Vazirlar Mahkamasi qaroridagi banddan pedagoglar norozimi?

13:31 27 Iyul 2020 Jamiyat
9411 0

Bugun “maqolamni chiqarib bering, pulini beraman”, “maqola yozib bering, rozi qilaman” deb turli tahririyat eshigini taqillatguvchi oʻqituvchilar haqidagi xabarlarning qulogʻimizga chalinishi odatiy holga aylanib qoldi. Ammo bu holning soʻnggi paytlarda avj olishi vaziyatga jiddiy eʼtibor qaratishga undaydi.

Maʼlumki, “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 823-sonli qaroriga asosan maktablarda direktor jamgʻarmasidan ustama olish boʻyicha yangi bandlar kiritilgan. Shulardan hozirda eng koʻp muhokama qilinayotgan band bu — OAV da maqolalari kamida yilda bir marta chiqishi talab etilishi va maqola, metodik tavsiya, ijodiy ishlarning tuman, viloyat, respublika boʻyicha ommalashganiga qarab, nomzodga ball berilishidir. Aslida oʻqituvchiga maqola yozish muhimmi? Bu uning oʻz ishidan chalgʻitmaydimi? Nima uchun bu band koʻp muhokamalarga sabab boʻlmoqda? Mavzu yuzasidan pedagoglardan olingan fikrlarni eʼtiboringizga havola etamiz.

“Oʻqituvchi ilmiy maqola yoza olmaydi”

Bir oʻylab koʻring, nega bizda maktablarda tadqiqotchi oʻqituvchilar kam? Chunki koʻpchilik, avvalo, maqola, tezis, metodik tavsiya yozish qoidalarini oʻrganish uchun oʻz “dunyo”sidan chiqib vaqt ajrata olmaydi. “Metod kun” degan tushuncha ham aslida koʻpchilik amal qilmaydigan nazariya boʻlib qolgan. Asli shu kunda oʻqituvchi kasbida yuksalish uchun vaqt ajratishi kerak. Taʼlim nashrlari astoydil oʻqib yurilsa ham namunaviy maqola, metodik tavsiyalarning har xil turdagi shablonlarini oʻrganib olsa boʻladi. Bunday olib qaraganda, 12 oy uchun 3 ta maqola hech narsa emasdek koʻrinishi mumkin aslida. Ammo uni yoza bilgan odamga vaqt va imkon kerak, yoza bilmaydigan odam esa... Yuqoridagi kabi “iltimos”larga suyanishga majbur.

Nosirjon ROZIQOV, Namangan viloyati, Chust tumani, 10-maktab direktori:

— Har bir pedagogda u qaysi fandan dars berishidan qatʼiy nazar, mehnat samaradorligiga qarab ustama haqi olish huquqi bor. Ammo koʻp muhokamaga sabab boʻlayotgan band — maqola yozish — ixtiyoriy. Pedagog portfoliosi toʻliq boʻlsa, ballari yetarli boʻlsa undan maqola talab etilmaydi. “Papka” toʻliq boʻlsayu, oʻz qiziqishlari boʻyicha baribir qoʻshimcha sifatida matbuotda chiqish qilsa, unga ustama toʻlanmaydi.

Maqola nima uchun yoziladi, effekt beradigan, avval qilinmagan yangi ish boʻlsa ommalashtirish maqsadida yoziladi. Ilmiy va ijodiy maqolaga bir xil ball berilishi ham xato. Ilmiyda izlanish, tajriba, natija, yangilik boʻladi. Qarordagi ushbu bandni olib tashlash yoki oʻzgartirish boʻyicha takliflar bir necha bor berilgan. Negaki ilmiy maqolani oʻqituvchi yoza olmaydi. Jiddiy maqola yozish uchun u ishni tashlashi, tadqiqot ustida izlanishi kerak. Bugun esa bu bandning ijrosi biroz sust, yaʼni oʻqituvchi maqola yozsa, gazetada nomi chiqsa yetarli boʻlib qoldi afsuski.

“Maqola yozish ixtiyoriy-majburiy”

Qarorda pedagogning “Ilmiy-ijodiy ishlari” alohida band qilib keltirilgan boʻlib, unda oʻqituvchi “Baholanayotgan oʻquv yilida ommaviy axborot vositalari, taʼlimga oid veb-saytlardagi chiqishlari, ilmiy-metodik jurnallardagi hamda turli konferensiyalarda maqolalar, tezislar, konsepsiyalar, istiqbolli rejalari bilan qatnashish orqali taʼlim-tarbiya jarayonini yana-da yaxshilashga oid tashabbuslar”i bilan baholanadi. Xoʻsh, maqolaga beriladigan ustama haqi arzirlimi?

Shohista MULLAYEVA, Sirdaryo viloyati, Boyovut tumani, 13-maktab oʻqituvchisi:

— Oʻzim ham “Sirdaryo haqiqati” gazetasiga materiallar berib boraman. Lekin, rostini aytsam, maqolaga beriladigan ustama haqi u qadar sezilarli emas. Koʻproq ish samaradorligiga sezilarli qoʻshiladi.

