Viza rejimi bekor boʻlgan mamlakatlarda tashrif buyuruvchi sayyohlar soni oʻrtacha 47 foiz oshdi

17:56 23 Avgust 2019 Siyosat
138 0

Oliy Majlis Senati Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasining majlisida “Xalqaro mehnat tashkilotining sanoat va savdoda mehnat inspeksiyasi toʻgʻrisidagi 81-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1947-yil 11-iyul) ratifikatsiya qilish haqida”gi va “Xalqaro mehnat tashkilotining qishloq xoʻjaligida mehnat inspeksiyasi toʻgʻrisidagi 129-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1969-yil 25-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari dastlabki tarzda koʻrib chiqildi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

Shuningdek, Qoʻmita majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish boʻyicha faoliyati toʻgʻrisidagi axborot eshitildi.

Taʼkidlanganidek, respublikamiz tashqi siyosat mahkamasi oʻz faoliyatida asosiy eʼtiborni Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasida hamda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalarni bajarilishiga qaratmoqda.

Qoʻmita majlisida Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisining hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralarning turizmni rivojlantirish sohasidagi islohotlar amalga oshirilishining borishi toʻgʻrisidagi axborotlari dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, bugungi kunda turizm – jahon iqtisodiyotining eng yirik sektorlaridan biri hisoblanib, aynan shu soha ulushiga dunyo yalpi ichki mahsulotining 9 foizi toʻgʻri keladi. Qolaversa, ushbu soha sayyoramizdagi har oʻn ikkinchi ish joyini taʼminlaydi. Oʻzbekistonda ham sayyohlik yoʻnalishi mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim strategik tarmogʻi sifatida belgilangan. Jumladan, soʻnggi 3 yilga yaqin davr mobaynida yurtimizga sayyohlarni jalb etish, turizm infratuzilmasini rivojlantirish, bu sohadagi tadbirkorlik faoliyatiga qulay shart-sharoitlarni taqdim etish, xizmat koʻrsatish sifatini oshirish va boshqa yoʻnalishlarni rivojlantirishga qaratilgan 60 dan ortiq meʼyoriy-huquqiy hujjat, jumladan ularning 11 tasi joriy yilning oʻtgan davrida qabul qilindi.

Sohani rivojlantirish borasidagi muhim vazifalar, avvalo, Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi zimmasiga yuklatilgan. Xususan, ushbu tuzilma tomonidan sayyohlarning viza olishi va roʻyxatdan oʻtish jarayonlarini soddalashtirish, standartlashtirish va sertifikatsiya, turizm infratuzilmasini rivojlantirish, soha salohiyati targʻibotini amalga oshirish kabi yoʻnalishlarda qator ishlar olib borilmoqda. Jumladan, agar 2018-yilda 9 ta mamlakat fuqarolari uchun viza rejimi bekor qilingan boʻlsa, 2019-yil davomida qoʻshimcha tarzda yana 47 mamlakat fuqarolari uchun vizasiz rejim tatbiq etilib, ularning umumiy soni 65 taga yetdi, qolaversa, ikki va koʻp marotabali elektron viza berish tizimi joriy etildi. Statistik maʼlumotlar ushbu choralar samaradorligini koʻrsatmoqda. Xususan, joriy yilning birinchi yarim yilligida viza rejimi bekor boʻlgan mamlakatlarda tashrif buyuruvchi sayyohlar soni oʻrtacha 47 foizga ortgan.

Turizm sohasi targʻiboti ham Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan mamlakatga xorijiy mehmonlarni keng jalb etish maqsadida eng zamonaviy texnologiyalar va marketing kanallari orqali Oʻzbekistonning bu boradagi salohiyati reklama qilinmoqda. Jumladan, AQSH, Yaponiya, Germaniya, Italiya, Xitoy va boshqa mamlakatlardan jami 30 dan ortiq televideniye ijodiy guruhlari va blogerlar tashrifi tashkillashtirildi.

Majlisda Prezidentimiz Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida Senat oldiga qoʻygan vazifalardan kelib chiqqan holda Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston va Turkmanistonga Prezidentimiz tashriflari yakunlari boʻyicha tasdiqlangan “yoʻl xarita”lari ijrosi holati toʻgʻrisidagi masala ilk bor koʻrib chiqildi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlar asosida tuzilgan “yoʻl xaritalari” va boshqa hujjatlarning ogʻishmay ijro etilishi ustidan parlament nazoratini yanada kuchaytirish lozimligi taʼkidlandi. Bu borada yoʻl qoʻyilayotgan yangi amaliyotni davom ettirish haqida fikr-mulohazalar bildirildi.

Koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?