi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari xavfsizligi yuqori saviyada tashkil qilingan boʻlib notarial idoralarda uy-joyni rasmiylashtirish vaqtida hujjatlarni koʻrib chiqish jarayoni keskin ravishda yengillashadi. Smart karta yoʻqolib qolsa yoki yaroqsiz holga kelib qolgan vaziyatlarda esa masofadan turib bloklanadi va qisqa vaqt ichida yangi kadastr pasporti taqdim etiladi. Geoportal bilan integratsiya natijasida uy-joyning geografik maydoni va chegarasi toʻgʻrisida oʻta aniq maʼlumot smart kartadan joy oladi. Maxsus mobil ilova orqali kadastr pasporti maʼlumotlarini koʻrish imkoni yaratiladi. Buning uchun smart kartani telefonga yaqinlashtirish kifoya. Eʼtiborli jihati shundaki, tez fursatlarda uy-joy bilan uzviy bogʻliq boʻlgan kommunal, soliq, ipoteka va sugʻurta xizmatlarini smart karta orqali ishlatishni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.

Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, yangi namunadagi kadastr pasportida QR-kod tizimi mavjud. Ushbu tizim orqali mulkdorlar vokalatli tashkilotlarga murojaat etmasdan turib, koʻchmas mulk toʻgʻrisidagi barcha maʼlumotlarni istalgan vaqtlarida “QR scanner” mobil ilovasi orqali olishlari mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?