Taajuubki, soʻrovnoma jarayonida ilmiy-ijodiy maqolalar yozib yursalar-da ustama haqi olmagan oʻqituvchilar ham uchradi. Maqola saviyasiga qarab emas, balki qayerda chop etilganiga qarab baho berilishi ham biroz kulgili. Masalan, shahar nashri uchun bir yilda ikkita maqola chiqargan pedagogga 5 ball beriladi, viloyat nashrida (2 ta maqola uchun) 10 ball, respublika nashri (1ta maqola) uchun 15 ball, xalqaroda chiqqan (1ta)ga 20 ball beriladi. Ammo shunisi ham eʼtiborliki, shahar matbuotida eʼlon qilingan maqola dolzarbligi, aktualligi respublika nashrida eʼlon qilingan maqoladan koʻproq “tosh bosishi” ham mumkin-ku?

Gavhar HOTAMOVA, Navoiy viloyati, Zarafshon shahri, 1-sonli Ayrim fanlar chuqurlashtirib oʻrgatiladigan maktab internati oʻqituvchisi: 

– Ustama haqqi olgan-olmagan taqdirimizda ham maqola soʻraladi bizdan. Ilmiymi, badiiymi, publitsistik materialmi, farqi yoʻq. Yaʼni bu bandni ixtiyoriy-majburiy desak ham boʻladi. Shuning uchun koʻpchilik yozishga oson deb kichik-kichik badiiy-publitsistik maqolalar yozib chop etishni maʼqul koʻradi. Avval bittadan maqola chiqarish belgilangan edi, hozir ikkitadan maqola chiqarishimiz kerak. Bu albatta oʻzimizning salohiyatimiz, maktabimiz obroʻsi, qolaversa, sohamiz rivoji uchun ham xizmat qiladi birinchi navbatda. Lekin qogʻozda ixtiyoriymi amalda ham ixtiyoriy boʻlsa yana-da yaxshi boʻlar edi...

Pedagogning taʼlim nashrlarini bilmasligiga kim aybdor?

Oʻqituvchi maqola yozish kerak deyabmizu ammo aksariyat pedagoglar taʼlim nashrlarini kuzatib borish u yoqda tursin, u haqda toʻliq maʼlumot ham bilmaydi afsuski. Bugun oʻz sohasi boʻyicha boʻlsin, jamoaga bir dona boʻlsin obuna boʻlish haqida kimdir gap ochsa javobgarlikka tortilyapti. Ammo oʻz sohasining nashrini bilmagan pedagog qanday qilib maqola yozsin va bandning ijrosini amalga oshirsin?! Pedagog fikrlari bilan tanishish jarayonida shunday qiziq javoblarga ham duch keldikki, taʼlim nashrlariga nima uchun material bermaysiz, degan savolimizga “chunki unday nashrlarda tanishim yoʻq”, degan javobni oldik...

Eʼtibordan chetda qolayotgan yana bir ogʻriqli masala bu – obuna. Taʼlim nashrlari ichida faoli bu “Maʼrifat” gazetasidir. Gazeta adadi 9232 nusxani tashkil etadi. Respublikamizdagi maktablar soni esa 9900 dan ortiq. Yana qancha boshqa xil taʼlim muassasalari bor yurtimizda. Bundan tashqari, xalq taʼlimi tizimida 440 mingdan ziyod oʻqituvchi faoliyat yuritadi. Xoʻsh, bugun ulardan qanchasi “Maʼrifat”ga yoki boshqa xil taʼlim nashriga obuna? Qancha odam tizimdagi nashrlarni kuzatib boradi? Bugun pedagoglarning maqola yoza olmasligiga sabab gazeta oʻqimasligi ham emasmikin?

Soʻrovnoma oʻtkazish jarayonida yana ayrim maktablarda hatto maqola yozib berish “xizmati”ni reklama qilib kelgan nashrlar ham uchragani maʼlum boʻldi. Masalan, Fargʻona viloyati, Uchkoʻprik tumani 29-maktab oʻqituvchilarining xabar berishicha, karantin boshlanishidan biroz avval maktabga oʻzini “Xalq irodasi” nomli gazetasi muxbiri deb tanishtirgan bir qiz kelgani va ushbu gazeta respublika nashri boʻlgani uchun unda maqola chiqargan pedagogga 15 ball berilishini aytgan. Shuningdek, maqola yozib berish “xizmati” borligi va u har bir maqola yuz mingdan boʻlishini ham aytib oʻtgan. Ayrim sodda oʻqituvchilar esa yuz mingdan pul yigʻib, “zakaznoy” maqola yozdirganlar va chop ettirganlar... Buyurtma maqola orqali ball olish sizningcha qanchalik haqqoniy? Umuman, qarordagi bu bandning ixtiyoriy yoki majburiyligini, ijrosini, saviyasini kim va qanday nazorat qiladi?

Qarordagi boshqa bandlar haqida ham mulohazalar bildirildi, ammo biz faqat mavzuga tegishlilarini eʼtiboringizga havola etdik. Xulosa qilib aytganda, pedagoglar fikri oʻrganilgan holda qaror qayta koʻrib chiqilsa maqsadga muvofiq boʻladi.

“Xalq soʻzi” mavzuga yana qaytadi.

Yulduz Oʻrmonova,
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?